Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Turk rasmiylari ruxsatnomali o‘zbek blogerini deportatsiya qilmoqda


O‘zbekistonlik tadbirkor va bloger Beknazar Rahmatov Istanbul aeroportida, 2024-yil 28-mayi
O‘zbekistonlik tadbirkor va bloger Beknazar Rahmatov Istanbul aeroportida, 2024-yil 28-mayi

Turkiyada to‘rt yildan buyon ishlash ruxsatnomasi bilan yashab va ishlab kelayotgan o‘zbekistonlik tadbirkor va bloger Beknazar Rahmatov 28-may kuni Turkiyaga kiritilmadi. Bu haqda blogerning o‘zi Ozodlikka ma’lum qildi.

Seshanba kungi reys bilan Toshkentdan uchib kelgan Rahmatov, o‘zining aytishicha, Istanbul aeroportida to‘rt nafar mahalliy xavfsizlik xodimi tomonidan chaqirib olingan.

Tadbirkor 200 nafar odam ichidan bir o‘zi chaqirib olinganidan uning Turkiya hududiga qo‘ymaslik uchun alohida taraddud ko‘rilgan, deya taxmin qilmoqda.

Hujjatlarim hammasi joyida bo‘lishiga qaramay, hech qanday sababsiz ortga qaytarib yuborishmoqda”, degan 34 yoshli bloger turk rasmiylari O‘zbekistonga deportatsiya uchun unga biror asos ko‘rsatishmaganini qo‘shimcha qildi.

“Turkiyadagi o‘zbeklar” telegram-kanali asoschisi Beknazar Rahmatov shu kungacha Turkiya qonunlarini buzmay yashab va ishlab kelganini urg‘ulaydi.

Men bir qonunbuzar bo‘lmasam, ekstremist bo‘lmasam… Xullas, nima uchun ortga qaytarib yuborayotganlarini tushunolmayapman”, dedi u.

Beknazar Rahmatov 2021-yilda ham Istanbulda yashayotgan uyidan bir guruh politsiya xodimi tomonidan ushlab ketilib, 35 kun davomida deportatsiya markazida tutib turilgan edi. O‘sha paytda sudda aybsiz ekani isbotlangan blogerni mahalliy rasmiylar uzr so‘rab, qo‘yib yuborishga majbur bo‘lishgandi.

Avvalroq migratsiya masalalarini yoritib kelgan qator nashrlarda Istanbulga uchib kelgan 20-35 yoshlardagi o‘zbekistonlik yigitlarning bir qanchasi turk rasmiylari tomonidan Toshkentga qaytarib yuborilayotgani, bu holat mart oyi boshidan buyon davom etayotgani haqida xabarlar tarqagan. Bu kabi xabarlarni bloger Beknazar Rahmatov ham o‘z telegram-kanali orqali yoyinlagan.

Mazkur xabarlar ortidan Turkiyaga kelayotgan o‘zbekistonliklarda mamlakatga kiritilish-kiritilmaslik yuzasidan xavotir uyg‘ongan, o‘zbek jurnalistlari esa xavotir aks etgan bu savollarni may oyi boshida Toshkentga tashrif buyurgan Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmazga yo‘naltirgan edilar.

Janob Yilmaz bu savolga javob berarkan, o‘zbekistonliklarning Turkiyadan izohsiz deportatsiya qilinayotgani masalasi Toshkentdagi mas’ullar bilan ham muhokama qilinganini, bu muammo yaqinda ikki davlat mutasaddilari tomonidan birgalikda ko‘rib chiqilishini bildirgan edi. Ammo o‘sha tashrifdan buyon qariyb to‘rt hafta o‘tgan bo‘lganiga qaramay, o‘zbekistonliklarni Turkiyadan izohsiz deportatsiya qilish davom etmoqda va bloger Beknazar Rahmatov bilan bugun kuzatilayotgan holat ham buning yaqqol misolidir.

XS
SM
MD
LG