Turkiyada Tojikiston hukumatiga muxolifatda bo‘lgan “24 guruhi” faoli Firuz Boboyev qo‘lga olindi, deya xabar qildi Ozodlikning tojik xizmati. Mazkur guruh Tojikistonda ekstremistik tashkilot o‘laroq taqiqlangan.
“24 guruhi” vakillari 5-fevral kuni Turkiyada siyosiy qochqin sifatida 2016-yilda qaydga olingan Boboyev “ikkinchi marta qo‘lga olinayotgani” haqida ma’lum qilishgan.
“Bu safar u 21-yanvar kuni qo‘lga olindi va hozirda uni deportatsiya qilish masalasi hal qliinmoqda”, deyilgan “24 guruhi” bayonotida.
Bayonotda Firuz Boboyev birinchi marta Tojikiston talabi bilan 2024-yilning avgust oyi boshida qo‘lga olingani, biroq keyin oktyabr oyida qo‘yib yuborilgani qayd etilgan.
“24 guruhi” Turkiya rasmiylari Boboyevni ozod qilishiga ko‘maklashish iltimosi bilan huquqbonlik tashkilotlari va demokratik davlatlarning barchasiga murojaat bilan chiqqan.
“Tajribadan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, Turkiya erkin fikrlovchi kishilar yashashi mumkin bo‘lgan mamlakat emas. Har daqiqada Boboyev Tojikistonga deportatsiya qilinishi va uzoq muddatga qamoqxonaga tashlanishi ehtimoli bor”, deyilgan bayonotda.
Ochiq manbalarda Firuz Boboyev aynan nimada ayblanayotganiga oid ma’lumot yo‘q.
“24 guruhi” ham Boboyevga qo‘yilayotgan ayblovga doir biror tafsilot keltirgan emas, biroq Tojikistonda bu tashkilot faoliyatida ishtirok etganlik uchun o‘nlab fuqaro hibsga olinib, qamoqqa tashlangan.
2024-yil fevral va mart oylarida Istanbulda “24 guruhi” lideri Suhrob Zafar hamda bu harakatning Turkiyadagi vakili Nasimjon Sharifov daraksiz yo‘qolgan, ular keyinroq Dushanbedan topilib, biri 30 yilga, yana biri 20 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.