Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:30

Ukraina: Alisher Usmonovning 50 million dollarlik mulki musodara qilindi


Alisher Usmonov
Alisher Usmonov

Ukraina Oliy aksilkorrupsiya sudi Rossiya oligarxi, asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning ikki milliard grivnalik (48,2 million dollar) aktivlarini musodara qilish haqida qaror chiqardi.

Ukraina adliya vaziri o‘rinbosari Inna Bogatixga ko‘ra, bu o‘rinda gap Usmonovga tegishli 160 ming tonnadan ziyod temir rudasini davlat ixtiyoriga o‘tkazish haqida ketmoqda. Bundan tashqari, avvalroq Usmonov nazoratida bo‘lgan “Peter-Servis Ukraina” shirkatining 100 foiz ustav kapitali ham musodara qilinadi.

Ukraina Oliy aksilkorrupsiya sudining qarori hali kuchga kirgani yo‘q. Binobarin, qaror ustidan shikoyat qilish mumkin.

2022-yili Ukraina xavfsizlik xizmati mamlakat dengiz portlari va yashirin omborlarda saqlanayotan Usmonovga tegishli temir rudasi olib qo‘yilgani haqida ma’lum qilgandi. Xavfsizlik idorasiga ko‘ra, katta miqdordagi xomayoshni yashirincha Rossiyaga yuborish va metallurgiya hamda harbiy-sanoat yo‘nalishida ishlatish rejalashtirilgan.

Alisher Usmonov dunyoning eng boy odamlaridan biri sanaladi. Forbes nashri uning boyligi 13,4 milliard dollar ekanini yozgan.

Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirgach, YI, AQSH va boshqa G‘arb davlatlari unga nisbatan sanksiya joriy qildi.

Yevroittifoq o‘z qarorini Usmonov Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan “xos aloqalar”ga egaligi va “Ukrainani beqarorlashtirishni faol qo‘llab-quvvatlagani” bilan asoslagan. Ucmonov Putin bilan xos aloqalari va Rossiya rahbariyati qabul qiladigan siyosiy qarorlarga qaysidir shaklda ta’sir ko‘rsata olishini inkor qilgan.

XS
SM
MD
LG