Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:38

Turkmanistonda ona tilida ta’lim olishni istagan o‘zbeklarning murojaati yana rad etildi


Ashxoboddagi maktab bolalari. 1-sentyabr, 2012-yil
Ashxoboddagi maktab bolalari. 1-sentyabr, 2012-yil

Turkmanistonda yashovchi milliy ozchiliklar, xususan etnik o‘zbeklarning farzandlariga o‘z ona tilida yoki rus tilida ta’lim olishga ruxsat berish haqidagi so‘rovi bu yil ham rad etildi.

Avvalroq, “turkmanlashtirish” siyosati tufayli etnik ozchiliklar yashagan qishloqlar bo‘shab qolayotgani xabar qilingan edi. Ayni chog‘da ba’zi hududlarda ingliz, fransuz, nemis, arab, xitoy, yapon, fors va italyan tillaridagi maxsus ta’lim dasturlari joriy etilmoqda.

Ozodlik radiosi turkman xizmatining Lebap va Toshhovuz viloyatlaridagi muxbirlariga ko‘ra, bu yil o‘zbek oilalardan juda ko‘p bolalar maktabga chiqqani munosabati bilan ota-onalar o‘zbek tilli sinflar ochishni yoki, hech bo‘lmaganda o‘quv dasturiga o‘zbek tili va adabiyoti darslarini kiritishni iltimos qilganlar, biroq ularga rad javobi berilgan.

Lebap viloyatining Qo‘ytendog‘, Kerki, Xo‘jamboz, Darg‘onota va Chorjo‘y tumanlarida, shuningdek Turkmanobod shahrining bir necha mavzesida yuzlab etnik o‘zbeklar mahalliy ta’lim boshqarmasi va bo‘limlariga muojaat qilib, 2024-2025-o‘quv yilida har bir tumanda loaqal bittadan o‘zbek sinflarini ochishni so‘rashgan. Ammo mulozimlarga ularga quloq solmayapti.

Turkmanistondan farqli o‘laroq, qo‘shni O‘zbekiston va Tojikistonning etnik turkmanlar yashaydigan hududlarida ona tilida ta’lim olish muammo emas. Chunonchi, rasmiy xabarlarga ko‘ra, Tojikistonning Xatlon viloyati, Do‘stiy tumanida Maxtumquli nomidagi o‘rta umumta’lim maktab ochilishiga hozirlik ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, qo‘shni respublikalarda turkman tili va adabiyoti bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ham e’tibor beriladi. Ashxobod esa milliy ozchiliklarning ayrim maktablarda ularning ona tilida o‘qitiladigan aqalli bittadan sinf ochib berish iltimosini hadeb rad qilib kelmoqda.

Kerki tumanida yashovchi, o‘g‘li bu yil maktabga chiqqan Saida ismli ayol aytishicha, o‘zbeklar Kerki shahridagi maktablardan birida 25-30 o‘quvchi uchun bittagina sinf ochishni so‘rab so‘nggi uch oy ichida tuman ta’lim bo‘limiga bir necha marta murojaat qilganlar. Ularga bu masalani “yuqori”, ya’ni prezident administratsiyasi va ta’lim vazirligi ruxsatisiz hal etib bo‘lmaydi, deb javob berishgan.

“Biz ham Turkmaniston fuqarolarimiz, shu yurtda yashaymiz, u holda mamlakat Konstitutsiyasi va qonunlari bilan kafolatlangan o‘z ona tilimizda ta’lim olish huquqimiz 20 yildan ziyod vaqtdan beri poymol etilmoqda?” savol beradi Saida.

Farzandlari o‘z ona tilida ta’lim olishini istagan ota-onalar iltimoslarini Ozodlik radiosi orqali mamlakat prezidentiga yetkazishmoqchi.

“Sardor Berdimuhamedov aytganidek, Vatan xalq bilan Vatan bo‘ladigan bo‘lsa, marhamat qilib milliy ozchiliklar tig‘iz yashaydigan aholi maskanlarida ona tilida ta’lim olishga imkoniyat yaratib berishsin”, deydi Magdanli shahrilik bir o‘qituvchi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Туркманлар қашшоқлик ва қатағондан Ўзбекистонга қочмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:21 0:00

Rasmiy xabarlarga qaraganda, Toshhovuz viloyatida bu yil 34 mingga yaqin bola birinchi sinfga boradi. Biroq, Toshhovuz shahrida, shuningdek Shabot, Ruhibelend va Ko‘hna Urganch tumanlaridagi yuzlab ota-onalar loaqal bir yoki ikkita o‘zbek sinf ochtira olishmadi.

O‘zini Munira deb tanitgan ko‘hna urganchlik ayolga ko‘ra, “turkman mulozimlari milliy ozchiliklar huquqlarini poymol etish bilan Turkmanistonning xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazishmoqda”.

“O‘zbeklar ham Turkmanistonning teng huquqli fuqarolari. Shabot tumani aholisining 99 foizini o‘zbeklar tashkil etishini bir paytlar Gurbanguli Berdimuhamedov ham qayd etgandi. Lekin o‘zbek tili, madaniyati va o‘zbek maktablaridan gap ochilganida mulozimlar nega bunaqa toqatsizlik qilishadi, hayronman!” deydi Munira.

Hukumatdan bu masalada iltifot ko‘rmayotgan faqat o‘zbeklar emas.

Toshhovuz viloyati Ta’lim boshqarmasining ismini ochiqlashni istamagan xodimiga ko‘ra, Saparmurod Turkmanboshi, Boldumsoz, Gubadog‘ va Ko‘hna Urganch tumanlarida etnik qozoqlar, tatarlar va koreyslar ham istiqomat qilishadi va rus tilli sinflar ochish iltimosi bilan murojaat qilishganida ularga ham rad javobi berilgan.

Shuningdek, Lebap viloyatida yashovchi tatarlar, ruslar, ukrainlar, boshqirdlar, ozarbayjonlar, tojiklar, lezginlarning Darg‘onota, Chorjo‘y va Kerki tumanlaridagi ayrim maktablarda rus sinflarini tashkil qilish iltimosi ham qondirilmagan.

Bolqon viloyati etnik qozoqlari ham qozoq tilli sinf ochib berishni so‘raganlarida shunday javob olganlar.

“Turkmanboshi shahri, Qorabo‘g‘oz va Turkmanboshi tumanlarida yashaydigan qozoq oilalar bu yil qozoq tilida ta’lim beruvchi hech bo‘lmaganda bitta sinf ochilishiga umid qilishgandi”, deydi o‘zini Bektosh deb tanishtirgan turkmanistonlik qozoq.

Ozodlikning Marv viloyatidagi manbalari ushbu hududda yashovchi etnik belujlarning savodxonlik darajasi so‘nggi yillarda nihoyatda tushib ketganini ma’lum qilishmoqda.

“Beluj qishloqlaridagi maktablarda turkman tilida ta’lim beriladi, ammo darslar saviyasi juda past. Soatlar ham qisqarib ketgan. Bolalar maktabga borish o‘rniga mol boqishadi yoki paxta terishadi. Ular o‘z ona tilida o‘qiy olmayotgani ustiga turkman tilida ham yolchib o‘qishmayapti. Mulozimlar esa muammoni ko‘rib ko‘rmaganga olmoqda”, deydi Turkmanqal’adagi bir maktab muallimi.

Ma’lumot uchun, Toshhovuz viloyatida ingliz, fransuz, nemis, arab, xitoy, yapon, fors va italyan tillaridagi maxsus o‘quv dasturlari joriy etilgan 31 ta maxsus o‘rta maktablar mavjud.

Turkmaniston rahbarlari o‘z bayonotlarida irqiy kamsitishni hamisha qoralaydi va mamlakatda “xalqlarning o‘zaro totuv yashashiga qaratilgan siyosat” yuritilayotganini iddao qilishadi.

XS
SM
MD
LG