Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi xonadonlardan birida onlayn qimor o‘yinlari o‘tkazib kelganlikda gumonlangan 12 nafar xorijlik va 18 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olingan. Bu haqda “Gazeta.uz” nashri Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida 37 dona noutbuk va router, 1400 dollar pul, 34 ta sim karta, 7 ta telefon, 12 ta bank plastik kartasi dalil o‘laroq rasmiylashtirib olingan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, 3 oy davomida ushbu qimorxonada 900 ming dollar aylantirilgan
“Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, deyilgan nashr xabarida O‘zbekistonda 2007-yil 1-sentyabrdan boshlab qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishga taqiqlar mavjudligi, qimor tashkil etish yoki o‘tkazish, shu jumladan, ana shunday o‘yinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo‘lishi mumkinligi eslatilgan.