Afg‘oniston milliy elektr energiyasi shirkati (DABS) O‘zbekiston bilan elektr energiyasi importi bo‘yicha kelishuv muddatini 2025-yil oxirigacha uzaytirdi.
Kun.uz xabariga ko‘ra, bitim O‘zbekistonda DABS bosh direktori Abdulboriy Umar va “O‘zenergosotish” AJ boshqaruvi raisi Jahongir Obidjonov tomonidan imzolangan.
Ta’minotning hajmi, narxi, shuningdek, kelishuvga oid boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan.
Afg‘onistonni uch yildan beri idora etib kelayotgan “Tolibon” hukumati noyabr oyi oxirida Tojikiston bilan, dekabr boshida esa Turkmaniston bilan elektr energiyasi bo‘yicha kelishuvga erishgandi.
Afg‘oniston Energetika va suv resurslari vazirligi tahlillariga ko‘ra, mamlakatning elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 1500 MVtni tashkil qiladi. Shundan 720 MVtga yaqini import qilinsa, qolgani mamlakatda ishlab chiqariladi.
O‘zbekistonda energobo‘hron kuzatilgan vaqtlarda qo‘shni mamlakatga elektr energiyasi yetkazib berishda uzilishlar kuzatilgan.
O‘z navbatida, rasmiy Kobul turli vajlarga ko‘ra elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshirishda kechikishlarga yo‘l qo‘ygani ma’lum.