Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:39

Ukraina urushi: Qozoqlar Ukrainaga xayrixoh, o‘zbeklar ko‘proq Rossiyani qo‘llaydi - tadqiqot


Olmaotadagi Ukrain shoiri Taras Shevchenko haykali oldidagi birdamlik namoyishi. 24-fevral, 2023
Olmaotadagi Ukrain shoiri Taras Shevchenko haykali oldidagi birdamlik namoyishi. 24-fevral, 2023

Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston aholisining katta qismi Ukrainadagi harbiy harakatlarni kuzatishda davom etmoqda. Qozog‘iston jamiyatida Ukrainaga xayrixohlik yaqqol ko‘zga tashlanadi. Qirg‘iziston va O‘zbekistonning aksar fuqarolari esa Rossiya tarafida.

Qozog‘istondagi PaperLab tadqiqot markazining “Urush aks-sadosi: Rossiya-Ukraina urushiga nisbatan Markaziy Osiyo jamiyatlari ko‘zqarashi” nomli tadqiqotidan olingan xulosalardan biri shu.

“Urush, hamma shu haqda gapiryapti, hatto bolalar ham. Maktabdan kelib, savol beradi: “Oyi, siz Rossiya tarafidamisiz yoki Ukraina tarafida?” “Maktabda shuni muhokama qilasizlarmi?” deyman. Bor-yo‘g‘i beshinchi sinf bolasi-ya! “Bizda hamma ikkiga ajralib oldi. Siz Ukraina tarafidamisiz?” qaytadan so‘roqqa tutadi o‘g‘lim. “Boshlaringni qotirmanglar, buning sizlarga daxli yo‘q”, deb gapni cho‘rt kesaman” – bu PaperLab markazi fokus-guruhida ishtirok etgan ostonalik 45 yoshli ayolning so‘zlari. Ayol, o‘g‘liga uqtirgani kabi, “bu urushning Qozog‘istonga hech qanday aloqasi yo‘q”, deb hisoblashini aytadi.

Qozog‘istonliklar Ukrainadagi vaziyatni bosqinning ilk kunidan beri kuzatib turishibdi, biroq, aftidan, Qozog‘iston va qo‘shni Qirg‘izistonda odamlar “urushga ko‘nika boshlaganlar”.

Misol uchun, Qozog‘istonda 2022-yilning bahorida so‘rovda qatnashganlarning 32 foizi “urushni juda diqqat bilan”, 39 foizi “yetarlicha diqqat bilan” kuzatayotganini bildirgan edi. 2023-yilning bahorida esa bu ko‘rsatkich mos ravishda 26 va 38 foizlarni tashkil qilgan.

Туркманистонлик ўзбек Украина урушида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:13 0:00

Qirg‘izistonda 2022-yilning bahorida 41 foiz respondent “urushni juda diqqat bilan kuzatyapmiz”, 34 foizi esa “yetarlicha diqqat bilan kuzatyapmiz” deb javob bergan. 2023-yilning bahorida bu ko‘rsatkich 33 va 41 foizga teng bo‘lgan.

O‘zbekistonda 2022-yilning bahorida so‘rov ishtirokchilarining 23 foizi urushni “juda diqqat bilan” va 25 foizi “yetarlicha diqqat bilan” kuzatayotganini aytgan (2023-yilda mamlakatda so‘rov o‘tkazilmagan). Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalari Central Asia Barometer Survey tashkiloti tadqiqotidan olingan.

PaperLab tadqiqotchilariga ko‘ra, oradan ikki yil o‘tib Markaziy Osiyo aholisi urushga o‘z ijtimoiy muammolari prizmasi orqali qaramoqda.

Xususan, qozog‘istonliklarni Rossiya yoki Ukrainada yashayotgan qarindoshlarini ko‘rgani bora olmayotganlari, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarini esa Rossiyada ishlab yurgan qarindoshlarini urushga jo‘natishlari mumkinligi ko‘proq tashvishga soladi.

Shuningdek, qozog‘istonliklar orasida mamlakatning shimoliy viloyatlari Rossiya hujumiga uchrashi yoki Rossiya tomonidan “bosib olinishi” tahdidini his etuvchilar ham bor. Aftidan, urush boshlanganidan so‘ng bu qo‘rquv kuchaygan. 2022-yil noyabrdagi so‘rovda respondentlarning 26 foizi “Rossiya Qozog‘istonga hujum qilishi mumkin” degan bo‘lsa, 74 foizi “bunaqa bo‘lishi mumkin emas”ligini aytgan. 2023-yilning may oyida ushbu ehtimoldan xavfsiraydiganlar soni 39 foizga yetgan.

Qozog‘istonda urushni oqlovchilar kamaygan

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hududlarda urushga ko‘proq qiziqish va xavotir bilan qarovchi toifa bu 50 yoshdan kattalardir (40-53 foiz). Ular ko‘pincha o‘z munosabatlarida ushbu davlatlar (Rossiya va Ukraina) bir paytlar Sovet Ittifoqi “bayrog‘i ostida” yashaganini pesh qiladilar.

Yoshlar orasida Rossiya tajovuziga loqaydlik bilan qaraydiganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi, deyiladi tadqiqotda. Chunonchi, Qozog‘iston va O‘zbekistonda so‘rovda qatnashgan 30 yoshgacha yigit-qizlarning atigi 15 foizi va Qirg‘izistonda 22 foizi – “Ukrainadagi urushni g‘oyat diqqat bilan kuzatyapmiz”, deb javob bergan.

“Ukraina urushi mavzusini Maydon voqealaridan beri kuzatib, o‘rganib yurganlar bor. Biz respondentlarni turli masalalar qiziqtirishini aniqladik: birinchidan, ular urush unchalik uzoqda emasligini, qolaversa, urush boshlanganidan so‘ng narx-navo oshib, iqtisodiyot va migratsiyaga salbiy ta’sir etayotganini his qilib turishibdi”, deydi tadqiqotchilardan biri, qozog‘istonlik sotsiolog Serik Beysembayev.

Rossiya Ukrainaga bosqin boshlaganida O‘zbekistonda urushni oqlovchilar salmog‘i ko‘p edi (44 foiz). 2023-yil bahorda o‘tkazilgan so‘rovda qozog‘istonliklarning 23 foizi va Qirg‘iziston fuqarolarining 33 foizi urushni oqlagan.

2022-yilgi so‘rov natijalariga qiyoslaydigan bo‘lsak, urushni oqlovchi qirg‘izistonliklar soni o‘zgarmagan, Qozog‘istonda esa bu urushni to‘g‘ri deb hisoblovchilar soni 30 foizdan 23 foizga kamaygan. Qolaversa, bosqin boshlangan paytda urushni oqlagan ayrim qozog‘istonliklar 2023-yilning bahorida o‘tkazilgan so‘rovda urushni qoralovchilar safiga qo‘shilgan.

“Rossiya axborot makonini to‘liq nazorat qila olmasligi ko‘rinib turibdi”

2023-yilning bahorida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda qozog‘istonlik respondentlardan 26 foizi urush uchun Rossiyani, 20 foizi Ukrainani, 10 foizi esa Qo‘shma Shtatlarni aybdor deb bilishini aytgan. Qirg‘izistonda Ukrainani ayblovchilar soni ko‘proq (36 foiz) bo‘lgan, shuningdek 14 foiz respondent – Rossiyani, 13 foiz respondent esa AQSHni aybdor qilgan.

Украинадаги уруш: Ғалабалар, мағлубиятлар ва бетарафлик
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:25:46 0:00

2023-yilning birinchi yarmida o‘tkazilgan so‘rov Markaziy Osiyo aholisiga Rossiya propagandasi hanuz salbiy ta’sir etayotganini ko‘rsatdi.

So‘rov ishtirokchilari “Ukrainaga qarshi urushni AQSB prezidenti Bayden uyushtirgan”, “Rossiya o‘z strategik manfaatlarini himoya qilyapti”, “Rossiya iqtisodiy inqirozda, Putin jamoatchilikni chalg‘itmoqchi” yoki “Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy aybdor” kabi fikrlarni ilgari surganlar. Ayrim so‘ralganlar esa “Ukrainadagi banderachilar va millatchilar” haqida gapirgan. Ushbu narrativlarni Rossiya propagandasi odamlar ongiga singdirmoqda.

“Rossiya OAVlarining mintaqa mamlakatlariga ta’sir darajasidan kelib chiqib so‘rov ishtirokchilari AQSN, YI va NATO timsolida kollektiv G‘arbni asosiy aybdor deb ko‘rsatishini kutish mumkin edi. Garchi bunday fikr keng tarqalgan bo‘lsa-da, ayni chog‘da Markaziy Osiyoda ko‘plab odamlar urush boshlangani uchun javobgarlikni Rossiyaga, Ukrainaga va ularning liderlari zimmasiga yuklamoqda. Bundan shu xulosa chiqadiki, Kreml Rossiyada axborot monopoliyasini o‘rnatishga intilayotgan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyo axborot makonini to‘la-to‘kis nazorat qila olmayapti. Binobarin, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda Ukrainadagi urush aybdorlariga doir narrativ kompleks va dinamik xarakterga ega”, deyiladi hisobotda.

2023-yilning martida Qozog‘istonda bo‘lgan so‘rov ishtirokchilarining 22 foizi Ukrainani, 12 foizi Rossiyani qo‘llab quvvatlagan, 60 foizi esa betarafligini aytgan.

Urush diplomatiya yo‘li bilan bartaraf etilishi haqidagi qarashlar

Tadqiqot o‘tgan yilda Qozog‘iston va Qirg‘iziston aholisi “urush tahdidi” vahimasidan forig‘ bo‘la boshlaganini, vaziyat yomonlashadi deb hisoblovchilar salmog‘i esa ikkala mamlakatda ham 10 foizga kamayganini ko‘rsatdi.

2023-yilning bahorida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, qozog‘istonliklarning 42 foizi urush diplomatiya yo‘li bilan bartaraf qilinadi, deb javob bergan. Shuningdek, 18 foiz respondent Rossiya Ukraina talablariga yon berishini, 18 foiz respondent esa Rossiya chekinishini aytgan.

Qirg‘izistonda fokus-guruhlar ishtirokchilarining 55 foizi “ikki mamlakat diplomatik kelishuvga erishadi” deb, 25 foizi “Ukraina Rossiya talablarini bajaradi” deb va atigi 4 foizi “Rossiya chekinadi” deb javob bergan.

Озодлик Бучада: Бедарак кетган ўзбеклар изидан
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:36:44 0:00

Paperlab tadqiqot markazi sotsiologi Serik Beysembayev tashkilot mazkur hisobot orqali tadqiqot majburiyatini bajarganini aytadi.

“Tadqiqotdan maqsad – ilmiy asoslangan axborotni tarqatish yo‘li bilan jamiyatda bo‘layotgan munozaraga ko‘maklashish edi. Ukraina mavzusi juda muhim. Odam ekspert bo‘lmasligi mumkin, biroq uyda, ko‘cha-ko‘yda bu mavzuni chetla o‘tolmaydi va muhokamalar asnosida yangi ko‘zqarash shakllanishi mumkin”, deydi Beysembayev.

Mazkur sotsiologik tadqiqotni o‘tkazishga ko‘maklashgan ayrim mualliflar o‘z mamlakatlarida bosimga yo‘liqishdan xavfsirab ismlari sir qolishini ma’qul ko‘rishdi.

XS
SM
MD
LG