AQSH prezidenti Donald Tramp 7 ta federal agentlik, jumladan Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi, Amerika Ovozi va boshqa bir qancha ommaviy axborot vositalarini boshqaruvchi AQSHning Global Media agentligi (USAGM) faoliyatini qisqartirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Hujjatda aytilishicha, 7 kun ichida har bir agentlik rahbari Prezident budjeti boshqarmasiga Tramp farmoniga muvofiqligini tasdiqlovchi hisobot taqdim etishi va agentlikning qaysi tarkibiy qismlari yoki funksiyalari “qonun bilan majburiy va qay darajada” ekanligini tushuntirib berishi kerak.
Farmon chiqqanidan bir necha soat o‘tib, ABC News telekanalining sobiq muxbiri, jurnalist Tara Palmeri Ozodlik radiosi uchun Kongress tomonidan ma’qullangan grant mablag‘lari to‘xtatilgani haqidagi USAGM maktubini e’lon qildi.
Maktub Keri Leyk tomonidan imzolangan bo‘lib, u o‘zini (USAGM) bosh direktor vazifasini bajaruvchisining yetakchi maslahatchisi sifatida tanishtirgan.
Leyk Tramp tomonidan "Amerika Ovozi" rahbari lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatilgan, ammo uning tayinlanishi Teleradioeshittirishlar bo‘yicha xalqaro maslahat kengashi tomonidan ma’qullanishi kerak.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi Prezidenti va Bosh ijrochi direktori Stiven Kapus grant bitimining bekor qilinishi "Amerika dushmanlariga katta sovg‘a" bo‘lishini aytdi.
"Ozodlik radiosining grant shartnomasini bekor qilish Amerika dushmanlari uchun katta sovg‘a bo‘ladi. Eronning oyatullohlari, Xitoyning kommunistik rahbarlari, Moskva va Minskdagi avtokratlar Ozodlik radiosining 75 yillik faoliyatidan so‘ng yopilganini nishonlaydilar. Bu ularni kuchli, Amerikani esa kuchsiz qiladi", deyiladi Kapusning bayonotida.
Ozodlik radiosi tarixi davomida tashkilot AQSHning ikkala yirik siyosiy partiyasi tomonidan ham keng qo‘llab-quvvatlangan, deydi Kapus.
“Bizsiz yopiq jamiyatlarda yashovchi 50 millionga yaqin odam har hafta AQSH va dunyo haqidagi ishonchli yangiliklar va ma’lumotlardan mahrum bo‘ladi”, deya xulosa qildi u.
Vashingtondagi Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ) AQSH Kongressi rahbarlarini USAGMni Trampning buyrug‘idan himoya qilishga chaqirdi.
“Butun dunyo bo‘ylab avtoritar rejimlarning hikoyalariga qarshi kurashuvchi mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlovchi Kongress tomonidan moliyalashtiriladigan agentlikni yo‘q qilishga Oq uyning urinayotgani g‘azablanarli”, dedi qo‘mitaning dastur direktori Karlos Martines de la Serna 15-mart kuni qilgan bayonotida.
USAGM har hafta taxminan 361 million kishiga 50 ga yaqin tilda yangiliklar va ma’lumotlarni uzatishni muvofiqlashtiruvchi AQSHning mustaqil davlat agentligi hisoblanadi.
USAGM 2025-yil uchun Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosi, Amerika Ovozi, Ozod Osiyo Radiosi, Marti Radiosi (Kuba), Yaqin Sharq radioeshittirish tarmog‘i (MBN) va Internet loyihalarini ishlab chiquvchi “Ochiq texnologiyalar” jamg‘armasi kabi ommaviy axborot vositalarini moliyalashtirish maqsadlariga 950 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ so‘ragan.
Tramning farmoni ortidan "Amerika Ovozi" radiosi xodimlari ma’muriy ta’tilga chiqarilgan.