Turkiya janubi-sharqida sodir bo‘lgan dahshatli zilzilaga bir yil to‘lishi munosabati bilan o‘n mingdan ortiq odam Xatay viloyati markazida yig‘ildi. Namoyishchilar o‘tgan yilgi falokatda hukumatning e’tiborsizlik qilganidan norozi.
O‘tgan yili Turkiyada sodir bo‘lgan 7,8 magnitudali dahshatli zilzila mamlakat janubi-sharqi va qo‘shni Suriyadagi bir qancha shahar va qishloqlarni vayron qildi.
Tabiiy ofat oqibatida Turkiyada 50 000 dan ortiq, Suriyada esa 5 900 ga yaqin odam halok bo‘ldi, millionlab odam boshpanasiz qoldi.
O‘tgan yilgi zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan Xatay viloyati aholisi hukumat va mahalliy ma’muriyatdan iste’fo talab qilmoqda.
Xatay shahri markazida yig‘ilganlar «Ovozimni kimdir eshitadimi?» deb yozilgan bannerlarni ko‘tarib olishgan. Namoyishchilar ko‘plab odamlar binolar qulaganidan emas, balki sovuqda vayronalar ostida uzoq vaqt qolib ketish oqibatida halok bo‘lganini aytishmoqda.
Merve Gursel zilzilada halok bo‘lgan yaqinlarini xotirlar ekan, shunday deydi:
«O‘sha mudhish kunda bu odamlarning yonida hech kim bo‘lmagan. Bu yerga yig‘ilganlarning dardi - ularni qutqarib bo‘lmagani, ularning ovozini hech kim eshita olmagani».
Erdo‘g‘on Facebook' da o‘tgan yilgi zilzila og‘rig‘i bir yil o‘tgan bo‘lsa ham hali tark etmagani hamda hukumat falokatdan so‘ng darhol chora ko‘rganini haqida yozdi.
Biroq, xataylik Nurul Sabah Aksuning aytishicha, hukumat shahar aholisini o‘lim bilan yolg‘iz tashlab ketgan.
"Bu yerda minglab odam halok bo‘ldi. Hukumat qayerda edi? Nega Xatayni tashlab qo‘yishdi? Nega bizni unutishdi?" — deydi Aksu.