Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:58

Toshkentda o‘tkir yuqumli kasalliklar ko‘paydi. SSV "davriy ko‘tarilish" haqida gapirmoqda


 Toshkentdagi COVID-19 bemorlari uchun maxsus qurilgan Zangiota-1 shifoxonasida o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirishga qaror qilingan.
Toshkentdagi COVID-19 bemorlari uchun maxsus qurilgan Zangiota-1 shifoxonasida o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirishga qaror qilingan.

Toshkent shahrida yosh bolalar orasida o‘tkir respirator kasalliklar ko‘paygani, poytaxt kasalxonalari haroratning ko‘tarilishi, yo‘tal belgilari bilan murojaat qilgan bemorlarga to‘lib ketgani haqida xabarlar kelmoqda.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash rasmiylari bolalar orasida O‘RVI ko‘payishi ortidan shifoxonalarga yuklamalar ortganini tan oldi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining bildirishicha, 23-noyabr kuni Toshkentda O‘RVI bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha vazirlikda shoshilinch majlis o‘tkazilgan.

Majlisda uch yil avval COVID-19 bemorlari uchun maxsus qurilgan Toshkentdagi Zangiota-1 shifoxonasida kasallikka chalingan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish haqida qaror olingan.

Shuningdek, so‘nggi kunlarda aholidan haroratning ko‘tarilishi, yo‘tal belgilari bilan chaqiruvlar soni ortgani sababli “103” xizmatiga ertalab soat 06:00 dan 14:00 gacha poytaxt shifoxonalarida zaxirada bo‘lgan 40 ta avtomashina qo‘shimcha ajratilgan.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bildiruvida O‘RVIga chalinish holati davriy mavsumdan ko‘pligi aytilgan, lekin kasallanganlar soni keltirilmagan.

O‘tkir respirator kasalliklar – havo-tomchi orqali yuqib, nafas yo‘llarining turli qismlari yallig‘lanishi va intoksikatsiya sindromi bilan kechadigan virusli xastaliklar guruhidir.

Vazirlik saytida keltirilishicha, O‘RVI bolalarda yuqumli kasalliklar umumiy sonining 90 foizini tashkil etib, ularning barchasi mavsumiy xarakterga ega. Ya’ni, bu xastaliklar yilning boshqa davrlariga nisbatan aynan kuz-qish mavsumida ko‘p uchraydi. Bu guruhga bir necha kasalliklar, xususan, virusli – gripp, paragripp, adenovirus, rotavirus, enterovirus, shuningdek, bakterial– pnevmokokk, meningokokk, stafilokokk kabilar kiradi.

COVID-19 bemorlari uchun maxsus qurilgan Toshkentdagi Zangiota-1 shifoxonasi.
COVID-19 bemorlari uchun maxsus qurilgan Toshkentdagi Zangiota-1 shifoxonasi.

Toshkentda koronavirus vahimasi

O‘tkir respirator kasalliklar klinik belgilari koronavirus bilan o‘xshashligi sabab aholi orasida millionlab odamlar yostig‘ini quritgan uch yil avvalgi virus yana qaytgani haqida mish-mishlar tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

“Kichkina bolalar orasida COVID tarqalgan, yaxshigina. Huddi o‘sha simptom, COVID bu. Hozir ukamni yaqin o‘rtog‘ini farishtaday qizi, 3 yoshli qizi Zangiota kasalxonasida komada yotibdi. O‘ttizinchida bog‘chaga borgan, nimanidir "podsepit" qilib kelgan . Hozir Zangiotada doktorlar hech narsa qilolmayapti. Hullas, COVID tarqagan. Ehtiyot bo‘linglar. Meni o‘g‘lim ham bo‘ldi, zo‘rg‘a oyoqqa tiklab oldik”, - deydi poytaxtliklardan biri Telegram- kanalida tarqalgan audioyozuvda.

Toshkentdagi ba’zi maktablarda bolalardan niqob taqish va masofalanish so‘ralmoqda.

“Maska, uch metr masofa saqlansin, bolalar muzday narsa ichmasin deb qattiq ogohlantirilyapti. Hozir Yunusoboddagi detskiy bolnitsa to‘lib ketgan, ko‘pchiligida pnevmoniya deyilyapti. Og‘ir yotganlari ham bor ekan. COVID boshqacha ko‘rinishda qaytib keldi deyishyapti. Bolalarda ko‘p bo‘lyapti ekan”, - deydi toshkentlik muallim.

Ozodlik suhbatlashgan O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rasmiylari COVID qaytgani haqidagi gap-so‘zlar o‘rinsiz ekanini ta’kidlashdi.

“Butun dunyoda bo‘lyapti bu, o‘tkir respirator kasalliklar ko‘paygan, noyabr oyida shunaqa bo‘lib oladi. COVID emas bu, bemorlarning barchasidan koronavirusga ham tahlillar olinyapti”, - dedi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimi.

Xitoydagi noma’lum pnevmoniya o‘chog‘i

O‘zbekistonda O‘RVI ko‘paygani haqidagi xabar Xitoyda epidemiologik holat borasida xavotir kuchaygan pallada o‘rtaga chiqmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoydan mamlakat shimolida bolalar orasida tarqala boshlagan va kelib chiqishi noma’lum pnevmoniya o‘chog‘i haqida barcha mavjud ma’lumotlarni so‘radi.

So‘nggi kunlarda Xitoydagi ommaviy axborot vositalari shifoxonalar to‘lib ketgani haqida xabar berishdi. Mamlakat shimolidagi ko‘pgina maktablarda darslar bekor qilingan, chunki nafaqat o‘quvchilar, balki o‘qituvchilar ham pnevmoniya bilan kasallangan.

Xitoy hukumati joriy mavsumda tumov va nafas yo‘li yallig‘lanishi kasalligi holatlari ko‘paygani va bu anti-kovid choralarining bekor qilingani bilan bog‘liq ekanini aytgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, oktabr oyidan buyon Xitoy shimolida "grippga o‘xshash kasalliklar" o‘tgan uch yildagi shu davrga nisbatan oshgan.

"Ushbu o‘sishlarning ba’zilari mavsumda tarixan kuzatilganidan ertaroq, ammo boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi, COVID-19 cheklovlari olib tashlanganini hisobga olsak, kutilmagan xol emas", deyiladi bayonotda.

JSST "vaziyatni yaqindan kuzatib borishi va Xitoy rasmiy idoralari bilan yaqin aloqada ekanligini" aytmoqda va aholidan infeksiyaning tarqalish xavfini kamaytirish uchun choralar ko‘rishga, niqob taqishga chaqirmoqda.

O‘zbekistonda uch yil avval tarqalgan koronavirusdan, rasmiy raqamlarga ko‘ra, 622 kishi vafot etgan.

Ammo mutaxassislar haqiqiy raqamlar o‘zbek rasmiylari keltirgan raqamlardan bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytishgan.

XS
SM
MD
LG