Линклар

Шошилинч хабар
03 январ 2025, Тошкент вақти: 04:42

Toshkentda sobiq vazir Aziz Voitov sudi boshlandi


Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudi binosida 5-sentyabr kuni sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov va Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi sobiq rahbari Husniddin Karimov doxil jami 50 nafar sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish jarayoni boshlangan. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lumotiga ko‘ra, mazkur ish Mirobod tumani sudi sudyalari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Qayd etilishicha, sudlanuvchilardan 29 nafariga nisbatan “qamoqqa olish”, 15 nafariga nisbatan “garov” va 6 nafariga nisbatan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan.

Tergov organining ayblov xulosasiga ko‘ra sudlanuvchilar Jinoyat kodeksining 167, 168, 184, 185-2, 189, 205, 206, 28,209, 209, 211, 228 va 243-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda”, deyilgan Oliy sud vakili xabarnomasida.

“Daryo” nashri xabariga ko‘ra, sudda so‘z olgan advokat Temur Rahmatov internet nashrlarining birida sobiq vazir Aziz Voitov ishi sudda ko‘rib chiqilib, uning 7 yilga qamalgani yozilganini aytib, jurnalistlarni noto‘g‘ri axborot tarqatayotganlikda ayblagan.

O‘z navbatida, sudda raislik qilayotgan sudya Sardor Sodiqov OAV vakillari hamda advokatlarga murojaat qilib, sudda shaffoflik ta’minlanishi lozimligi, biroq bu sudlanuvchilarning haq-huquqlarini poymol etmasligi kerakligini ta’kidlagan.

Sudda so‘z olgan va ism-sha’rifini aytmagan yana bir advokat sudda qatnashayotgan jurnalistlar xorijliklar agenti bo‘lishi mumkinligini aytib, shu bois ularga sudni yoritishni taqiqlash kerakligini taklif qildi. Bunga javob bergan Sardor Sodiqov OAV vakillari sud majlisiga hujjat asosida kiritilayotganini, ularning qaysi OAV vakili ekani mas’ullarga aniq ekanini bildirdi”, deyilgan nashr xabarida.

Sobiq vazir Aziz Voitov va boshqalar ishi yuzasidan sud jarayoni 6-sentyabr kuni tushdan keyin davom etishi kutilmoqda.

Aziz Voitov o‘tgan yil dekabrida hibsga olingan edi. U hibsga olinishidan ikki oy oldin (2023-yil oktyabrida) qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimidan ozod etilgan. Voitovning ishdan bo‘shatilishi sababi o‘sha paytda rasman ochiqlangan emas.

44 yoshli Aziz Voitov Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon hukumatning korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan eng yuqori martabali mulozimlaridan biridir. Avvalroq O‘zbekistonda uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri hamda shahar hokimi lavozimlarida ishlagan Muzaffar Soliyev yetti yilga qamalgani ma’lum bo‘lgan.

Voitov 2020-yilning martidan 2022-yil avgustigacha o‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari, investitsiya, sanoat va savdo vaziri Sardor Umurzoqovning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2022-yil avgustidan 2023-yil oktyabrigacha qishloq xo‘jalik vaziri bo‘lgan. Sardor Umurzoqov prezident administratsiyasi rahbari lavozimidan ozod etilganidan so‘ng Voitov ham ishdan olingandi.

XS
SM
MD
LG