Линклар

 
Toshkentda noqonuniy diniy jamoat tuzishda gumonlangan 17 kishi ushlandi
Шошилинч хабар
09 апрел 2025, Тошкент вақти: 18:27

Toshkentda noqonuniy diniy jamoat tuzishda gumonlangan 17 kishi ushlandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekiston poytaxtida noqonuniy jamoat ko‘rinishida yig‘inlar tashkil etganlikda gumonlangan kishilar qo‘lga olingan. Bu haqda O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumot tarqatdi.

Xabarnomada qayd etilishicha, qo‘lga olingan 17 kishilik guruh ichida bojxona idoralarining uch nafar xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi, texnopark direktori o‘rinbosari, xususiy avtomaktab direktori o‘rinbosari, “Sergeli-avto” bozorida savdo bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va boshqalar bor.

DXX iddaosicha, qo‘lga olinganlar ichida bo‘lgan Bojxona qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari “dinga mutaassiblarcha berilib, 2021-yildan boshlab mazkur norasmiy diniy darslarni muntazam ravishda tashkil etib kelgan”.

U har bir dars uchun jamoat a’zolaridan ma’lum miqdorda pul yig‘ib, ustozlarga bergan”, deyilgan xabarnomada.

Guruh a’zolarining 1989-yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan va hozirda Misr Arab Respublikasida bo‘lgan shaxsdan Telegram messenjeri orqali onlayn tarzda saboq olishgani, ularga Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi ham offlayn tarzda diniy ma’ruzalar o‘tgani aytilgan.

Hozirda Bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, bojxona organlari tezkor xodimi va katta inspektori, shuningdek, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi hamda jamoat a’zolariga Misr davlatidan turib, onlayn tarzda diniy saboq bergan fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyilgan xabarnomada qolgan fuqarolar jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingani qo‘shimcha qilingan.

Avvalroq Ozodlik parlament quyi palatasida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qabul qilinib, tasdiq uchun Senatga yuborilgani haqida xabar qilgandi. Diniy sohadagi konsepsiya qabul qilinayotgan bir paytda fuqarolarning noqonuniy jamoat tuzganlik ayblovi bilan qo‘lga olinishi jamoatchilik orasida qator farazlar urchishiga yo‘l ochdi.

Hyuman Rayts Uotch xalqaro tashkilotining dunyoda inson huquqlarining ahvoliga doir o‘tgan oyda yoyinlagan galdagi yillik hisobotida O‘zbekistonda rasmiylar diniy jamoalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga to‘sqinlik qilish, sobiq diniy mahbuslarni o‘zboshimchalik bilan nazorat qilish va musulmonlarni ekstremizm bilan bog‘liq keng va noaniq ayblovlar bilan jinoiy javobgarlikka tortish orqali din erkinligini cheklayotgani tanqid qilingan edi.

XS
SM
MD
LG