Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:50

"Ular ovozimizni va yuzimizni taqiqlashdi." Huquqlari tortib olingan afg‘on ayollari hayoti


Afg‘oniston, ayollar.
Afg‘oniston, ayollar.

«Tolibon» hukumati yangi va yanada qattiqroq qonunlarni joriy etgan sayin afg‘on ayollarining o‘z hayotlaridan xavotiri tobora kuchayib bormoqda.

Afg‘onistonlik jurnalist Liza Karimiy "Nastoyashcheye Vremya" nashri iltimosiga ko‘ra mamlakat ayollari bilan suhbatlashib, ularning nimani his qilayotgani va erkinliklari butunlay tortib olinganiga qanday munosabatda ekanliklarini o‘rgandi.

Gapirish – ayb

"Men kimman? Kimga tegishliman? Faqat ovozim uchun jazolanishim kerakmi?" - bugun Afg‘oniston ayollarining aksariyati shu kabi savollarga javob izlamoqda. «Tolibon» hokimiyatga kelishi bilan ayollar o‘z erkinligi, tanasi va hatto ovoziga bo‘lgan huquqlarini yo‘qotdi.

Avgust oyi oxirida «Tolibon» 35 moddadan iborat yangi qonunni tasdiqladi. Bu qonun, jumladan, ayollarga jamoat joylarida gapirish va yuzi ochiq holda ko‘chaga chiqishni taqiqlaydi. Hukumat vakillari aytishicha, yangi taqiqlar axloqsizlikka qarshi kurashish va ezgu fazilatlarni rag‘batlantirish maqsadida joriy etilgan. Qonun oliy rahnamo Xaybatulla Oxundzoda tomonidan ma’qullangan.

Yangi qonunning 13-moddasi faqat ayollarga taalluqli. Unda ayol ovozi illatga tenglashtirilgan. Tolibon ayollar ovozini «intim» deb ataydi va ayollarga jamoat joylarida ovoz chiqarib qo‘shiq aytish, gapirish yoki o‘qishni taqiqladi. Bularning hammasini uyda qilishga ruxsat berilgan, lekin faqat ovoz tashqariga eshitilmasligi kerak.

Bundan buyon xotin-qizlarga o‘zlari qon-qarindoshlik yoki nikoh rishtalari bilan bog‘lanmagan erkaklarga qarash ham taqiqlanadi va aksincha.

Толибон канали Марказий Осиёда сув урушига сабаб бўлиши мумкинми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:55 0:00

Qonunda, shuningdek, ayol har doim jamoat joylarida o‘z tanasini yashirishi, boshqalarni vasvasaga solmaslik va o‘zi ham vasvasaga tushmaslik uchun yuzini berkitishi kerakligi ta’kidlangan. Yangi qonunga ko‘ra, kiyim yupqa, tana shaklini ko‘rsatuvchi yoki kalta bo‘lmasligi lozim. Bundan buyon ayollar axloqsizlikdan saqlanish uchun musulmon bo‘lmagan erkak va ayollar oldida ham o‘zlarini to‘liq yashirishlari shart.

Tolibon Afg‘onistonda uch yildan ortiq vaqtdan beri hokimiyat tepasida turibdi. Ular hokimiyatni qo‘lga olganlaridan buyon erkaklar va ayollar erkinligiga doir yangi qoidalar uzluksiz joriy etilmoqda. Taqiqlar muntazam ravishda kuchaytirilmoqda.

"Ishga joylashib, tavakkal qilganimni bilaman"

Yangi qoidalar joriy etilgach, ilgari ishga borgan yoki ba’zan mahramsiz (yaqin erkak qarindoshsiz) ko‘chaga chiqqan qizlar endi yolg‘iz tashqariga chiqishdan qo‘rqadigan bo‘lishdi. Sog‘lig‘ida muammosi bor va shifokorga borishi yoki sayr qilishi kerak bo‘lgan ayollar hozir uyda qamalib qolgan. Erlari va aka-ukalari «Tolibon»ga qarshi jangda halok bo‘lgan yuzlab ayollar esa hozir deyarli chiqib bo‘lmas vaziyatga tushib qolishgan.

Ko‘plab ayollar mamlakatdagi ahvollarini muhokama qilar ekan, hatto bemalol nafas ham ololmayotganlarini aytishmoqda. So‘nggi qabul qilingan qonunlar esa ular uchun navbatdagi zarba bo‘ldi.

"Avvaliga bizga maktablar, universitetlarga borishni taqiqlashdi, hijob kiyishga majbur qilishdi, bugun esa ovozlarimiz va yuzlarimizni taqiqlashdi. Bizdan yana nima istayaptilar?" - deydi Mozori Shariflik 27 yoshli Madina.

Ba’zi qizlar allergiya tufayli yuzlariga niqob taqisha olmaydi, lekin toliblar ularga agar yana bir marta niqobsiz va mahramsiz ko‘chaga chiqsalar, bu "yomon oqibatlarga olib kelishi"ni aytib, tahdid qilishmoqda.

"Islom buyurganidek, men o‘z hijobimni hurmat qilaman, lekin ular bizdan talab qilayotgan narsa islomda yo‘q," deydi Madina. U ayollar ko‘chaga chiqishga qo‘rqishayotganini, hozirgi sharoitni qullik deb atashayotganini aytadi.

Ўзбекистон позицияси: Толиблар билан қандай муносабатларни ўрнатиш керак?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:38 0:00

Tolibon hokimiyat tepasiga kelgach, ayollar tez orada moliyaviy mustaqilligini ham yo‘qotishdi. Endilikda ularga ko‘plab sohalarda ishlash taqiqlangan. Tobora ko‘proq ish beruvchilar ayollarni ishga qabul qilishdan bosh tortmoqda. Hatto yaqinda imkoniyatlar ko‘proq bo‘lgan xususiy biznes sohasida ham ayollarni ishga olishdan voz kechila boshlandi. "Nastoyasheye Vremya"ning bir nechta suhbatdoshlari har safar ish uchun murojaat qilganlarida "Biz ayollarni ishga qabul qilmaymiz, sizga ishlashga ruxsat yo‘q" degan gapni eshitishlariga to‘g‘ri kelayotganini aytishdi.

Ba’zi ayollar katta sa’y-harakatlar natijasida xususiy go‘zallik salonlarida ish topgan – asosan yirik shaharlarda, kichik shaharlardagi vaziyat ancha og‘ir. Biroq yangi qoidalar e’lon qilinishi bilan ular o‘z hayotlari uchun xavotirlana boshladilar. Shunday ayollardan biri – Shoista Jaloliy. Shartnoma bo‘yicha u haftada uch kun ishlaydi, lekin endi bu ancha murakkablashdi.

"Men ishga joylashib tavakkal qilganimni bilaman. Buni ilgari ham bilardim. Ammo oilam va bolalarimga kim pul to‘laydi? Farzandlarim ochlikdan aziyat chekishini istamayman," deydi Shoista.

Afg‘onistonning barcha hududlaridagi qizlar qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Hatto mahram hamrohligida ko‘chaga chiqqanlarida ham, birinchi talabga ko‘ra, yonlaridagi erkak "haqiqiy mahram," ya’ni ota, aka, er yoki o‘g‘il ekanligiga barcha dalillarni ko‘rsatishlari shart. Qarindoshlik hujjatlari doimo yonlarida bo‘lishi kerak. Ayollar bir viloyatdan boshqasiga safar qilganda esa hujjatlarni savodi bo‘lmagan toliblar tekshirib, so‘roq qiladi.

Viloyatlarda yashovchi ayollar katta shaharlardagi ayollarga qaraganda og‘irroq ahvolda. Ko‘pincha ular o‘z huquqlarini bilishmaydi va erkaklarga so‘zsiz itoat qiladigan qilib tarbiyalanadi, deydi Shoista.

"Afg‘onistonning kichik qishloqlaridagi ayollar uyda ishlash, farzand ko‘rish va doimo kimgadir bo‘ysunish uchun tug‘ilganliklariga ishonishadi. Bu holat ularning keyingi avlodlarni ham shunday tarbiyalashiga olib keladi. Agar ona o‘z haq-huquqini bilmasa, o‘z farzandini qanday tarbiyalashi mumkin? – deya savol qo‘yadi Shoista. – «Tolibon» hozir ayol ovozini taqiqlamoqda, lekin viloyatlarda bu allaqachon taqiqlangan edi. [Avvalgi hukumatlarning] ko‘p yillik sa’y-harakatlari hech qanday natija bermadi, chunki ular puxta o‘ylanmagan edi. Tub o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun ta’lim kerak, ayollar esa endi undan mahrum bo‘ldilar."

Ruhiy bosim

Qo‘rquv va zo‘ravonlikka duch kelayotgan tobora ko‘proq ayollar o‘zlarini yakkalangan his qilmoqda. Hozirgi sharoit ularni butunlay mustaqillikdan mahrum etdi.

Bunday vaziyatda ko‘plab ayollar katta ruhiy bosimni boshdan kechirmoqda, ularning ba’zilari o‘z joniga qasd qilishga uringan, deydi psixolog Roha Karimiy.

"Bu qizlar va ayollarda tushkunlik, o‘zini past baholash, muloqot qobiliyati susayishi, shaxsiy munosabatlarda muammolar rivojlanadi. Buning sababi - ularda erkinlik va tanlash imkoniyati yo‘qligi," deydi u.

Psixologlarni hozirgi sharoit toliblar hokimiyat tepasiga kelganidan keyin yuzaga kelgan muammolarni yanada chuqurlashtirishidan xavotir qilmoqda.

Толибон билан хуфия ҳамкорлик. Шартни ким қўйяпти?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:50 0:00

"Biz jim turmaymiz"

Mamlakat ichida o‘z huquqlari uchun kurashish tobora xavfli bo‘lib borayotgan bir paytda, quvg‘indagi faollar mamlakatdagi ayollarning shundoq ham og‘ir ahvolini yanada og‘irlashtirgan yangi qonunlarga e’tiborni jalb qilishga urinmoqdalar. Afg‘on faollari ijtimoiy tarmoqlarda video e’lon qilib, «Tolibon»ning taqiqlariga qarshi norozilik bildirishga harakat qilishdi. Ular orasida huquq himoyachisi va Afg‘oniston ayollari adolat harakati asoschisi Xoda Hamosh ham bor:

"Tolibon uch yildan beri afg‘on ayollarini jamiyatdan chetlatishga va ovozidan mahrum qilishga urinmoqda, ammo biz hech qachon jim turmaymiz. Ular bizni [jim qilishga] va ovozimizni jamiyatdan yo‘q qilishga qanchalik urinmasin, biz qayta-qayta ovozimizni ko‘tarib, o‘z huquqlarimiz uchun kurashamiz," deydi u.

Uning fikricha, afg‘on ayollari hech qachon o‘z huquqlaridan voz kechmasligi, aksincha, ular uchun kurashish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishlari kerak.

Afg‘onistonning Norvegiyadagi sobiq elchisi va ayollar ta’limi faoli Shukriya Barakzay ham «Tolibon» harakatlari ayollarni jamiyatdan chetlatishga qaratilganini ta’kidladi.

"Menimcha, «Tolibon» ayollarni jamiyatdan chetlatishga urinishdan boshqa hech narsa qilmayapti. Aslida, yangi qonunlar Afg‘onistonda inson huquqlari yo‘qligini ko‘rsatmoqda," - deydi u.

Afg‘onistonda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat yomonlashmoqda, ko‘plab faol ayollar va sobiq hukumat amaldorlari «Tolibon»ni islom tamoyillariga zid harakatlarda ayblamoqda.

Ayol shifokorlar huquqlari qo‘mitasi raisi, ko‘p yillar davomida ularning huquqlari uchun kurashgan doktor Amanining, toliblar hokimiyatni qo‘lga olganidan so‘ng mamlakatni tark etishdan boshqa chorasi qolmadi. Hozir u Fransiyada istiqomat qilmoqda. Uning fikricha, islom hech qachon ayollarni jamiyatdan chetlatishni talab qilmagan:

"Alloh ayol va erkakni yaratib, ularga ham huquq, ham majburiyat bergan. Ayollar erkaklar bilan teng ovoz berish huquqiga ega. Hech kim ayolning har bir harakatini jinsiy hiyla sifatida qabul qilmasligi kerak," deydi u.

Afg‘onistonda ayollar huquqlari uchun kurashayotgan va «Tolibon» qonunlariga qarshi norozilik bildirayotgan erkak faollar ham bor: "Biz erkaklar sizlardek zaif emasmiz, o‘zini nazorat qila olmaydigan va ayollarni shunchaki jinsiy hiylagar deb biladigan soxta mujohidlar emasmiz. Ayollar zaif emas, ayollar [bu kurashda] yolg‘iz emas," deydi faol Hasan Mustafo Amaniy.

Толибондан Тошкентга қочиш. Абдурашид Дўстум матбуот котибининг ҳикояси
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:33 0:00

"Dunyoda ayollar huquqlari sohasidagi eng jiddiy inqiroz"

YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 1,4 milliondan ortiq qiz ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lib, bu butun bir avlodning kelajagiga xavf solmoqda.

«Tolibon» hokimiyat tepasiga kelganidan beri ayollar huquqlari sohasida dunyodagi eng jiddiy inqirozni keltirib chiqardi, – dedi Nyu-Yorkda joylashgan Human Rights Watch tashkiloti. – Tolibonning shafqatsiz boshqaruvi ostida afg‘on ayollari va qizlari o‘zlarining eng yomon tushlarini hayotda boshdan kechirmoqdalar."

«Tolibon» hukumatining bosh vakili Zabihulla Mujohid o‘z bayonotida shariat bilan tanish bo‘lmasligi mumkin bo‘lganlarni, ayniqsa, o‘z shubhalari yoki e’tirozlarini bildirishi mumkin bo‘lgan g‘ayridinlarni «takabburlikdan» qaytardi.

"Biz ushbu qonunlarni chuqur tushunishga va islom qadriyatlarini hurmat qilishga chaqiramiz. Bunday tushunchaga ega bo‘lmasdan bu qonunlarni rad etish, fikrimizcha, takabburlikdir," dedi u.

Bugungi Afg‘oniston inson huquqlari tarixidagi qora sahifadir. Ushbu mamlakat aholisining yarmi ta’lim olish va tanlash erkinligi kabi asosiy huquqlaridan foydalana olmayapti. Ayollar erkaklarning deyarli to‘liq nazorati ostida bo‘lib, ular o‘zlari xohlagan narsani emas, balki ulardan talab qilinadigan hamma narsani bajarishlari kerak.

XS
SM
MD
LG