Линклар

Шошилинч хабар
14 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:55

Toshkentda 1600 dan ziyod reklama obyekti demontaj qilindi


Toshkentdagi reklama bilbordlaridan biri (arxiv surati)
Toshkentdagi reklama bilbordlaridan biri (arxiv surati)

Toshkent shahri tumanlarida 10-noyabrdan tashqi reklama obyektlarini demontaj qilish jarayoni boshlandi.

Mirobod tumani hokimligi “poytaxt tashqi qiyofasi ko‘rkamligini saqlab qolish”, “ko‘chalarda xavfsizlikni oshirish” maqsadida Nukus, Shahrisabz, Farg‘ona yo‘li va boshqa qator ko‘chalarda joylashgan ko‘p qavatli uylarning fasad qismi, piyodalar yo‘laklarida o‘rnatilgan 120 dan ortiq noqonuniy reklama va turli e’lonlar bannerlari demontaj qilingani haqida ma’lumot tarqatdi.

Yakkasaroy hokimligi ham “noqonuniy banner va reklamalar bartaraf etilayotgani” haqida hisobot berdi.

Poytaxt hokimligi Gazeta.uz nashriga bir kun ichida Yakkasaroy, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod va Chilonzor tumanlarida 1600 dan ortiq obyekt demontaj qilinganini bildirgan.

Demontaj ishlari 25-oktyabr kuni qabul qilingan tashqi reklama obyektlarining dizayn kodi munosabati bilan amalga oshirilayotgani aytilmoqda. Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi tomonidan tasdiqlangan hujjatda tashqi reklama turlari, obyektlarning gabariti va ularni joylashtirish qoidalarini belgilangan.

Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar demontaj ishlari ogohlantirishsiz olib borilayotgani, tegishli qonuniy asos ko‘rsatilmayotgani, hatto markaz va muassasalarning peshlavhalari ham reklama degan iddao bilan olib tashlanayotganidan norozilik bildirgan.

XS
SM
MD
LG