Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:33

Uchinchi to‘lqin? Zangiota shifoxonasida pnevmoniyaga chalinganlar soni ortmoqda


Toshkent viloyatidagi Zangiota shifoxonasi, avgust, 2020 - yil (arxiv)
Toshkent viloyatidagi Zangiota shifoxonasi, avgust, 2020 - yil (arxiv)

Toshkentda koronvirusga chalingan bemorlar uchun maxsus qurilgan 600 o‘rinlik Zangiota-2 shifoxonasi tibbiyot xodimlariga ko‘ra, shifoxona qariyb to‘lgan va bemorlar asosan, Toshkent shahri va viloyati, Samarqand hamda Namangan viloyatlaridan keltirilmoqda.

Shifokorlarga ko‘ra, yoz oylarida pnevmoniyaga chalinayotgan bemorlarning aksarida koronavirus aniqlanmayotir, ammo bu xastalikni ham COVID-19 kasalligi chaqirmoqda, degan xulosaga kelingan.

Ozodlikka tibbiyot xodimlari va aholidan kelayotgan murojaatlarda koronavirusning Hindiston va Rossiyada uchrayotgan yangi shtammi O‘zbekistonga ham kelib bo‘lgan, degan xavotir tilga olinmoqda. Ammo, rasmiylar bu xavotirlarni hozircha tasdiqlagani yo‘q.

Ayni paytda O‘zbekistonning ayrim qo‘shnilari rasmiylari COVID-19 epidemiyasining uchinchi to‘lqini boshlangani to‘g‘risida bayonot berdi.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmati bugungi vaziyat haqida to‘liq ma’lumot berishni va’da qildi, Ozodlik savollariga javob kutmoqda.



COVID-19 kasalligiga chalingan bemorlar uchun 2020 - yilda Toshkent viloyatida maxsus qurilgan Zangiota-2 shifoxonasida pnevmoniyaga chalingan bemorlar soni kundan-kunga ortib borayotgani aytilmoqda.

Shu shifoxonada ishlaydigan shifokorning ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, pnevmoniyaga chalingan bemorlarning aksarida koronavirus aniqlanmayotir:

“Bemor soni ko‘paygani rost. Pnevmoniya bilan og‘rigan bemorlar. Bemorlar katta ehtimol bilan koviddan zararlangan. Lekin tahlilda har doim ham kovid tasdiqlanavermaydi. Blok 600 dan ko‘proq bemorga mo‘ljallangan. Hozirgi vaqtda deyarli 95% to‘lgan”.

Bu shifokorning aytishicha, aynan shu kasalxonada bemorlar soni ortayotganiga sabab - bir tarafdan bemorlar soni ortayotgan bo‘lsa, ikkinchi tarafdan respublika bo‘ylab, pnevmoniya yoki COVID-19 ga chalingan bemorlarning aynan shu shifoxonaga keltirilayotganidir.

Boisi, viloyatlarda ochilgan Kovid-markazlari yopilgan, koronavirusga chalinganlar faqat tuman markaziy shifoxonalari yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilmoqda. Ahvoli og‘irlari esa Zangiota shifoxonasiga yo‘llanmoqda.

“Bemorda pnevmoniya kuzatildimi, agar o‘rta og‘ir, og‘ir holatda bo‘lsa, albatta Zangiotaga yotqizilyapti. Bu kasallar 80-90% holatda koviddan pnevmoniya bo‘lgani kuzatilgan. Chunki yozda pnevmoniya bilan og‘rish kam kuzatiladi, odatda. Agar shu bemorlarda analizida kovid tasdiqlansa, rasmiy raqamga qo‘shilyapti, bo‘lmasa yo‘q”, deydi Zangiota shifoxonasida ishlayotgan shifokor.

Ozodlikka so‘nggi 2 hafta ichida kelayotgan murojaatlarda ham ushbu shifoxonada bemorlar ko‘paygani, boisi aholi orasida, koronavirusga chalinganlar soni ortib borayotgani haqida xavotirlar ko‘p tilga olinmoqda.

Bundan tashqari, so‘nggi kunlarda Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi tibbiyot xodimlari va shifokorlar kanallarida ham koronavirusning “hindcha shtamm”i O‘zbekistonda tarqala boshlagani haqidagi ovozlar yoyilmoqda.

Zangiota shifoxonasida ishlayotgan vrach virusning yangi shtammi tarqalayotganiga oid biror ma’lumotga ega emasligi, bu haqda rasman hech qanday ma’lumot berilmaganini aytdi.

Ammo, uning aytishicha, shu kunlarda 2 ta bloki ishlab turgan bu shifoxonada hali ishga tushmagan 800 o‘rinli uchinchi blokni ochishga hozirlik bormoqda va bu blok aynan koronavirus hamda pnevmoniyaga chalinganlarga mo‘ljallanayotgani aytilgan.

Ozodlik muxbiri ushbu shifoxonaning ma’muriyati bilan bog‘langanida, telefon go‘shagini ko‘targan xodim: “Bu masalada biror ma’lumot berish vakolatim yo‘q. Bu boradagi hamma ma’lumotni respublika SESdan olishingiz mumkin”, deya telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi. Bu shifoxona bosh vrachi qabulxonasi va boshqa mutasaddilari bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

Namangan va Samarqand viloyatlarida ishlayotgan shifokorlar ham hozircha virusning yangi turi tarqalayotgani haqida biror rasmiy ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

Jumladan, Samarqand viloyatidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlaydigan shifokor taxminicha, Qozog‘iston va Rossiyaga kelib ulgurgan "hindcha shtamm" O‘zbekistonga ham kirib kelgani ehtimoli juda katta:

"O‘tgan yili kasal bo‘lmaganlar yoki kasalni yengil o‘tkazayotganlar kasallikning yangi turiga chalinayogan bo‘lishi mumkin. Lekin, bu haqda bizda aniq rasmiy ma’lumot yo‘q".

Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot xizmati esa Ozodlik muxbiridan 23 - iyun kuni savollarni qabul qilib oldi va 24 - iyun kuni tushdan keyin javob berilishini va’da qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) bergan rasmiy ma’lumotlarda ham koronavirus yuqqanlar soni so‘nggi kunlarda barqaror ortib borayotgani kuzatilmoqda:

  • 22 - iyun kuni jami 419 nafar,
  • 21 - iyun kuni 400,
  • 20 - iyun kuni 427 nafar bemorda koronavirus aniqlangan.

O‘tgan hafta boshida - 15 - iyun kuni 351, 14 - iyun kuni esa 300 nafar bemorda koronavirus aniqlangani rasman e’lon qilingan edi.

Ayni paytda SSV aholini koronavirusga qarshi emlanishga faol targ‘ib qilmoqda. So‘nggi rasmiy raqamlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab jami 2 million 974 ming 317 doza vaksinadan foydalanilgan, jami 139 ming 839 kishi vaksinatsiyaning 3 bosqichdan to‘liq o‘tgan.

Ammo, Namangan va Samarqand viloyatlarida ishlayotgan shifokor hamda hamshiralar aholida koronavirusga qarshi emlanish istagi u qadar baland emasligini aytmoqda.

Jumladan, Namangan viloyatining Chust tumanidagi qishloq vrachlik punktlaridan birining umumiy amaliyot shifokoriga ko‘ra, shu kunda ular 30 yoshdan yuqorilarni emlanishga targ‘ib qilmoqda:

“Bizda 20 ming atrofida aholi bo‘lsa, hozircha taxminan 15 foizi emlandi. Ko‘pchilikda emlanishga istak yo‘q. Vaksina majburiymas, bepul”.

Aholi asosan, O‘zbekiston va Xitoy olimlari tomonidan birgalikda sinalgan, ammo Xitoyda ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi bilan emlanmoqda.

SSV bergan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonning vaksina zaxirasi jami 5,4 million dozaga yetgan, shu paytga qadar bundan 2,4 million dozadan ortig‘i ishlatilgan.

Buning 3 yarim million dozasi ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi, 660 ming dozasi Buyuk Britaniyada ishlab chiqilgan AstraZeneca, 240 ming dozasi esa Rosiyada ishlangan “Sputnik V” vaksinasidir.

XS
SM
MD
LG