Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:49

Ukraina bosh prokurori: Rossiya harbiylari 2022-yildan buyon 60 dan ziyod asir o‘ldirgan


Rossiyaliklar tomonidan otib o‘ldirilgan ukrainalik asir Aleksandr Matsiyevskiy
Rossiyaliklar tomonidan otib o‘ldirilgan ukrainalik asir Aleksandr Matsiyevskiy

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan buyon rossiyalik harbiylar ukrainalik asirlardan kamida 61 nafarini o‘ldirishgan. Ukraina rasmiylari tasdiqlashga muvaffaq bo‘lgan ma’lumotlar ana shunday, deya bildirdi Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin. Mulozimga ko‘ra, 61 nafar harbiy asirning sudsiz qatl etilgani bo‘yicha 27 ta jinoyat ishi tergov qilinmoqda. Ulardan biri bo‘yicha hukm chiqarilgan, yana bir nechtasi sudda ko‘rib chiqilyapti.

Rossiyada asir o‘laroq ushlab turilgan 2200 nafar ukrainalik harbiy jabrlanuvchi deya tan olingan. Ularning 500 dan ziyodi so‘roq paytida o‘ziga qarshi jismoniy zo‘ravonlik, shu jumladan elektr toki yordamida qiynoq qo‘llanilganini ma’lum qilgan. Kostinga ko‘ra, asirga tushgan ukrainalik harbiylarning hammasi “g‘ayriinsoniy shart-sharoitda” saqlanmoqda, ko‘pchiligi, masalan, ukrain tilida gapirgani uchun qiynoqqa solinib, kaltaklanmoqda, ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmayapti.

Kostin Rossiyaning 15 hududida ukrainalik harbiylar muntazam ravishda tahqirlanayotgan kamida 25 ta obyekt aniqlanganini ham qo‘shimcha qilgan.

Bir necha kun avval Rossiya telegram-kanallari Xarkov viloyatida ukrainalik harbiylar tahqirlanayotgani aks etgan videoni yoyinlagan edi. Unda rossiyaliklar ukrainaliklarni ko‘zlari bog‘liq holda olib ketishayotgani, ularni SSSR gimnini aytishga majbur qilib, kaltaklashayotgani hamda o‘lim bilan tahdid qilishayotganini ko‘rish mumkin. Ukraina ombudsmani Dmitriy Lubines bu video yuzasidan xalqaro tuzilmalarga murojaat qilgan.

So‘nggi paytlarda asirga tushayotgan yoki tushgan ukrainalik harbiylar o‘ldirilganiga oid xabarlar tez-tez chiqib turibdi. Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti vakillari bir necha oy ichida bu kabi 10 dan ortiq voqeani tasdiqlatishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ukrainalik rasmiylar bu kabi xabarlar tekshirilishini bildirishgan, biroq bu tekshiruv natijalari haqida ma’lumot berilgan emas. BMT hisobotlarida urushda ishtirok etayotgan har ikki tomon tarafidan Jeneva konvensiyasi moddalari buzilganiga oid holatlar qayd etilgan.

XS
SM
MD
LG