Линклар

Шошилинч хабар
03 январ 2025, Тошкент вақти: 10:13

Ukrainada bolalar uyi raketa zarbasiga nishon bo‘ldi


Rossiya tomonidan Sumi viloyatiga raketa zarbasi berilishi oqibatlari, 2024-yil 30-avgust
Rossiya tomonidan Sumi viloyatiga raketa zarbasi berilishi oqibatlari, 2024-yil 30-avgust

Ukrainaning Sumi shahrida yakshanba kuni ikkita bolalar muassasasi – bolalar uyi va bolalarning ijtimoiy-psixologik reabilitatsiyasi markazi Rossiya qo‘shinlari raketa zarbasiga nishon bo‘ldi. Qayd etilishicha, bitta binoda joylashgan bu ikki muassasa shaharning aholi yashaydigan mavzesi orasida joylashgan.

Sumi viloyati harbiy ma’muriyatining bildirishicha, zarba natijasida yuzaga kelgan vayrongarchilik ko‘lami va jabrlanganlar soni aniqlanmoqda. Ayni paytgacha ikki nafar bola – yetti yashar bola va o‘n uch yashar qiz tan jarohati olgani ma’lum.

Bundan bir necha soat avval Sumida ikkita sanoat korxonasi raketa zarbasiga nishon bo‘lgan edi. Mahalliy prokuratura hujum chog‘ida bir necha kishi yaralanganini ma’lum qilgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi Sumining o‘qqa tutilishi yuzasidan hali izoh berganicha yo‘q.

Ukrainaning Sumi viloyati 6-avgust kuni Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari kirgan Rossiyaning Kursk viloyati bilan chegaradosh. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bu amaliyot maqsadlaridan biri Sumi viloyatini Rossiya tomonidan o‘qqa tutilishidan himoyalash ekanini aytgan edi. Ayni paytda Ukraina armiyasi Kursk viloyati hududiga kirganidan keyin Sumini o‘qqa tutish intensivligi oshgan. Sumi viloyati ma’muriyati umumiy hisobda olti mingga yaqin odam yashagan 23 ta aholi punkti majburiy ravishda evakuatsiya qilinishini e’lon qilgan.

XS
SM
MD
LG