Turkmaniston rasmiylari Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollarga 60 manat (3 AQSH dollari atrofida) miqdorida pul sovg‘a qilishadi. Bu haqda 21-fevral kuni bo‘lib o‘tgan hukumat majlisida ma’lum bo‘lgan.
Turkmaniston televideniyesining “Vatan” axborot dasturi xabariga ko‘ra, sovg‘alar 2025-yilning 1-martidan 6-martigacha ulashiladi. Pul davlat va xususiy korxonalarda ishlaydigan ayollarga, pensionerlarga, ijtimoiy nafaqa oluvchilar hamda bog‘cha tarbiyalanuvchilaridan boshlab doktorantlargacha barcha ta’lim dargohi o‘quvchilariga beriladi.
Turkmaniston prezidenti Sardor Berdimuhamedov tomonidan imzolangan hujjatga muvofiq, to‘lovga oid qaror mamlakat “rivoji va farovonligida ayollar xizmatining e’tirofi o‘laroq” hamda “onalar va opa-singillarni e’zozlash bo‘yicha milliy an’analar”ni davom ettirish uchun qabul qilingan.
Turkmanistonda har yili Xalqaro xotin-qizlar kunida ayollarga davlat rahbari nomidan pul sovg‘a qilinadi va uning summasi o‘zgarmasdan qolmoqda. Bugungi kunda 60 manatga mamlakat fuqarolari bir necha kilogram piyoz yoki bir kilo go‘sht sotib olishlari mumkin.