Toshkent shahrida noqonuniy binolarni buzishning yangi to‘lqini boshlandi. Gazeta.uz nashri xabariga ko‘ra, ayni kunlarda butun poytaxt bo‘ylab ko‘p yillar davomida turgan, lekin hozirda noqonuniy deb topilgan binolar, xususan, kafelarning yozgi terrasalari demontaj qilinmoqda.
Yunusobod tumanidagi Nice Joy kafesining yozgi terrasasi ham hokimlik, kadastr organlari va Majburiy ijro byurosi xodimlari talabi ortidan buzib tashlangan.
Nice Joy direktori Ilhom Vofayev shahar xizmati xodimlari oldindan ogohlantirmay kelgani, konstruksiyani 24 soat ichida olib tashlashni buyurganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kafe ma’muriyati avvalroq yerdan foydalanish huquqini olishga harakat qilgan, biroq urinishlar besamar ketgan. Muassasa rahbari qurilmani saqlab qolish uchun aholi roziligi ham foyda bermaganini aytgan.
Bir muddat avval Toshkent shahri hokimligi “ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari” olib borilayotgani haqida ma’lumot tarqatgandi.
Hokimlikka ko‘ra, bunday obyektlar irrigatsiya tizimini buzadi, transport vositalariga xalal beradi va yashil maydonlarga kirishni to‘sadi.
Tadbirkorlar esa ijtimoiy tarmoqlarda mulk huquqini hurmatsiz qilmaslik, obyektlarni qonuniy tartibda rasmiylashtirishga to‘sqinlik holatlaridan shikoyat qilgan.
Bundan avval ham poytaxtda noqonuniy binolarni buzish kampaniyalari o‘tkazilgan.
Ozodlik “snos”ga tushgan mulki uchun davlatdan tovon pulini ololmayotgan fuqarolar muammosini ko‘p marta ko‘tarib chiqqan.
“Snos”larni huquq faollari O‘zbekistonda mulk huquqi buzilishi ramzi sifatida ta’kidlashadi.