Lyuksemburgda Ukrainaning YIga kirishi bo‘yicha muzokaralar boshlandi.
Hukumatlararo konferensiyada ayni paytda YI kengashida raislik qilayotgan Belgiya tashqi ishlar vaziri Haja Labib birinchi navbatda muhokama qilinadigan masalalar – Ukraiadagi sud islohoti, korrupsiyaga qarshi kurash va milliy ozchilikka nisbatan diskriminatsiya yo‘qligi kabilar bo‘lishini urg‘ulagan.
O‘z navbatida, Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel boshlangan muzokaralar sezilarli islohotlarni talab qiluvchi uzoq muddatli jarayonning debochasi ekanini qayd etgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga ko‘ra, boshlangan muzokaralar mamlakat so‘zsiz Yevropa Ittifoqi a’zosi aylanishi haqida gapirishga imkon beradi.
“Men bu yo‘lda Ukrainani dastaklayotgan barchaga minnatdorlik bildiraman”, deyilgan prezident saytidagi xabarnomada.
Avvalroq matbuot Kiyev va Bryussel uchun muzokara jarayonini rasman 1-iyulgacha boshlash muhimligini yozgan. Mazkur sanadan boshlab Yevropa Ittifoqi kengashida raislik YIda Rossiyaga eng xayrixoh bo‘lgan mamlakat bo‘lmish Vengriyaga o‘tadi.
Budapesht, jumladan Kiyev Ukrainadagi venger ozchiligi huquqlarini himoya qilish uchun yetarli ish qilmayotganini iddao qilib kelgan. Bu muammo kelishuvdagi milliy ozchiliklar huquqlariga oid murosaviy ta’rif yordamida hal etilgan.
YIga kirish yuzasidan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan Yevrointegratsiya masalalari bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Olga Stefanishina Kiyev milliy ozchilik huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Vengriyaning 11 ta talabini bajarishga tayyor ekanini tasdiqlagan.
Budapeshtning Ukrainaga talablarini shu yilning yanvar oyi oxirida Ujgorodga qilgan safari chog‘ida Vengriya TIV rahbari Peter Siyyarto topshirgan edi.
Ukraina YIga kirish uchun nomzod davlat maqomini 2022-yilda olgan. 2023-yil 14-dekabrida Yevropa kengashi Ukrainaning YIga kirishiga oid muzokaralarni boshlash haqida qaror qabul qilgan.
Shu yil 7-iyunida Yevrokomissiya Ukraina muzokaralarni boshlash uchun zarur bo‘lgan dastlabki shartlarni bajarganini tasdiqlagan. Yevropa kengashi Kiyev 2030- yilgacha YIga qo‘shilishi mumkinligi bildirgan, biroq bu borada aniq sana ma’lum emas.