Turkiya maxsus xizmatlari “Krokus Siti Xoll”dagi hujumdan keyin hozirlanayotgan ikkinchi terakt haqida Rossiyani ogohlantirgan. Bu haqda Turkiyaning Hurriyet nashri xabar qildi.
Nashr qaydicha, terrorchilar odam to‘la bo‘lgan savdo markaziga hujum qilishni rejalashtirib yurishgan. Hurriyet xabariga ko‘ra, bu ma’lumot “Islom davlati” terror guruhining Afg‘onistondagi bo‘linmasi bo‘lgan “Viloyati Xuroson”ning avvalroq Turkiyada qo‘lga olingan besh nafar a’zosidan olingan. Mazkur guruh shu yil 22-martida Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” savdo markazida sodir etilgan terakt uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan edi.
Gazetaning yozishicha, “Viloyati Xuroson” faoliyatini uzoq vaqtdan beri kuzatib yurgan Turkiya maxsus xizmatlari joriy yil yanvarida Istanbuldagi Santa-Mariya cherkoviga hujumdan so‘ng qator shaxslarni so‘roq qilishgan va Rossiya tomoni bilan aloqa o‘rnatishgan. Hurriyet bunga oid boshqa tafsilotlarni keltirgan emas.
Avvalroq “Krokus Siti Xoll”ga hujum ishi bo‘yicha qo‘lga olingan ikki tojikistonlik Turkiyaga safar qilgani haqida xabar qilingan edi. Rossiyadagi terakt ortidan turk rasmiylari IDning muhtamal tarafdorlariga qarshi bir necha amaliyot o‘tkazishgan, buning natijasida 200 chog‘li odam qo‘lga olingan.
Joriy yilning 22-mart kuni avtomatlar bilan qurollangan bir necha kishi “Piknik” rok guruhi konserti bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Krokus” konsert zaliga bostirib kirib, yig‘ilgan tomoshabinlarni o‘qqa tutgan edi. Keyinroq hujumchilar zalga o‘t qo‘yishgan, alanga qamrovi kengaygani ortidan bino tomi qulab tushgan. Hodisa chog‘ida, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 144 kishi halok bo‘lgan.
Hujum uchun mas’uliyatni terror guruhi o‘laroq tan olingan “Islom davlati” o‘z zimmasiga olgan. Terakt aynan shu guruh vakillari tomonidan tashkil etilganiga AQSH va G‘arbdagi boshqa mamlakatlar ham amin. Rossiya tomoni terakt ijrochilari ortidan Ukraina turgan bo‘lishi mumkinligini iddao qilmoqda. Kiyev barcha ayblovlarni qat’iyan rad etib keladi.
“Krokus”ga hujumdan oldinroq AQSH doxil G‘arbdagi bir necha mamlakat maxsus xizmatlari rossiyalik rasmiylarni mamlakat hududida teraktlar sodir etilishi mumkinligi haqida ogohlantirishgan. O‘sha paytda Vladimir Putin bu ma’lumotni “shantaj” deb atab, bu bilan Rossiya jamiyatini “beqarorlashtirish va qo‘rqitib qo‘yish” istalayotganini iddao qilgan edi.