Anqara Qirg‘izistonning Turkiyadan olingan qarzini kechib yuborgan. Bu haqda 5-noyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida bildirgan.
Japarov Erdo‘g‘on bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijalariga ko‘ra sog‘liqni saqlash, energetika, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish, shuningdek, xavfsizlik va madaniyat sohalarida qator shartnomalar imzolanganini ham ma’lum qilgan.
“Ishonch bilan aytishim mumkinki, bu davlat tashrifi Qirg‘iziston-Turkiya aloqalari tarixida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan muhim voqea bo‘ldi”, degan Sadir Japarov.
Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyatining axborot siyosati bo‘limi mudiri Dayirbek O‘runbekov keyinroq “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasida Qirg‘izistonning Turkiya oldida 58,8 million dollar miqdorida qarzi qolgani va bu qarzdan “yashil iqtisodiyot” loyihalarini amalga oshirish evaziga kechib yuborilgani haqida yozdi.
Erdo‘g‘on Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan 4-noyabr oqshomida yetib kelgan. 5-noyabr kuni Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyatida tor va kengaytirilgan tarkibda uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan, bu uchrashuvlar yakunida esa qo‘shma bayonot qabul qilingan.
Erdo‘g‘on 6-noyabr kuni Bishkekda o‘tkaziladigan Turk davlatlari tashkiloti XI sammitida ham ishtirok etishi kutilmoqda. Mazkur sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etadi.
Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov rivojlanayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda yordam berish uchun “yashil iqtisodiyot” evaziga qarzdan kechish mexanizmidan foydalanish taklifi bilan xalqaro moliya tashkilotlari va davlatlarga bir necha bor murojaat qilgan edi.