Xalq orasida “Tovoqsoy qamoqxonasi” deb ataladigan 7-son jazoni ijro etish koloniyasida mahkum devor bosib qolishi oqibatida vafot etdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati qaydicha, joriy yil 11-fevral kuni Toshkent viloyati hududida joylashgan 7-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tagan mahkum Mustafa Tursinbayev bir qavatli bino devorlarini buzayotgan vaqtda devor qismi qulagan. Oqibatda mahkum devor ostida qolgan.
BPga ko‘ra, 1983-yilda tug‘ilgan mahkum darhol shifoxonaga yetkazilgan, ammo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay 16-fevral kuni shifoxonada vafot etgan.
Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Toshkent maxsus prokuraturasi tergov olib borayotgani bildirilgan.
Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) mahkumning vafot etgani holatini nazoratga olgan.
Bu so‘nggi kunlarda jazo muassasalarida mahkumlarning vafot etishi bilan bog‘liq ikkinchi holatdir.
Ozodlik avval xabar qilganidek, kuni kecha Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi 14-sonli koloniyadan 21 yashar mahkum Muhammadqodir Po‘latovning jasadi chiqqan.
Koloniya ma’muriyati ta’kidicha, mahkum miokard infarkti va pankreatitning og‘ir formasi kuzatilishi oqibatida vafot etgan.
Mahkumning onasi esa farzandining badanida qiynoq izlari mavjudligi, elektroshoker iziga o‘xshash chiziqlar borligini iddao qilgan.
Bir necha yil muqaddam Tovoqsoydagi 7-sonli koloniyada mahkum Alisher Yakubov ehtimoliy qiynoqlar sabab o‘z joniga qasd qilishga uringani ma’lum.