AQSH prezidenti Donald Tramp va Hukumat samaradorligi departamenti rahbari, tadbirkor Ilon Mask 18-fevral kuni Fox News telekanaliga birgalikda intervyu berishgan.
Praym taym vaqtida efirga uzatilgan qariyb bir soatli intervyuning katta qismi Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, mazkur departamentning maqsadi, Ilon Maskka ko‘ra, “byurokratiyani zaiflatish va demokratiyani tiklash”dan iborat.
Fox News telekanali boshlovchisi Shon Xanniti intervyuni AQSH va jahonda eng muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida tanilgan Ilon Maskni prezident Trampning yaqin maslahatchisi, davlat apparatini qisqartirish va optimallashtirish bo‘yicha tavsiyalar hozirlovchi departament rahbari o‘laroq tanishtirishdan boshlagan.
Ilon Mask o‘z rolini “prezidentga texnologik dastak ko‘rsatuvchi” yordamchi o‘laroq belgilagan. Mask yetakchiligidagi departament, uning so‘zlariga ko‘ra, “prezident farmonlari bajarilishini ta’minlash”ga urinmoqda.
Prezident Trampning o‘zi Ilon Mask timsolida yordamchi o‘laroq “o‘ta aqlli inson”ga ega bo‘lgani, uning guruhi davlat apparatining o‘zini oqlamagan xarajatlarini qisqartirishni belgilash kabi o‘zi tomonidan qo‘yilgan vazifani amalga oshirishga qodirligini aytgan. Donald Trampning ishonishicha, DOGE yuzlab milliard dollarlik moliyaviy suiiste’mollarni izlab topadi. Hukumat samaradorligi departamenti faoliyati natijasida erishilishi mumkin bo‘lgan iqtisodning umumiy summasini prezident Tramp trillion dollarga baholagan.
Intervyu chog‘ida Donald Tramp va Ilon Maks yetakchi federal boshqarmalarning ish hujjatlarini o‘rganish bo‘yicha DOGE tashkilotiga katta huquqlar bergan prezident Trampni o‘z vakolatlari tashqarisiga chiqayotganlikda orqavarotdan ayblayotgan tanqidchilarga javob berishgan.
“Biz Donald Trampni prezident etib saylagan odamlarning byurokratiyani qisqartirish istagini bajarishga urinyapmiz”, degan Ilon Mask intervyu chog‘ida.