Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:17

Ukraina DDos hujumi O‘zbekiston orqali uyushtirilgan demoqda. Toshkent jim


Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujum Rossiya va Xitoydan boshlangan. Portal mutaxassislari buni to‘xtatib qo‘ygan, lekin keyin hujum yana davom etgan — bu safar Chexiya va O‘zbekistondan bo‘lgan.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, hujum Rossiya va Xitoydan boshlangan. Portal mutaxassislari buni to‘xtatib qo‘ygan, lekin keyin hujum yana davom etgan — bu safar Chexiya va O‘zbekistondan bo‘lgan.

Ukraina rasmiylari 15 - fevral kuni mamlakatning “Dіya” portaliga qilingan DDos hakerlik hujumi O‘zbekiston orqali uyushtirilgan, deb bayonot berdi.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi Ozodlik muxbirining bu haqdagi so‘rovini javobsiz qoldirdi.

Toshkentdagi davlatga qarashli Kiberxavfsizlik markazi rahbariyati ham Ozodlikka bu xabarlarni izohlashni istamadi.

Mutaxassislar fikricha, bir davlat DDos hujumlarni ikkinchi davlat orqali uchinchi davlatga osongina uyushtirishi, buni ikkinchi davlat bilmasligi ham mumkin.

Ukraina hukumati mamlakat qurolli kuchlari va bir qancha vazirlik va banklar veb-saytlari kiberhujumga uchragani haqida xabar qilgan edi.

Ukraina Raqamli transformatsiyalar vaziri Mixail Fedorov hakerlar 15 - fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:00 atrofida portal saytini buzib kirishga harakat qilgan.

“Taxminan soat 20:00 da banklar ortidan “Dіya” portaliga kuchli DDoS hujumi boshlandi, bu kutilgan edi”, deb yozadi Fedorov Tvitter sahifasida.

Fyodorovga ko‘ra, hujum Rossiya va Xitoydan boshlangan. Portal mutaxassislari buni to‘xtatib qo‘ygan, lekin keyin hujum yana davom etgan — bu safar Chexiya va O‘zbekistondan.

O‘zbekiston orqali qilingan DDos hujumi?

Fedorovning qayd etishicha, portalga sekundiga 600 ming zararli trafik yopirilgan.

"Hujumlarning boshlang‘ich nuqtasi Rossiya va Xitoydan ekani aniqlandi. Soniyasiga taxminan 600 ming zararli trafik paketi uzatilgan. Mutaxassislarimiz tezkorlik bilan bu hujumlarni “qaytardi”. Ammo keyingi hujumlar Chexiya va O‘zbekiston orqali uyushtirildi. Bu hujumlar ham “to‘sildi”. Foydalanuvchilar uchun hujum harakatlari sezilmagan”, — deb bildirdi Fedorov Telegram kanalida.

Vazirning ta’kidlashicha, Ukraina Mudofaa vazirligi, Qurolli kuchlar, “Privatbank” hamda “Oshadbank”ning saytlari DDoS hakerlik hujumlariga uchragan.

Bundan oldin Ukrainaning "Monobank"i asoschisi Oleg Goroxovskiy DDos hujumi mamlakatning deyarli barcha banklarida kuzatilganini aytgan.

Xakerlar Ukrainaning Alfa-Bank va A-Bankiga ham hujum qilishga uringan.

Goroxovskiy DDos hujumni misli ko‘rilmagan deb aytgan.

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xodimi Ozodlikka bu haqda keyinroq izoh berilishini aytdi.

Lekin, ayni telefon raqamiga keyin kun davomida bog‘lanib bo‘lmadi.

DDos hujumlar uchinchi davlat orqali uyushtirilishi mumkinmi?

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan mutaxassislar bir davlat DDos hujumlarni ikkinchi davlat orqali uchinchi davlatga osongina uyushtirishi, buni ikkinchi davlat bilmasligi ham mumkinligini aytishadi.

"Har qanday davlat orqali, hatto ular bilmagan holda ham bunday hujumlarni amalga oshirish juda oson.

Bu shunday ishlaydi. Ko‘plab odamlarning kompyuterlari botlarni yuqtirgan. Shu botlarga kerakli vaqtda buyruq beriladi va boshqa davlatlardan ham qilinishi mumkin.

Shu mamlakat rasmiylari bundan bexabar bo‘lishi mumkin, chunki botlar dunyoning istalgan nuqtasidan boshqariladi", - deydi ismi ochiqlanmasligini istagan o‘zbekistonlik kompyuter sohasi mutaxassisi.

Kiberxavfsizlik bo‘yicha ukrainalik ekspert Anton Nosov Ozodlik bilan suhbat DDos hujumlar qanday amalga oshirilishini yana ham oddiyroq tilda tushuntirishga harakat qiladi:

"Juda arzon va oson buni qilish, shu bilan birga hujum manbasini yashirish ham oson. DDos hujumlardan maqsad bank ma’lumotlari yoki boshqa ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun emas, balki tizimni, biron infratuzilmani ishdan chiqarish maqsadida qilinadi. Buni qanday tushuntirsam ekan? Telefoningiz bir vaqtni o‘zida 1000 ta yoki 10 000 ta qo‘ng‘iroqni qabul qilgan holatni tasavvur qiling, nima bo‘ladi? Endi shu holatni kompyuter tizimida tasavvur qiling. Bunaqa oqimni tizim ko‘tarolmaydi, ba’zi hollarda ishdan chiqadi".

O‘zbekistonga oid yangiliklarini yorituvchi qator axborot saytlari DDos hakerlik hujumlariga uchrashi ko‘p kuzatilgan.

Sayt egalari hujumda O‘zbekiston maxsus xizmatlarini ayblashgan.

DDos hujumlari Rossiyaning Ukrainaga bosqini kutilayotgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

AQSh va G‘arb Rossiyani Ukraina chegarasiga 100 mingdan ziyod qo‘shinini to‘plab, bosqinga tayyorlanishda ayblab kelyapti.

Yanvar oyida Ukraina idoralariga qilingan kiberhujumlardan so‘ng Yevropa Ittifoqi Kiyev hukumatining veb-saytlariga kiberhujum bilan kurashishda yordam berish uchun resurslarni safarbar qilishini bildirgan.

Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel o‘shanda hujum ortida kim turgani noma’lum, biroq “taxmin qilishimiz mumkin”, degandi.

Oq uyning rasmiysi Ann Noyberger shu oy boshida Rossiya kiberhujumlardan Ukrainani beqarorlashtirish va yanada bostirib kirish harakatlarining bir qismi sifatida foydalanishi mumkinligini aytgandi.

4 - fevral kuni AQShning ikki yirik texnologiya kompaniyasi -- Microsoft va Palo Alto Networks -- Ukraina Rossiya razvedkasi tomonidan nazorat qilinadi deb hisoblaydigan hakerlik guruhi mamlakatdagi keng doiradagi tashkilotlarni nishonga olganini aytgandi.

XS
SM
MD
LG