Turkmanistonda oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshib ketdi. Ayni chog‘da tanqislik va navbatlar ham bartaraf etilgani yo‘q. Ozodlik turkman xizmati va ayrim mustaqil nashrlar xabar qilishicha, narxlar 30 foizdan 400 foizgacha oshgan.
Qimmatchilik eng avvalo non narxlarida aks etdi. Davlat do‘konlarida nonning subsidiyalangan bahosi 0,6 manatdan 2,5 manatga (3,5 manat - 1 AQSh dollariga teng) ko‘tarildi. Aksar do‘konlar nonni shu narxda sotmoqda. 0,6 manatlik eski narx 16 - fevraldan bekor qilingani aytilmoqda.
Ozodlik muxbirlari bu narx qisman saqlab qolinishini aniqlashdi. Ya’ni, bolalar bog‘chalari va harbiy qismlarga non vaqtincha shu bahoda yetkazib beriladi.
Nonning ayrim turlari tijorat bahosi o‘rtacha ikki baravarga qimmatlashgan.
“Xronika Turkmenistana” nashri yaqindagina narxi 1 manat bo‘lgan obinon endilikda ikki baravar qimmatga sotilayotgani haqida yozdi.
“Turkmen.news” xabariga ko‘ra, Ashxoboddagi davlat do‘konlarida 1 manatlik tandir noni bir haftadan beri sotilmayapti. Uning o‘rniga xaridorlarga gazo‘choqda yopilgan cho‘rak non yoki buxanka 2,5 manat bahoda taklif etilmoqda.
Non narxining mislsiz darajada ko‘tarilishi Xalq Maslahatining favqulodda yig‘ilishida mamlakatda hokimiyat almashinuvi haqida e’lon qilinishi va undan keyin muddatidan avval prezident saylovi kuni tayinlanishi ortidan boshlandi.
Parlament yuqori palatasining yig‘ilishidan keyinoq barcha oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashdi.
“Xronika Turkmenistana” xabar qilishicha, Xalq maslahati yig‘ilishi arafasida narxlari tushirilgan oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashgan. 11-12 - fevral kunlari xususiy do‘konlarda bir kilo kartoshka 5 manat, pomidor va bodring – 5-6 manat, olma – 6-8 manat, mol go‘shti 65 manat bahoda sotilgandi. Yig‘ilishning ertasiga kartoshkaning kilosi 9 manatga, pomidor va bodring – 12-13 manatga, olma – 12-13 manatga, mol go‘shti 70 manatga chiqdi.
Shuningdek, sut mahsulotlari narxi ham oshdi.
Bu qimmatchilik 2017 - yildan davomli inqiroz sharoitida kun kechirishga majbur bo‘layotgan aholining ahvolini yanada og‘irlashtiradi. So‘nggi yillarda pandemiya manzarasida oziq-ovqat tanqisligi chuqurlashdi, aholi daromadlari esa kamaydi.
Hukumat esa ro‘y berayotgan voqealarni ko‘rib ko‘rmaslikka olmoqda. Xalq Maslahati yig‘ilishida mamlakat iqtisodiy o‘sishga erishayotganligi e’lon qilindi.
Holbuki, non sotib olish hatto poytaxt Ashxobodda ham jiddiy muammoga aylangan. Hukumat navbatlarni yashirish maqsadida nonni qorong‘i tushganidan keyin sottirmoqda. Subsidiyalangan narxdagi non qisqa vaqt ichida sotilib bitadi. Politsiya esa qaytadan navbatga turib oladiganlarni ta’qib qilib, belgilangan normadan ortiqcha xarid qilingan nonni ulardan tortib oladi. Bu past navli undan yopilgan buxanka non bo‘lib, kishi boshiga uchtadan ortiq berilmaydi.
Ozodlik turkman xizmati muxbiri Ashxobod do‘konlaridan birida sotib olingan non suratini yubordi.
“Non sirtidan emas, ichidan mog‘orlaydi. Odatda mog‘orlashga ulgurmasdan yeb yuborishadi. Men buxankani atay, tajriba uchun qoldirdim. Hukumat odamlarni hatto shunaqa non bilan ham ta’minlay olmayapti”, deb yozgan muxbir.
Sifati past ekaniga qaramay, odamlar shu nonni deb soatlab navbatda turadilar.