Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Toshkentdan Issiqko‘lga 10-iyundan avtobus qatnay boshlaydi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Joriy yilning 10-iyunidan boshlab Toshkent shahridan Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahriga mavsumiy avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Transport vazirligi qaydicha, Issiqko‘l sohilida joylashgan kurort shaharga qatnov Uzautotrans Service shirkatiga qarashli Yutong rusumli avtobuslar bilan oyning juft kunlarida (kunora) amalga oshiriladi.

Avtobus mahalliy vaqt bilan soat 15:00 da Toshkent avtovokzalidan yo‘lga chiqadi va 20 soatda Cho‘lponotaga yetib boradi. 1060 kilometrga uzangan yo‘l uchun chipta narxi 300 ming so‘m (shu kundagi MB kursi bilan taqriban 24 AQSH dollari - tahr.) qilib belgilangan.

Xabarnomada Uzautotrans Service shirkati Toshkent-Cho‘lponota yo‘nalishi bo‘ylab buyurtma qatnovlarini ham amalga oshirishini qo‘shimcha qilgan.

May oyi o‘rtalarida Transport vazirligi bu yil 10 ta yangi xalqaro avtobus yo‘nalishi ochilishi rejalangani haqida ma’lumot tarqatgan edi. Bular Samarqand – Bishkek, Buxoro – Bishkek, Buxoro – Ostona, Samarqand – Turkiston, Buxoro – Turkiston, Shahrisabz – Turkiston, Samarqand – Dushanbe, Buxoro – Dushanbe, Toshkent – Ufa va Toshkent – Krasnodar yo‘nalishlaridir.

Bundan tashqari, Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi shu yil fevralida Qirg‘izistonning Tez Jet aviashirkati O‘sh-Toshkent-O‘sh va Bishkek-Toshkent-Bishkek yo‘nalishi bo‘ylab muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishga ruxsatnoma olganini ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG