Anqara G‘azo sektoridagi jangovar harakatlar tufayli Isroilga qarshi Janubiy Afrika Respublikasi tomonidan BMT xalqaro sudiga berilgan da’vo arizasiga qo‘shildi. Bu haqda Turkiya Buyuk millat majlisi (parlamenti) ma’lumot tarqatdi.
Shu tariqa Turkiya G‘azo sektorida XAMAS guruhiga (AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan) qarshi harbiy amaliyot manzarasida Isroilni javobgarlikka tortishni talab qilib chiqqan yettinchi mamlakatga aylandi. Isroillik rasmiylar G‘azodagi harbiy amaliyot XAMASchilarning o‘tgan yil 7-oktyabridagi Isroil janubiga hujumiga javob o‘laroq boshlanganini aytib kelishadi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on G‘azodagi voqealarni bir necha bor “falastinliklar qatliomi” deb atagan. Isroil bu ayblovlarning barchasini rad etgan.
Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) Isroilga qarshi da’vo arizasini Haagadagi BMT xalqaro sudiga 2023-yilning dekabr oyida kiritgan. May oyi oxirida xalqaro sud Isroilga G‘azo sektorining Misr bilan chegarasida joylashgan Rafah shahridagi jangovar amaliyotni to‘xtatish haqida ko‘rsatma bergan. Bundan tashqari, sud genotsidga oid ma’lumotlarni tergov qilish uchun xalqaro inspektorlar guruhini G‘azoga kiritishga chaqirgan.
Turkiyadan tashqari JARning da’vo arizasiga Nikaragua, Kolumbiya, Liviya, Meksika, Ispaniya va Falastin muxtoriyati qo‘shilgan.
BMT xalqaro sudining qarorlari bajarilishi majburiy bo‘lib hisoblanmaydi, biroq ular xalqaro huquq jihatidan o‘z vazniga ega bo‘lib, Isroilga nisbatan boshqa mamlakatlar dastagi susayishiga sabab bo‘lishi mumkin.