Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 10:58

Toshkentda issiq suv qimmatlashi tariflar oshishiga bog‘landi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Veolia Energy Tashkent xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining aholi va yuridik shaxslar (byudjet tashkilotlari bundan mustasno) uchun issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarini 15 foizga oshirish to‘g‘risidagi qaroriga izoh berdi.

O‘zbekiston poytaxtida issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun mas’ul bo‘lgan shirkatga ko‘ra, tariflarning oshishiga gaz va elektr energiyasi narxlarining o‘sishi sabab bo‘lgan.
Bu Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti tariflarining bir yil ichida ikkinchi bor qimmatlashidir. 2-apreldan e’tiboran iste’molchilar shirkatga 15 foiz ko‘proq haq to‘lab kelmoqda.

Veolia Energy Tashkent izohida aytilishicha, narxning ikki mart oshirilishi ham energiya resurslari narxining o‘sish sur’atidan sezilarli darajada pastdir.
“Biz tariflarning oshirilishi katta yuklama ekanligini tushunamiz. Ammo Veolia Energy Tashkent kompaniyasi hamma kabi tannarximizni tashkil etuvchi energiya narxiga bog‘liqligini inobatga olishingizni so‘raydi. Tariflarni oshirish majburiy qadamlardan biri”, deyiladi kompaniya bildirgisida.

Tariflar oshishiga doir qaror jamoatchilik muhokamasidan so‘ng Toshkent shahri hokimi tomonidan imzolanadi.

Qayd etilishicha, poytaxt aholisi bazaviy tarifning 14 foizini to‘laydi, qolgani esa shahar budjetidan subsidiya shaklida qoplanadi. 2024-yilda buning uchun Toshkent shahri byudjetidan 1,97 trln so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG