Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 11:32

Ko‘ngilsiz ko‘ngillilar: Ukraina urushiga Chechenistondan kimlar va nega boryapti?


"Ahmat" "ko‘ngillilar" batalyoni jangchilari. Mariupol, 17-aprel, 2022.
"Ahmat" "ko‘ngillilar" batalyoni jangchilari. Mariupol, 17-aprel, 2022.

Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi 2022-yilning mart – may oylarida Chechenistondan urushga yo‘llangan qodirovchilar va ko‘ngillilar deb atalayotgan askarlar ro‘yxatini ochiqladi. Ro‘yxatda 2425 ta ism bor, shundan yuz kishi o‘lganlar deb qayd etilgan. "Kavkaz.Realii" tahririyati halok bo‘lganlar va yaradorlardan ba’zilarining qarindoshlari bilan gaplashib, ma’lumotlarning haqiqiyligiga ishonch hosil qildi.

Ukrain razvedkasiga ko‘ra, ro‘yxatdagi qodirovchilar “hujumning ikkinchi eshelonida” bo‘lgan va armiya bilan izma-iz yurib, bosib olingan hududlarda “Rossiya tartiblari”ni o‘rnatish bilan shug‘ullanishgan. Ammo chechenistonlik ko‘ngillilar hatto front ortida ham ancha-muncha talafot ko‘rishgan: 92 o‘lik, 288 yarador. Yana 60 dan ziyod askar o‘z bo‘linmalarini ruxsatsiz tark etib, Ukrainadan jo‘nab ketgan.

Ro‘yxat puxtalik bilan tuzilgan: unda ism-familiya, ota ismlaridan tashqari, tug‘ilgan sanalar, yashash yoki “propiska” manzillariyu oila- a’zolarining telefon raqamlarigacha bor. Unda qariyb 2500 kishi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, shundan Chechenistonda tug‘ilganlar atigi 1296 kishi, xolos.

Ўзбекистон президенти даҳшатли қотилликларга масъул кўриладиган Рамзан Қодировга ноëб совға йўллади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:40 0:00

Ushbu ma’lumotlar Chechenistonning qaysi tumanlaridan, kimlarni urushga majburan jo‘natishgani va kimlar ko‘ngilli bo‘lib kelganini anglatdi. Bu borada Gudermes tumani yetakchilik qiladi – u yerdan 200dan ortiq kishi frontga yo‘llangan. Grozniy shahri qariyb shuncha ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinda bo‘lsa, O‘rus-Martanov tumanidan 150 askar olingan.

Avvalroq Checheniston rahbari “Ukrainaga Qodirovlar naslidan eng jasur yigitlarni jo‘natdim”, degan edi. Ukraina ro‘yxatida esa uning atigi uch nafar qarindoshi bor ekan. Qodirovchilar Ukrainada Hollivud jangari filmlari ruhida videorolik olishga ishqibozligi “Tiktokchi askarlar” degan laqab orttirishdi.

Ukraina razvedkasi chechenistonlik ko‘ngillar orasida Shimoliy Kavkaz respublikalarida yashovchilar ancha-muncha ekan: xususan, Dog‘istondan 80 nafar, Shimoliy Osetiya, Ingushetiya va Qabardin-Bolqordan 30 nafardan. Shuningdek, Qorachoy-Cherkesiya bilan Adigeydan xizmatga olinganlar ham bor.

Ro‘yxatdagi halok bo‘lgan 92 askardan 18 nafari chechen ham, chechenistonlik ham emas. Qolaversa, Ukraina razvedkasi ma’lumotlarida Kavkaz.Realii nashri Chechenistondagi o‘z manbalari orqali o‘lganini aniqlagan askarlarning ism-familiyalari ham keltirilmagan.

Ammo chechen huquq himoyachisi Abubakar Yangulboyev ukrain razvedkachilari ro‘yxatining haqiqiyligini tasdiqladi. Aytishicha, u mazkur ma’lumotlarni o‘zining “O‘lgan chechenistonliklar” ro‘yxati bilan solishtirib ko‘rgan.

“Birinchidan, ukrainlar ro‘yxatidagi ayrim askarlarning o‘limi haqida men avvalroq e’lon qilganman. Ikkinchidan, Chechenistondagi manbalarim urushga ketgan qishloqdoshlari va tanish-bilishlari ismlarini tasdiqlab berishdi. Shaxsan o‘zim ro‘yxatdan beshta hamqishlog‘imni topdim. Qolaversa, ma’lumotlar batafsilligi ham ro‘yxatga ishonchni oshiradi: unda otryadlar nomi, askarlarni kim xizmatga olgani va Ukrainada ularga kim komandirlik qilganigacha qayd qilingan. Ushbu bazani tuzishda ukrainlargaular tarafida urushayotgan chechenlar yordam berishganiga aminman”, deya fikr bildirdi Yangulboyev.

Ukrain siyosatshunosi Mixail Savva mazkur ro‘yxatning ochiqlanishi unda ismi qayd etilganlarga kelgusida jiddiy muammo tug‘diradi, deb hisoblaydi.

“Bu odamlar tinch aholisi o‘ldirilgan, jinsiy zo‘rlangan va bedarak yo‘qolgan Buchada, Irpenda, Andreyevkada va boshqa shahar-qishloqlarda bo‘lishgan. Binobarin, ro‘yxatdagi har bir kishining bu jinoyatlarda qo‘li bor-yo‘qligi tekshiriladi hali. Rossiyadagi joriy rejim jinoyatchilarni yashiradi, ammo u mangu emas, vaziyat bir kuni o‘zgaradi”, deydi Savva.

“Ketma, deb xudoning zorini qildim”

Kavkaz.Realii muxbiri ro‘yxatdagi barcha chechen “ko‘ngilli”larining qarindosh-urug‘lariga qo‘ng‘iroq qildi. Ulardan faqat bir nechasigina gaplashishga rozi bo‘ldi. Ayrimlar “jurnalist” degan so‘zni eshitganlari hamon go‘shakni qo‘yishdi.

Grozniy yaqinidagi Sadovoye qishlog‘ilik halok bo‘lgan askar Dukvaxi Shovxalovning xotiniga oidligi ko‘rsatilgan raqam terilganida ayol kishi javob berdi. U mazkur shaxs uning eri ekanini tasdiqladi. Biroq “turmush o‘rtog‘ingizning urushda qatnashgani va jangda o‘lganiga doir ma’lumot to‘g‘rimi?” degan savoldan so‘ng telefonni o‘chirdi.

Nadterechnoye qishlog‘ilik Aslanbek Aslaxonovning rafiqasi ham o‘zini shunday tutdi. U eri halok bo‘lganini tasdiqladi, ammo boshqa biron savolga javob berishdan bosh tortdi.

Қрим татарлари депортацияси куни: Келажагимизни Украина таркибида кўряпмиз!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:04 0:00

Yana bir o‘lgan askar – Grozniyda yashagan Zelimxon Alxonovning ukasi Kavkaz.Realii bilan suhbatda uning urushga “ko‘ngilli” bo‘lib ketganini aytdi. “Akam ko‘p televizor ko‘rardi, “banderachilar undoq, banderachilar bundoq” degan gaplarga uchdi u. Vatanini ulardan himoya qilmoqchi bo‘ldi. Pul yo unvon uchun emas – ko‘ngilli sifatida”, deydi suhbatdosh. Va o‘zi ham televizor ko‘rsa-da, akasining maslagini xato deb hisoblashini aytdi.

Ukraina Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Zelimxon Ukrainaga 1-aprel kuni jo‘nab ketgan. Ukasining aytishicha, u oilasi bilan ajrashgan, farzandi yo‘q.

Yana bir halok bo‘lgan askar – Aslan Uspanov besh bolaning otasi edi. Opasining so‘zlariga ko‘ra, u ilgari FSBda ishlagan, urushga “ko‘ngilli” bo‘lib borgan. Ukrainada u bir oydan kamroq bo‘lgan. 25-mart kuni uyiga so‘nggi marta qo‘ng‘iroq qilgan. “Borma, deb xudoning zorini qildim – quloq solmadi”, deydi opasi achinib.

Ukraina ro‘yxatidagi Visadi Aliyevning otasi ham Kavkaz.Realiiga o‘g‘lining o‘limini tasdiqladi va faxr bilan “u Qodirovning gvardiyachilaridan biri edi, “spetsnaz”da xizmat qilardi”, dedi. Visadi 27 yoshida o‘lgan, xotini va bola-chaqasi bo‘lmagan.

Suhbatdosh o‘g‘lini urushga borish fikridan qaytarishga uringanini tan oldi: “O‘zim ham Abxaziyada ko‘ngilli bo‘lib urushganman, yaralanganman, gruzinlar qo‘lida asir bo‘ldim... Shuning uchun xohlamagandim”, dedi u.

To‘ng‘ich Aliyev Rossiyaning qo‘shni davlatga bosqinini ma’qullaydi: “Siyosatdonlikka da’vo qilolmayman-u, lekin amerikoslar Ukrainaga o‘rnashib olganida chatoq bo‘lardi...”, deydi u.

Uning o‘g‘lini 4-aprel kuni o‘ldirishdi, ikki kundan so‘ng jasad Chechenistonga yetkazildi. Ota o‘shandan beri mahalliy ma’murlardan yordam kutmoqda. “Hujjatlarni tayyorlashyapti, bo‘lib qolar”, dedi u suhbat yakunida.

Ro‘yxatdagi yana bir ism – Vaxa Guzuyev. Urushdan oldin qurilishda ishlagan, undan besh o‘g‘il va bir qiz qolgan. Onasi va ukasi Guzuyev Ukrainaga majburan borganini, lekin biron g‘oyaviy maslak ta’sirida emas, balki og‘ir turmush tufayli shu qarorga kelganini aytishdi.

“Avval sudlangandi o‘g‘lim. Bir kuni “Oyi, Ukrainaga urushga ketmoqchiman”, dedi. Qarshilik qildim. “U yerda senga nima bor?” desam, “agar urushda qatnashsam, sudlanganimni olib tashlashadi, ish topib berishadi” deb oyoq tiradi. Noiloj qoldim”, eslaydi ona.

Aytishicha, Vaxa Guzuyev armiyada xizmat qilmagan, urushga jo‘natishdan oldin esa uni boshqa “ko‘ngilli”larga qo‘shib atigi bir haftalik kursda o‘qitishgan ekan.

“Akam uyga kam qo‘ng‘iroq qilardi, oxirgi martasida aloqa yomonligidan noligani esimda. Aprel oyi o‘rtalarida u “Azovstal” zavodi yaqinidagi blok-postda soqchilik qilgan”, suhbatga qo‘shiladi ukasi.

Guzuyevning onasi ham hukumatdan yordam olganicha yo‘q, zarur hujjatlarni endi to‘plashyapti. Kavkaz.Realii muxbiri oila bilan so‘zlashib bo‘lganidan so‘ng bir necha daqiqa o‘tib, marhumning xotini u bilan aloqaga chiqadi.

“Holimizdan xabar olib turishibdi, baraka topishsin”, deydi ayol va, albatta, erining urushga borishini xohlamaganini, ammo fikridan qaytarishga “haddi sig‘magan”ini aytadi. Va “Guzuyev bu urush “natsist”larga qarshi ekaniga ishonarmidi, yo‘qmi?” degan savoldan so‘ng shosha-pisha aloqani uzib qo‘yadi.

“Rossiyaga kerak ekan, bordi-da”

Kavkaz.Realii yarador bo‘lgan chechenistonlik “ko‘ngilli”larning qarindoshlari bilan ham gaplashdi. Ma’lum bo‘ldiki, ularning aksari Ukrainaga jo‘natilganlarning nomma-nom ro‘yxati chiqqanidan tamomila bexabar ekan...

Yaradorlardan biri – 47 yashar Rustam Asuyev Grozniy shahridan. Ro‘yxatda o‘g‘lining telefon raqami ko‘rsatilgan. U jurnalist bilan so‘zlashuv chog‘ida otasi kontuziya bo‘lganini, hozir ahvoli yomon emasligini aytdi.

Asuyev harbiy pensiyada bo‘lib, urushga xizmatdosh do‘stlari bilan ketgan ekan. Hozir u o‘z uyida. “Otam urushda ekan, Ukrainadan bir kishi qo‘ng‘iroq qilib, “nega otang yurtimizga qurol ko‘tarib keldi, nega sen uni yo‘ldan qaytarmading”, deb urishdi, haqorat ham qildi”, tan oldi yigitcha.

Ro‘yxatdagi Muslim Yanayev ismli yarador O‘rus-Martan tumanidan. Otasining so‘zlariga ko‘ra, u kuchishlatar idoralarda ishlagan va “organ”ga qaytadan joylashish maqsadida urushga jo‘nagan. “Fevralda 30 yoshga to‘ldi. Jiddiy yaralanganga o‘xshaydi, kontuziya ham bo‘lgan. Chap tomoni ishlamaydi... Qaydam, o‘q tekkanmi, oskolkami...”, deydi u o‘g‘lining salomatligi haqidagi savolga javoban.

Muslimning uch farzandi bor: ikki o‘g‘il, bir qiz. Ota o‘g‘li Rossiya tarafida Ukrainaga qarshi jang qilish uchun jo‘nashga qaror qilganida uning ra’yiga qarshi bormaganini yashirmadi: “Har kimga xudo aql bergan, kap-katta odam, o‘zi biladi... Urush o‘z nomi bilan urush-da, tavba, kimga keragi bor shuni. Ammo-lekin Rossiyaga shu kerak ekan, bordi, nailoj”.

Keyinroq Kavkaz.Realii muxbiriga boshqa raqamdan bir ayol telefon qilib, o‘zini Muslim Yanayevning onasi deb tanishtirdi. Ovozi ohangida xavotir sezilardi. U erining telefon raqamini jurnalistlar qayerdan olishgani bilan qiziqdi.

“Ularni majburlab urushga yuborishgan taqdirda ham biz hech kimga hisob berishimiz shart emas. Nega bunaqa ma’lumotlarni yig‘yapsizlar? Jonga tegdinglar rosti. Ko‘ngillimi, organ xodimimi yoki majburan jo‘natilganmi, sizlarga nima? Shuni bilishdan sizlarga nima foyda?” dedi ayol achchiqlanib.

Achxoy-Martan tumanida tug‘ilgan Isa Ahmatov o‘tgan kuzda 25 yoshga kirdi. Ukrainadan u kontuziya bo‘lib, oyog‘i sinib qaytgan edi, ammo to‘liq tuzalmasdan frontga qaytibdi. “Eshitishimcha, uni haydovchilikka olishgan emish, askarlikka oyog‘i yaramagan, chamasi”, deydi Ahmatovning ukasi.

Kavkaz.Realii jurnalisti undan akasining urushga borishdan maqsadi nima ekani haqida so‘raganida u ochig‘ini aytdi: “Hayot majbur qildi. Hammasiga yo‘qchilik sabab”. Ukrainaga jo‘nashidan oldin Ahmatov shartnoma bo‘yicha xizmat qilardi. Uning xotini va bola-chaqasi yo‘q, biroq uyda kasal ota-onasi qolgan.

Harbiyning ukasi Chechenistondan borgan “ko‘ngilli”larning shaxsiy ma’lumotlari internetda e’lon qilinganini bilgach, avvaliga hayron bo‘ldi, so‘ngra ranjidi:

“Ularning ismlari qanaqasiga ochiq-oydin internetga chiqariladi? Birov sizdirganmi, jin ursin. Bu kelajakda menga ham, akamga ham zarar keltiradi-ku”, dedi u hafsalasi pir bo‘lib.

***

Chechenistonga oid “Ko‘ngillilar kanali” Telegram-akkaunti Ukrainada urushishni xohlovchilar uchun askarlikka yollash bilan bog‘liq xabar va ma’lumotlarni e’lon qilardi. Ukraina Mudofaa vazirligi ro‘yxati tarqaganidan so‘ng ko‘p o‘tmay akkaunt askar olish vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Uning mualliflari bir haftadan keyin qaytishga va’da berib, sudlanganlar ortiq qabul qilinmasligi haqida ogohlantirishdi.

Bu ko‘ngillilar ro‘yxatida muqaddam firibgarlik, narkotik tijorati, qurol savdosi va hatto qotillik kabi jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar borligi aniqlanganiga oid xabarlar ta’siri bo‘lishi mumkin. Xususan, Rossiyadagi hozirda tugatilgan “Rusьsidyashchaya” xayriya fondi rahbari, huquqbon va jurnalist Olga Romanova ham shu haqda yozib chiqqandi. U rasman qamoq jazosini o‘tayotgan shaxslar Ukrainaga jo‘natilayotganini taxmin qilgan. “Bunaqa kimsalarga Ukrainada eng qabih ishlar topshirilishi mumkin”, degandi Romanova.

XS
SM
MD
LG