Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:48

"Ukraina muammosidan chalg‘itish". Moskvada masjid qurilishiga qarshi ommaviy noroziliklar


Moskvadagi masjid qurilishiga qarshi namoyish.
Moskvadagi masjid qurilishiga qarshi namoyish.

O‘tgan yakshanba Moskvadagi ko‘p ming kishilik norozilik namoyishidan so‘ng Rossiya poytaxtining Kosino-Uxtomskoye tumanidagi masjid qurilishi to‘xtatildi. Moskva meri Sergey Sobyanin masjid qurilishini boshqa joyga ko‘chirish taklifi Rossiya patriarxi Kirill va bosh muftiysi Ravil G‘aynuddindan tushganini bildirdi.

- Aslida gap 2,5 ming metr kvadratli juda kamtarona obyekt haqida ketyapti. Bu murojaatlar inobatga olinib, bo‘lajak masjidning joylashuvi o‘zgartiriladi. Uni qurish uchun Kosino metro bekati yaqinida, kelajakdagi MSD-3 diametri, Moskva tezyurar diametri va Moskva halqa yo‘li o‘rtasida yer uchastkasi ajratiladi, deb javob qaytardi meriya rahbari.

Moskvada migrantlar markazi va yangi masjid barpo etilishi to‘g‘risida xabarlar fevral oxiri-mart boshida qator Telegram-kanallari, millatchi sayt va nashrlarda paydo bo‘ldi.

Noma’lum manbalarga tayanib yashin tezligida tarqatilgan bu xabarni Kojuxovodagi pravoslav cherkovi ruhoniysi Aleksiy Mityushin tasdiqlab, pravoslavlar uchun muqaddas sanalgan Kosino ko‘li yonida mehmonxona va xo‘jalik inshootlari bilan birga ulkan masjid kompleksi qurilishini ma’lum qilgandi.

Telegramda tuzilgan kanal orqali “Sargrad” pravoslav millatchilari jamiyati “xalq yig‘ini”ga odam to‘play boshladi.

Millatchi va pravoslav tashkilotlari faollari bunday ommaviy tadbirlar har shanba-yakshanba Kosino ko‘li yonida uyushtirilishini gapirmoqda. Masjid qurilishiga qarshi rus hukumati qo‘llovida bo‘lgan “Sorok sorokov” va “Ikkiboshli burgut” va boshqa millatchilar tashkilotlari o‘z faolligini oshirdi.

Bu tashkilotlar va “Sargrad” telekanali ochiq ksenofob va millatchilik qarashlari bilan tanilgan oligarx Konstantin Malofeyevga tegishli. Malofeyev, shuningdek, Lugansk va Donetskdagi ayirmachilarni moddiy ta’minoti bilan 2014-yildan buyon shug‘ullanib kelayotgani to‘g‘risida xalqaro nashrlar va Ukraina razvedkasi ko‘p bor xabar qilgan. G‘arb sanksiyalari ostiga tushgan rus oligarxi “Putin- biz uchun katta baxt!” va “Monarxiya - bizning orzumiz!” degan gaplari bilan ham tanilgan.

Mahalliy faollar bu yerda masjid qurilishiga qarshi miting va “yig‘in” uyushtirishni ruxsat so‘rab shahar hokimligiga murojaat yo‘llaganini bildirgandi.

Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush harakatlarini bir yildan ortiq vaqt davomida olib borayotgan va har qanday miting va yig‘ilishlar, hatto yakka piketlar taqiqlangan Rossiyada musulmonlar ibodatlari uchun imorat qurilishiga qarshi ommaviy tadbirga ruxsat berilayotgani kuzatuvchilarni hayratga solmoqda.

- Ukraina muammosidan chalg‘ib, yana migrantlarni va musulmonlarni nishonga olishga yuqoridan ruxsat berilgan ko‘rinadi. Maqsad - odamlarni fikrini frontdagi mag‘lubiyatlar va ichkaridagi iqtisodiy-ijtimoiy muammolardan chalg‘itish. Moskvada musulmonlar boshqa masjidlar qurilmasligiga ko‘nikib ham qoldi, harakat ham qilayotgani yo‘q. Lekin qanaqadir millatchilarga Islomga qarshi mana shunday provokatsiyalarni uyushitirib turish kerak bo‘lsa kerak-da, deydi Ozodlik bilan suhbatda ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan moskvalik musulmon faollardan biri.

Moskva hukumati Kosino-Uxtomskoye tumanida Muqaddas ko‘l yonida hech qanday masjid qurilmayotgani, u yerda 2024-yilda “Ulitsa Dmitriyevskogo” transport-peresadka uzeli ishga tushishi to‘g‘risida avvaliga rasmiy javob berdi. Biroq tushuntirishga qaramasdan, mahalliylar miting va yig‘inlarni to‘xtatish niyatidan qaytmadi. Masjid va migrantlar markazi qurilishiga qarshi Telegram qanalida hatto maxsus sahifa ochildi.

Diniy bayroqlarni ko‘targan nasroniy moskvaliklar 9-aprel kuni yana yig‘ildi.

Kosinoliklar esa Rossiya prezidenti nomiga imzo yig‘ishga tushdi.

Mahalliy telekanallarga bergan intervyularida mahalliy ruslar masjid qurilishi “migrantlar oqimini oshirishi” va tumanda kelgindilar tufayli “jinoyatchilik oshishi”dan xavotir bildirmoqda.

"Bizga kim bilan urushishning farqi yo‘q! "

Ozodlik so‘roviga Rossiya Musulmonlar diniy idorasida Kosino-Uxtomskoyeda masjid qurilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar haqida va uni izohlashga ham hojat yo‘qligini ma’lum qilishdi.

Ukrainlar yerida bosqinchilik qilayotgan mana bu pravoslav jangchilar ham masjid qurilishidan norozi ekanini ma’lum qilishga urindi.

Kosino-Uxtomskoyedagi muqaddas joyda masjid qurilayotgani masalasida. Bu hujjatlarga qo‘l qo‘yayotgan amaldorlar din, xalq haqida emas, o‘z cho‘ntagi haqida qayg‘uryapti. Ogohlantiramanki, buning javobini qog‘ozda emas, yakkama-yakka uchrashuvda berasiz! Pravoslav dinini badnom qilishga yo‘l qo‘ymaymiz! - deydi qurol ko‘targanlardan biri.

Bu tortishuv Checheniston rahbari Ramzan Qodirov e’tiboriga tushganidan keyin yana avj oldi. Qodirov bu mavzu “sun’iy ravishda qo‘zg‘atilayotgani”dan g‘azabda ekanini bildirdi.

“Agar bu miting ishtirokchilarining barchasi chin dildan rus yerlarini himoya qilishga otlangan bo‘lsa, unda avtomat bilan xandaqlarga olg‘a! Har kuni himoyaga muhtoj bo‘lgan front chizig‘idagi rus yerlarini nazar bilan qamrab olish mushkul. Avtomatni oling, rus Donbassida sizning o‘rningizga jang qilayotgan musulmonni chetga surib, vatanparvarligingizni, Vataningizni qanchalik sevishingizni so‘z yoki provokatsiya bilan emas, balki amalda ko‘rsating", deb yozdi Ramzan Qodirov.

Qodirovning bu keskin bayonoti ortidan mojaroga Ukrainada urushayotgan kavkazlik musulmonlar ham munosabat bildira boshladi.

Ukrainada Putin va “rus olami” uchun urushayotgan kavkazliik soldatlar esa yanada keskinroq fikr bildirdi:

- Biz Moskva shahrida masjid qurilishiga qarlishik qilayotgan g‘ayridinlar va musulmon bo‘lmagan shaxslarga murojaat qilyapmiz… Biz sizlarga tahdid qilayotganimiz yo‘q. Biz sizlarni ogohlantiryapmiz. Siz Parvardigor irodasiga qarshi ketayotgan bo‘lsangiz, biz sizga qarshi ham urushaveramiz! Bizga kim bilan urushish farqi yo‘q!

Masjidga qarshi namoyishlar o‘zbek blogosferasi e’tiboridan chetda qolmadi.

“Putin – rus shovinisti, imperialist. Rus imperializmiga eng katta qarshilik qilgan kuchlardan biri – musulmonlar. Putin gapirganda bamisoli musulmonlarni hurmat qilgandek ko‘rinadi. Lekin uning maqsadi – islom va musulmonlarni assimilyatsiya qilish, o‘zligini yo‘qotish”, deb yozdi siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

Rambler.nyus nashri Moskvada “60 ming gektarda masjid qurilishi” to‘g‘risida maxsus surishtiruv ham o‘tkazib, noroziliklarga 17-fevral kuni VKontakte nashrida paydo bo‘lgan kichik postni sabab qilib ko‘rsatdi.

Rossiya Federatsiyasi Musulmonlar diniy boshqarmasi poytaxtda faoliyat yuritayotgan to‘rtta masjid yetarli emasligi, chunki shaharda uch millionga yaqin musulmon istiqomat qilishini ko‘p yillardan beri bildirib keladi.

Bu mojaro musulmon aholisi yil sayin ko‘payib borayotgan Rossiya megapolislari uchun yangi ibodatxonalarini diniy marosimlarni o‘tkazish joylari yetishmovchiligi sezilayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Muammo tarixi

Rossiya Muftiyati rasmiy vakili Damir Muxetdinov mahalliy nashrlarga bergan intervyularidan birida shaharda mehnat muhojirlari sezilarli darajada qisqargan taqdirda ham mavjud masjidlar soni baribir yetarli bo‘lmasligini aytgandi. U ayniqsa Ramazon va Qurbon hayitlari kunlari Moskva shahrining markazida Jomega to‘planayotgan musulmonlar transport qatnovini qiyinlashtirayotgani, bu noqulayliklardan, birinchi navbatda, moskvaliklarning o‘zlari norozi ekanini ma’lum qilgan.

Bundan ikki yil oldin Moskva janubi-sharqiy ma’muriy okrugi Tatar milliy-madaniy avtonomiyasi rahbari Gayas Yambayev Moskvada oxirgi 10 yil davomida birorta yangi masjid qurilmaganini eslatib, shahar meriyasiga murojaat qilgan edi. 2012-yilda Rossiya bosh muftiysi Ravil G‘aynutdinning Moskvaning har bir tumaniga bittadan masjid qurish kerakligi to‘g‘risidagi taklifiga Sobyanin hukumati tomonidan rad javobi berilgan.

Ayni damda, Moskva hokimiyati birgina poytaxtda qurilishi rejalashtirilgan 279ta pravoslav ibodat kompleksidan oxirgi 10 yilda 99 tasi qurib bitkazilganini ochiqlagan. Ozodlik maktab, bog‘cha yoki tibbiy muassasalar yetishmayotgan Moskvada sanoqsiz va hashamatli pravoslav cherkovlarining qurilishi mahalliy aholining ham noroziligiga olib kelayotgani to‘g‘risida ma’lumotga ega.

O‘z navbatida, Rossiya musulmonlari diniy assambleyasi rahbari Albir Krganov an’anaviy konfessiyalarning ibodatxonalarini qurish uchun yer berishning yagona qoidalarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidlab, bayonot bergan edi. U yoki bu sabablarga ko‘ra musulmonlar ibodatxonalari uchun yer ajratishdan bosh tortayotgan amaldorlarning pozitsiyasi tufayli Rossiya mintaqalarida istiqomat qilayotgan musulmonlar masjid qurish imkoniyatidan mahrum ekanidan afsus bildirgan.

Путиннинг ваҳшат қуроли - қодировчилар
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:18 0:00

Shu bilan birga, muftiyat Rossiya shaharlarda musulmon aholisining katta qismini mehnat migrantlari tashkil etishini e’tirof etib keladi.

Masjidlar qurilishiga qarshi norozilik aksiyalari Rossiyaning boshqa mintaqalarida ham bo‘lgan. Masalan, 2016-yilda Permda bozor oldida masjid qurilishiga qarshi yuzdan ziyod odam yig‘ilgandi. Mahalliylar bosimi ostida Permda masjid qurilishi to‘xtatildi.

2012-yil sentabrida Moskvaning Mitino tumani aholisi bu hududda masjid qurilishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishiga chiqqandi.

2010-yilning 11-sentabrida Moskvaning janubi-sharqida joylashgan “Tekstilshchiki” tumanida masjid qurish rejalariga mahalliy aholi qarshilik ko‘rsatgandi. Natijada qurilish boshlanmasdan to‘xtab qolgan.

XS
SM
MD
LG