O‘zbekiston poytaxtida 31-oktyabrdan e’tiboran aholi va yuridik shaxslar uchun issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari tariflari 15 foizga oshirildi.
Toshkent shahri hokimi Shavkat Umrzoqov imzolagan qarorda narx oshirilishiga Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining 2024-yil 12-sentyabridagi qarori hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2024-yil 29-iyulidagi xulosasi asos sifatida ko‘rsatilgan.
Ushbu hujjatga ko‘ra, aholi uchun isitish va issiq suvning yangi chakana tarifi Gkal uchun 105 ming 754 so‘mdan 121 ming 617 so‘mga, yuridik shaxslar uchun esa 212 ming 606 so‘mdan 244 ming 497 so‘mga oshirildi.
Byudjet tashkilotlari uchun tarif o‘zgarmadi – 1 Gkal uchun 801 ming 963 so‘m qoldirildi.
Poytaxtda markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmati ko‘rsatuvchi “Veolia Energy Tashkent” MCHJga ko‘ra, shahar aholisi asosiy tarifning 14 foizini to‘laydi, qolgan qismi esa shahar budjetidan subsidiya sifatida qoplanadi.
2025-2027-yillar uchun Byudjetnoma loyihasida aholiga pasaytirilgan narxlarda issiqlik yetkazib berishdagi zararni qoplash uchun g‘aznadan 4,2 trillion so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti narxi 2024-yilning 2-aprelida ham 15 foizga oshirilgandi.
Havo harorati pasayganiga qaramay, O‘zbekiston poytaxtida hali markazlashgan isitish tizimi ishga tushirilganicha yo‘q. Faollar ijtimoiy obyektlar va ko‘p qavatli uylarni tezroq isitish kerakligi haqida yozmoqda.