AQSH prezidenti Donald Tramp, agar Moskva Ukraina bilan kelishuvga bormaydigan bo‘lsa, Qo‘shma Shtatlar “Rossiya uchun halokatli” choralar ko‘rishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Kiyev Ukrainadagi otashkesimga oid AQSH rejasini dastaklagan kunning ertasiga, ya’ni 12-mart kuni prezident Tramp Rossiyaga nisbatan eng keskin bayonotlardan birini berdi.
“Moliyaviy jihatdan biz Rossiya uchun yomon oqibatlarga olib keluvchi xatti-harakatlar amalga oshirishimiz mumkin, bu Rossiya uchun halokatli bo‘ladi”, deya ogohlantirgan Donald Tramp tinchlikni istagani uchun bunday choralarga qo‘l urishni xohlamayotganini urg‘ulagan.
Ogohlantiruv Donald Trampning Irlandiya bosh vaziri Mixol Martin bilan uchrashuvi chog‘ida yangradi. “Ukraina bilan sulh tuzishga ko‘ndirish uchun Vladimir Putinga bosim o‘tkazishga tayyormisiz?” degan savolga prezident Tramp tasdiq javobini berdi: “Ha, biz bunday qila olamiz. Biroq, umid qilamanki, bunga hojat qolmaydi”.
Sulhga oid kelishuvga AQSH va Ukraina delegatsiyalarining 11-mart kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan muzokaralari chog‘ida erishilgan edi. Oq uy prezident Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bu takliflar muhokamasi uchun shu haftada Moskvaga yo‘l olishini ma’lum qilgan. Davlat kotibi Marko Rubioga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Kremlning AQSH va Ukraina o‘rtasidagi bu kelishuvga munosabatiga qarab Moskva qanday niyatda ekani haqida mulohaza yuritadi.
“Agar ularning javobi ijobiy bo‘lsa, biz olg‘a siljishga erishganimizni va tinchlikka erishish uchun real imkoniyat borligini bilamiz. Agar “yo‘q” deya javob bersalar - ularning niyati ayon bo‘ladi”, deya ta’kidlagan AQSH Davlat kotibi Marko Rubio.