Линклар

 
Trampning bojlari O‘zbekiston va mintaqa davlatlariga qanday ta’sir qiladi?
Шошилинч хабар
13 апрел 2025, Тошкент вақти: 09:50

Trampning bojlari O‘zbekiston va mintaqa davlatlariga qanday ta’sir qiladi?


AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uydagi bojlarni e’lon qilmoqda. Vashington, 2-aprel, 2025-yil.
AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uydagi bojlarni e’lon qilmoqda. Vashington, 2-aprel, 2025-yil.

2-aprel kuni AQSH prezidenti Donald Tramp dunyodagi 185 davlatga nisbatan o‘zaro bojlarni joriy qildi. Ro‘yxatga Markaziy Osiyoning barcha davlatlari kirdi. Eng katta bojlar javob chorasi sifatida Qozog‘istonga nisbatan qo‘llandi — 27 foiz. Boshqa mintaqaviy mamlakatlar uchun AQSH 10 foizli tariflar joriy qilmoqda. Nega?

AQSH prezidenti Donald Tramp 185 davlatga nisbatan o‘zaro bojlarni joriy qilish haqida e’lon qildi. Bu AQSH tomonidan so‘nggi o‘n yilliklarda qabul qilingan eng yirik bojlar paketi bo‘ldi. Asosiy tarif 10% ni tashkil qildi, ammo 59 davlat uchun u yuqoriroq bo‘ldi.

Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonga nisbatan 10% miqdorida bojlar joriy qilindi. Xuddi shunday bojlar bu davlatlarda ham AQSHga nisbatan joriy qilingan. Qozog‘istondan olib kiriladigan tovarlarga 27% boj solinadi. Bu AQSHdan keladigan tovarlarga Qozog‘istonda 54% boj joriy qilinganiga javob chorasidir.

«O‘N YILLIKLAR DAVOMIDAGI TALON-TOROJ»

Oq uyda bojlar haqida e’lon qilgan Tramp bu kunni «Ozodlik kuni» deb atadi va tegishli farmonni imzoladi. Prezident bayonotiga ko‘ra, yangi tariflar «adolatli savdoni tiklash va AQSH iqtisodiyotini «do‘stlar va dushmanlar tomonidan o‘n yillar davomida amalga oshirilgan talon-toroj»dan himoya qilishga qaratilgan.

Tramp har bir davlat uchun joriy qilingan tarif stavkalari ko‘rsatilgan jadvalni taqdim etdi. Eng kam stavka 10% ni tashkil qildi, ammo ayrim mamlakatlar uchun tariflar ancha yuqori bo‘lib, AQSH bilan savdo munosabatlariga qarab 50% va undan ham yuqoriga chiqdi.

AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bojlar «o‘zaro» hisoblanadi – ya’ni ularning miqdori bu davlatlar AQSH tovarlariga qo‘llaydigan tariflar hamda AQSH va uning hamkorlari o‘rtasidagi savdo nomutanosibligi asosida aniqlangan. Asosiy stavkalar 5-apreldan amalga kirdi, yuqoriroq «o‘zaro» tariflar esa 9-apreldan kuchga kiradi. Barcha tovarlarga boj qo‘llanilmaydi, ayrim istisnolar mavjud.

Eng yuqori — 50% bojlar Janubiy Afrikadagi Lesoto hamda Fransiya hududlari Sen-Pyer va Mikelonga nisbatan joriy qilindi — ular AQSH tovarlariga 99% boj solgan. Xitoyga nisbatan tarif 34% ni tashkil qildi, ammo moliya vaziri Skott Bessent aytishicha, bu 34% mavjud tariflarga qo‘shiladi va umumiy stavka 54% ni tashkil etadi.

Ajablanarlisi shundaki, bojlar joriy qilingan davlatlar ro‘yxatiga Yevropa Ittifoqi a’zolari ham kirdi, ammo ayrim davlatlar — masalan, Rossiya va Belarus ro‘yxatda yo‘q. Matbuot kotibi Kerolayn Livittning ta’kidlashicha, Rossiya «bu ro‘yxatga kirmagan, chunki Ukraina urushi tufayli joriy qilingan sanksiyalar bois ikki davlat o‘rtasidagi savdo deyarli nolga tenglashgan». AQSH va Rossiya o‘rtasidagi savdo hajmi 2021-yildagi taxminan 35 milliard dollardan o‘tgan yili 3,5 milliard dollargacha kamaygan.

Jurnalistlar ta’kidladiki, AQSH sanksiyalariga uchragan Kuba va Shimoliy Koreya o‘zaro tariflar ro‘yxatiga kiritilmagan, ammo shunday sanksiyalarga duch kelayotgan Eron va Suriyaga nisbatan qo‘shimcha 10% va 40% bojlar joriy qilingan.

MARKAZIY OSIYO — TARIF UDARI OSTIDA

Markaziy Osiyo davlatlari uchun AQSH asosiy savdo hamkori emas.

2024-yilda Qozog‘iston eksportida AQSH ulushi 2,4% ni tashkil etdi — 1,9 milliard dollar. Asosan Qozog‘iston AQSHga neft, ferroqotishmalar va metalllar, jumladan uran, titan, kumush eksport qiladi. Importda AQSH ulushi 3,8% — 2,2 milliard dollar. Qozog‘iston asosan avtomobillar va boshqa texnika hamda uning qismlarini xarid qiladi, masalan, dvigatellar.

O‘zbekiston 2023-yilda AQSHdan 253 million dollarlik tovarlar sotib olgan, 564 million dollarlik tovar sotgan. Importda asosan avtomobillar va transport vositalari, sanoat tovarlari ustunlik qiladi. Eksportda esa — oltin, kimyoviy mahsulotlar va mineral yoqilg‘i.

Qirg‘iziston 2024-yilda AQSHga 6,2 million dollarlik tovar sotgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023-yilda asosiy eksport mahsulotlari — to‘qimachilik, hayvonchilik mahsulotlari hamda uskunalar va mexanik qismlar bo‘lgan. AQSHdan Qirg‘iziston asosan transport vositalari, uchish apparatlari va jihozlar sotib oladi. Tojikiston 2024-yilda 15,3 million dollarlik tovar eksport qilgan, 54,7 million dollarlik import qilgan. Asosiy tovarlar — quruq mevalar, tabiiy sharbatlar, qimmatbaho toshlar va xomashyo, jumladan AQSH harbiy sanoatida ishlatiladigan surma (metal, Mendeleyevning davriy jadvalidagi 51 kimyoviy element-tahr.) Boshqa mamlakatlarga joriy qilingan yangi bojlar to‘g‘ridan to‘g‘ri Tojikiston eksportiga ta’sir qilmasligi mumkin.

Mintaqada davlatlari orasida o‘zaro bojlarning joriy qilinishi eng ko‘p Qozog‘istonga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Iqtisodchi Arman Beysembayevning fikricha, bu ham to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilmaydi.

– AQSH bozoridagi savdo hajmimiz 2 milliard — bu oz. Bu juda muhim emas. Asosiy savdo hamkorimiz — Yevropa bozori, biz barcha daromadni o‘sha yerda topamiz. AQSH — Qozog‘iston iqtisodiyotiga investor, savdo hamkori emas. Shuning uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri oqibatlarini kutmaslik kerak, – dedi Beysembayev.

Biroq, iqtisodchining ta’kidlashicha, bilvosita oqibatlar bor. Trampning farmoni jahon iqtisodiyotini larzaga soldi va Qozog‘iston iqtisodiyoti bog‘liq bo‘lgan neft narxi pasaya boshladi.

– Bilvosita ta’sir — inflyatsiya. Neft narxi, birinchi navbatda. Bizda Xitoy – Yevropa – AQSH uchburchagi bor, ular jahon iqtisodiyotining 60% ni tashkil etadi. Bojlarni joriy etish — bu soliq joriy qilishga o‘xshaydi. Bu narxlarni oshishi, inflyatsiya. Savdo urushi ikkinchi darajali oqibati – jahon savdosining parchalanishi, logistika yo‘llarining o‘zgarishi, savdo balanslarining qayta shakllanishi bo‘ladi, – deb hisoblaydi iqtisodchi.

Beysembayevning ta’kidlashicha, Trampning talabi - AQSH bilan teng huquqli savdo qilish kerak — «yo bojlarni tushirasiz, yoki biz ularni ko‘taramiz».

– Ma’lum bo‘lishicha, bizda AQSHga nisbatan 54% boj bo‘lgan, shunday ekan, 27% — bu hali yengil. Bizning bojimiz — to‘siq boj. Agar boj orqali pul ishlab topmoqchi bo‘lsangiz, bu boshqa gap, ammo boj orqali bozorda savdoni noqulay qilish niyati bo‘lsa — bu butunlay boshqa. 54% — bu aql bovar qilmas daraja. Qolgan Markaziy Osiyo davlatlari yumshoqroq qilibdi, shuning uchun ularga ham yumshoqroq javob qaytarilgan. Bizda ko‘plab tariflar shunday — to‘siq xarakterida. Utilsbor ham shunday boj, – deydi u.

Жаҳон Савдо Ташкилоти Ўзбекистонни “монополия балоси”дан қутқарадими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:53 0:00

Qozog‘istonning Savdo va integratsiya vazirligining bildirishicha, joriy etilgan bojlar Qozog‘iston va AQSH o‘rtasidagi savdoga katta ta’sir qilmaydi, chunki AQSHga eksport qilinadigan Qozog‘iston mahsulotlarining katta qismi yangi tarif choralariga tushmaydi. Vazirlik ta’kidlashicha, xom neft, uran, ferroqotishmalar — Qozog‘istonning AQSHga eksportning 92% ni tashkil qiladigan mahsulotlar — AQSHda yetishmovchilik bo‘lgani sababli bojdan ozod etilgan.

«Joriy etilgan tarif choralari AQSHga eksport qilinadigan Qozog‘iston mahsulotlarining bor-yo‘g‘i 4,8% ga ta’sir qiladi. Hukumat Qozog‘istonga nisbatan qo‘shimcha bojlarni qo‘llamaslik masalasini muhokama qilish uchun AQSH tomoni bilan muzokaralar o‘tkazishni boshlaydi», deyiladi vazirlik bayonotida.

Tojikistonlik ekspert, ismi sir saqlanishi sharti bilan bergan intervyusida, oqibatlar avvalgi qarashlardan ko‘ra murakkabroq bo‘lishi mumkinligini aytdi.

– Eng birinchi navbatda shunday savol tug‘iladi: rostdan ham bu choralar AQSH iqtisodiyotiga yordam beradimi? Bir tomondan, bu ichki bozorni arzon importdan himoya qilishi mumkin, ammo ikkinchi tomondan, bu iste’molchilar uchun narxlarning ko‘tarilishiga olib keladi. Masalan, import avtomobillariga 25% boj joriy qilinishi mashinalar narxini oshiradi, bu esa talabni kamaytiradi va avtomobil ishlab chiqaruvchilariga zarba bo‘ladi, – deydi u.

JAHON JAMOATCHILIGINING RЕAKSIYASI

Trampning tariflariga birinchilardan bo‘lib Xitoy va Yevropa javob qaytardi. Xitoy Savdo vazirligi bojlarni joriy qilishni «qo‘rqitish» deb atagan bayonot e’lon qildi.

«Xitoy bu choralarga qat’iy qarshi va o‘zining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qat’iy javob choralarini ko‘radi», deyiladi Xitoy vazirligi bayonotida.

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen YI «manfaatlarini himoya qilish uchun qo‘shimcha javob choralarini tayyorlamoqda», deb e’lon qildi.

«Biz allaqachon po‘latga nisbatan joriy qilingan bojlarga javob choralarining birinchi paketini yakunlash arafasida turibmiz. Hozir esa yangi javob choralarini tayyorlayapmiz. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli yakun topmasa, bizning manfaatlar va biznesimizni himoya qilish uchun yangi choralar ko‘riladi», dedi fon der Lyayen.

AQSHning savdo hamkorlari allaqachon javob choralarini ko‘ra boshladi. Kanada va Meksika o‘z tovarlariga nisbatan AQSHga javob bojlari joriy qildi. Bu esa savdo munosabatlaridagi taranglikni kuchaytirib, global savdo mojarosining kuchayishiga olib kelishi mumkin.

XS
SM
MD
LG