O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarida uchta ramziy raqibini mag‘lub etishga hozirlanar ekan, poygada qatnashish huquqiga ega bo‘lmagan yana bir siyosiy faolning hikoyasi mamlakatdagi rejim islohotlari qanchalik cheklangan bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida kim g‘olib chiqishiga shubha yo‘q. O‘tgan yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyoning aholisi eng ko‘p mamlakatida avvalo islohotlar yo‘lini e’lon qilib, o‘zgarishlarga umid uyg‘otdi, keyin esa ko‘pchilik tahlilchilar odatiy repressiv tartib deb ataydigan siyosatga o‘tdi.
Rejimga muxolif bo‘lgan sobiq universitet rektori Xidirnazar Allaqulov hech qachon saylovga nomzodini qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Uning aytishicha, siyosiy partiya tuzishga urinishlari hukumat tomonidan bir necha bor, ba’zan esa shafqatsizlarcha bostirilgan.
Mirziyoyev yangi prezidentlik muddatiga o‘tar ekan (yaqinda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohot tufayli bu muddat besh yildan yetti yilga uzaytirildi), aynan Allaqulov va tarafdorlarining davlat bilan qarama-qarshiligi O‘zbekistondagi siyosiy iliqlik qanchalar chegaralanganligini yorqin ko‘rsatib turibdi.
“Mustaqillikning 32 yilida siyosiy maydonimizda raqobat bo‘lmagan”, - deydi Ozodlik bilan telefon orqali suhbatda 67 yoshli Allaqulov. Uning o‘z partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha arizasi bir necha marta Adliya vazirligi tomonidan rad qilingan.
“Ular buni istashmaydi. Ular adolatni istamaydilar. Ular qonun ustuvorligini istamaydilar»,- deya shikoyat qildi Allaqulov.
"Nopok Usullar"
Mirziyoyevning saylovdagi uch nafar raqibi tomonidan 10-may kuni boshlangan saylovoldi tashviqotida bu kabi bayonotlar bo‘lmagan va bo‘lishi ham kutilmagan.
Bu uchlikdan biri sobiq ta’lim vaziri, yana biri o‘rmon xo‘jaligining sobiq yuqori lavozimli amaldori, uchinchisi esa yaqinda Senatdagi vakolat muddati tugagan, kasbi bo‘yicha sudya.
2-iyul kuni davlat televideniyesi nomzodlar o‘rtasidagi ikki raundli «debat»ning ikkinchisini namoyish qildi, unda na Mirziyoyev , na uning raqiblari ishtirok etdi. Ularning o‘rniga yuborilgan vakillar o‘rtasidagi muhokamalar esa sust va qarama-qarshiliksiz kechdi.
Mirziyoyevning saylovdagi uch rasmiy raqibi singari, Allaqulov ham sobiq davlat xizmatchisi, ammo uning holatida hozir hukumat lavozimidan ko‘ra qamoq jazosi ehtimoli ko‘proq.
O‘tgan oy Farg‘ona shahrida o‘zining “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun imzo to‘plash chog‘ida u va uning tarafdorlari noma’lum shaxslar hujumiga uchradi.
To‘qnashuv ichki ishlar bo‘limida davom etdi. Allaqulov o‘ziga, o‘g‘li va nabirasiga fuqaro kiyimidagi bir guruh odamlar hujum qilganini da’vo qilmoqda.
“Ular bizni marmar polga yiqitishdi, oyoqlarimizni qayirishdi, og‘riq nuqtalariga urishdi, nafas olishimizga qo‘yishmadi, jinsiy a’zolarimizga teginishdi”, - deydi Allaqulov.
Hujumlar paytida olgan aniq jarohatlariga qaramay – Allaqulov Ozodlikka o‘z tanasidagi ko‘karishlar, shuningdek, hujum natijasida o‘g‘lining qorin qismidagi tushgan choklar aks etgan bir nechta fotosuratlarni yubordi – hozir uning o‘zi tergov ostida, ichki ishlar xodimlari badaniga shikast yetkazishda ayblanmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.
“Ular partiyamiz ishiga aralashish uchun eng nopok usullarni qo‘llashmoqda, – dedi Allaqulov o‘zining qonunbuzarlik sodir etganini rad etib. – Bu safar ochiqcha zo‘ravonlik qilishdi. May oyida Andijonda bir guruh ayollar bizga hujum qildi. Ular farroshlardek kiyinishgan, lekin aslida ichki ishlar xodimlari edi”.
Allaqulov uchun Farg‘onada 7-iyunda yuz bergan voqea 2021-yil fevralidan beri eng katta qo‘rqitishga urinishdir. O‘shanda u ro‘yxatdan o‘tmagan partiyasining qurultoyini o‘tkazmoqchi bo‘lgan va bundan sal avval o‘sha yil oxiriga rejalashtirilgan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish istagini bildirgan edi. (O‘zbekistonda, Qozog‘istonda bo‘lgani kabi, saylovga nomzod ro‘yxatdan o‘tgan partiya yoki uyushma tomonidan ko‘rsatilishi kerak – tahr.)
Shundan so‘ng xavfsizlik kuchlari uning Toshkentdagi uyini o‘rab olgan va Allaqulovni Andijonga olib ketishgan. IIVga ko‘ra, kimdir uning ustidan shikoyat qilgan emish.
Allaqulovning aytishicha, o‘sha reyd davomida uning oila a’zolari militsiya xodimlari tomonidan jismoniy zo‘ravonlikka uchragan.
“Mening uyimga yaqin hududda 15 ga yaqin videokamera bor, – deydi Allaqulov. – Ular meni o‘ng va chapdan suratga olishadi. Boshqa ko‘plab faollarda ham vaziyat xuddi shunday”.
"Eng muhim qizil chiziq"
Siyosiy plyuralizmning yo‘qligi Islom Karimovning shafqatsiz boshqaruvidan qolgan qator muammolardan biridir. Mirziyoyev esa 2016-yilda Karimov vafot etguniga qadar 13 yil bosh vazirlik qilgan.
Uning vafotidan keyin mamlakatda faqat bitta yangi siyosiy partiya paydo bo‘ldi – O‘zbekiston Ekologik partiyasi (EP) 2019-yilda ro‘yxatdan o‘tdi. Sobiq o‘rmonchi Abdushukur Hamzayevni bo‘lajak saylovlarda o‘z nomzodi sifatida ko‘rsatgan EPni esa mustaqil kuch deb bo‘lmaydi.
Allaqulovning so‘zlariga ko‘ra, uning partiyasini qo‘llab-quvvatlaganlar muntazam ta’qib qilinmoqda.
2021-yilda, partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish birinchi marta rad etilganida, Adliya vazirligi kerakli 20 000 imzoning faqat yarmini tasdiqlagan. Huquq himoyachilari bu chegarani uzoq vaqtdan beri real emas deb atashgan. Oxirgi rad etishda vazirlik partiya tomonidan taqdim etilgan atigi 1439 ta imzoni tasdiqlagan.
Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini o‘zining siyosiy kampaniyalarida markaziy o‘ringa qo‘ydi, jumladan, konstitutsiyaviy referendum oldidan unga “nollashtirish” va ketma-ket yana ikki muddatga saylanish huquqini berdi.
U paxta dalalarida majburiy mehnatga deyarli barham bergani, mamlakatni turizm va sarmoyaga ochib bergani hamda cheklangan OAVga erkinlik bergani maqtaladi.
Ammo muvaffaqiyatsizliklar uning birinchi muddatida ham ko‘rindi. O‘tgan yili Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar qonli bostirilgani ham uning obro‘siga soya tashladi.
O‘tgan hafta Karimovdan keyingi yumshash davrida gullab-yashnagan xususiy nashrlardan biri «Gazeta.uz»ning o‘sha voqealar bir yilligi munosabati bilan e’lon qilingan maqolasi olib tashlandi.
O‘chirilgan maqolada o‘sha vaqtdagi qon to‘kilishi “oldini olsa bo‘ladigan fojia” edi deb atalgan va davlat komissiyasi inqiroz bo‘yicha va’da qilingan hisobotni haligacha taqdim etmagani ta’kidlangan. Shuningdek, unda 21 kishi o‘lgani haqidagi rasmiy raqamlarga shubha qilingan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar ko‘proq.
Siyosatshunos Rafael Sattorov may oyida Karnegi jamg‘armasiga yozgan maqolasida Qoraqalpog‘istonning konstitutsiyaviy maqomini pasaytirish taklifi sabab bo‘lgan zo‘ravonliklarni (bu takliflar tartibsizliklardan keyin bekor qilingan) “[Mirziyoyev ] boshqaruvidagi eng katta siyosiy inqiroz” deb atadi.
"Mirziyoyev hozirda “islohotchilar jumbog‘”iga duch kelmoqda, o‘zi boshlagan o‘zgarishlar “hokimiyatni mustahkamlash kampaniyasiga to‘sqinlik qilayotganini” anglaydi", - deydi tahlilchi.
Allaqulov Karimovdan keyingi dastlabki davrda mamlakat aholisi “umid qilgan va ishongan”ini tan oladi, lekin hozirda “qonunsiz diktatura” ostida “chuqur depressiya”ga tushib qolganini ta’kidlaydi.
Allaqulovda mamlakat oliy rahbariga nisbatan pessimistik qarash uchun barcha asoslar bor.
Uni Termiz davlat universiteti rektori lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi buyruqni 2004-yilda o‘sha paytdagi bosh vazir Mirziyoyev imzolagan edi.
Buning ortidan sobiq rektorga qarshi kampaniya boshlangan, jinoyat ishi ochilgan edi. U baribir oqlangan va keyin u o‘zining bo‘shatilishi masalasini Jenevada BMT Inson huquqlari qo‘mitasiga olib chiqdi.
2017-yilda, Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan bir yil o‘tib, qo‘mita Allaqulov foydasiga qaror chiqargan, biroq u hech qachon o‘z ishiga qayta tiklanmagan.
“Ko‘pchilik uchun rektorning roli bizning tizimimizda eng foydali lavozimlardan biri hisoblanadi, chunki u orqali ko‘plab korruptsion sxemalar mavjud. Men rektor bo‘lganimda hammasini to‘sib qo‘yganman», - deydi Allaqulov.
“Men adolatsizlik bilan yolg‘iz kurashib bo‘lmasligini bilib oldim”, deb tushuntiradi u partiya tuzish qarorini. "Bu mamlakatda qonun ustuvorligi ostida yashashni xohlaydiganlar juda ko‘p, ayniqsa yoshlar."
Norvegiya Xelsinki qo‘mitasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili Marius Fossumning aytishicha, 9- iyul kungi saylovning yaqqol favoriti daxlsiz qolar ekan, Allaqulovning siyosiy faoliyati xavf ostida.
“O‘zining siyosiy rejalarini e’lon qilar ekan, [Allaqulov] prezidentga ochiqdan-ochiq e’tiroz bildirdi va biz bunga munosabatni ko‘ryapmiz, – dedi Fossum Ozodlik bilan suhbatda. – [Bu shunga dalolat qiladiki] Prezident va uning oilasiga tegma. Bu bugungi kunda ham O‘zbekistonda eng muhim qizil chiziq bo‘lib qolmoqda”, deydi u.