AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatib turishga farmoyish berdi. Bu haqda Oq uy vakiliga havola bergan holda AQSH OAVlari xabar qilmoqda.
“Prezident butun e’tiborini tinchlikni qaror toptirishga qaratganini aniq qilib aytdi. Biz hamkorlarimiz ham shu maqsadga intilishini istaymiz. Tinchlik o‘rnatishga imkon berajagiga amin bo‘lish uchun biz o‘z yordamimizni to‘xtatib turamiz va qayta ko‘rib chiqamiz”, degan Oq uy vakili.
Uning so‘zlariga ko‘ra, farmoyish prezident Tramp Ukrainaning Rossiya bilan sulh tuzish tarafdori ekaniga ishonch hosil qilguniga qadar kuchida qoladi.
New York Times gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, qurol-aslaha yetkazib berish va qiymati milliard dollardan ortiq bo‘lgan qurol ishlab chiqarish buyurtmalari to‘xtatiladi. Shuningdek, Ukraina AQSH mudofaa korxonalaridan qurollarni to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilish uchun maxsus yordam dasturlari doirasida olib turgan yuzlab million dollardan mahrum bo‘ladi.
Amerika OAVlari Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH harbiy yordamini tiklash uchun nima qilishi kerakligi mavhumligini urg‘ulamoqda.
Donald Tramp Oq uyda prezident Zelenskiyni go‘yoki Rossiya bilan sulh muzokaralariga tayyor emasligi uchun tanqid qilganidan uch kun o‘tib ushbu qarorni qabul qildi. Kecha, dushanba kuni Tramp Ukraina prezidentining Rossiya bilan urush katta ehtimol bilan davom etadi, degan so‘zlariga keskin munosabat bildirdi. “Bu Zelenskiydan chiqishi mumkin bo‘lgan eng yomon gap bo‘ldi. Amerika bu holga ortiq qarab turmaydi”, deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Vladimir Zelenskiy fevraldagi intervyusida Amerika harbiy yordami to‘xtatilishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Unga ko‘ra, Ukraina foydalanayotgan qurollar va harbiy anjomlarning taxminan 30 foizi AQSH hissasiga to‘g‘ri keladi. Amerialik tahlilchilar ukrain armiyasi mavjud qurol-aslaha zaxiralari bilan taxminan yozning o‘rtalariga qadar jang qila olishini aytishmoqda.