Линклар

Шошилинч хабар
30 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:45

Un ochiq savdoda. "Buxanka" ortidan boshqa turdagi non va oziq-ovqat ham qimmatlab ketdi


G‘allani fermerlardan bozor narxida sotib olish amaliyoti nafaqat un va qolipli (buxanka) non, balki boshqa turdagi un-don mahsulotlari narxi oshishiga olib keldi.

1-iyundan Toshkent bozorlarida qolipli non 1600 so‘mdan 2800 so‘mga, ya’ni 80 foizga ko‘tarildi. Un va don mahsulotlarining aksar qismi o‘rtacha 30-40 foizga qimmatladi.

O‘sha kuni un ham birinchi marta birjada ochiq savdoga qo‘yildi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 1-navli unning 1 tonnasi 4 ming 241 so‘mdan savdoga qo‘yilgan, 4 ming 497 so‘mdan sotilgan. Savdo do‘konlarida esa 8900 so‘mgacha chiqqan.

Fermerlar bug‘doyga davlat narxi oshganidan xursand: 1-iyundan davlat buyurtmasidagi 1 kilogramm bug‘doyni fermer 3 ming so‘mdan davlatga sotadi, o‘tgan yili 1850 so‘mdan sotgan. Oshganini esa birja narxida sotishi mumkin. Dehqonlar hosilning cho‘g‘i ham yuqori ekanini aytishmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini oqibatida, hozirda dunyo bo‘ylab bug‘doy va don mahsulotlari taqchilligi, buning ortidan oziq-ovqat va bosh tovarlar narxining keskin oshishi kuzatilmoqda.


Bug‘doy uchun davlat narxi 3 ming so‘m

Andijonda 25 yildan beri bug‘doy va paxta yetishtirayotgan fermerning aytishicha, bu yil 1 gektar yerdan o‘rtacha 5 tonnadan bug‘doy olishni rejalamoqda.

Buning 2 tonna 930 kilogrammini buyurtma asosida davlat belgilagan narx - tonnasini 3 million so‘mdan sotishi kerak. Qolganini esa birjada erkin narxda sotishidan umidvor.

“20-25-iyundan o‘rimni boshlaymiz, deb turibmiz. Davlat buyurtmasi uchun tonnasiga 3 million so‘mdan narx berganidan xursandmiz albatta. O‘tgan yili 2 million 850 ming so‘m to‘lashgandi, harajatni ham qoplamagan. Aslida, men uchun bug‘doyga davlat buyurtmasi, bu yilgi yoqilg‘i va boshqa harajatlar oshgani hisobiga, 3 yarim ming so‘m narx qo‘yilsa - o‘shanda ko‘ngildagiday daromad ham qilardim. Chunki, hozir bug‘doyning bozor narxi 4 - 4 yarim so‘m bo‘ldi Andijonda. Lekin, shunisiga ham mingdan ming shukr, deb turibmiz”, deydi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gaplashgan fermer.

Femerning hisob-kitobi

Bu fermer, bozorda 80 foizga qadar qimmatlagan non va 40 foizgacha oshib ulgurgan oziq-ovqat mahsulotlari narxi, shuningdek dehqonchilik uchun ketadigan harajatlardan so‘ng yana daromad ko‘ra olmasligidan xavotirda.

Uning hisobicha, 1 gektar yerda o‘rtacha 5 tonna bug‘doy yetishtirish uchun 11 million so‘m atrofida mablag‘ sarflagan.

Agar bu hosilning 3 tonnasini buyurtma narxda - 3 million so‘mdan davlatga sotsa, yana 2 tonnasini birja narxida - o‘rtacha 3 yarim million so‘mdan sotgan taqdirda, jami 16 million so‘m daromad qilishi mumkin.

Ya’ni, 1 gektar yerga qilgan 11 million so‘m xarajatidan tashqari 5 million so‘m sof daromad qolishi mumkin.

“Shunda ham agar hukumat gapida tursa. Chunki, necha yildan beri va’da qilishardi, bajarishmayotgandi. Endi boshqa tomoni ham bor. Bugun Shahrixon dehqon bozoriga tushib, aylanib chiqdim. Narxlar o‘ta qimmatlab ketgan. Uyda tandirda yopiladigan non 2 yarim ming - 3 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha chiqib ketibdi. 2 minglik nonvoy yopgan non 2 yarim - 3 ming so‘m bo‘lgan. Banan 17 ming so‘m edi o‘tgan juma, bugun 29 - 28 ming bo‘pti. “Endi bozor-da”, deyapti sotuvchi. Oddiy o‘zimizning paxta yog‘i 74 mingdan 81 ming so‘mga chiqipti. Guruch 7 mingdan 12 ming so‘mga chiqib olibdi. Haligi gektariga olgan 5 million so‘m bilan bozordagi narx-navo o‘rtasidagi balans yana uchma-uchda, bunday olganda. Hatto, daromad qilmasak ham kerak”, deydi fermer.

Bug‘doy o‘rimida narx tushmasligi mumkin

“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik jamiyati Samarqand viloyatida ishlaydigan mulozim taxminicha, bu yilgi hosil o‘rimi paytida bug‘doy narxining keskin pastlashi ehtimoli kam.

Uning aytishicha, jamiyat omborlari 2-iyundan davlat buyurtma qilgan bug‘doyni yangi narxlarda fermerlardan qabul qilishni boshlagan.

“Hozir Surxondaryoda o‘rim boshlandi. Bizda 10-15-iyundan boshlanadi. 5-iyulgacha davlat buyurtma qilgan bug‘doyni fermerlardan sotib olib, “O‘zdonmahsulot” omborlarida saqlaymiz. Keyin bosqichma-bosqich birjaga chiqaramiz, talabga ko‘ra. Aslida bug‘doy o‘rimi paytida, narx tushishi kerak. Lekin, bu yilgi hosil birjaga o‘rtacha 3 yarim mingdan chiqadi, deb turibmiz. Birinchidan, bug‘doyni saqlash, tashish va boshqa xizmatlar narxi qo‘shiladi. Ikkinchidan, dunyodayam bug‘doy kam, import kesilgan. Shuning ustiga, hozirdanoq bozorda bug‘doy 4 yarim ming so‘mga chiqib ketgan”, deydi Samarqand viloyatidagi don korxonalaridan birining rahbari Ozodlik bilan suhbatda.

Uning aytishicha, hozir u ishlaydigan tuman korxonasi omborida 2 oyga yetadigan bug‘doy zaxirasi bor.

“O‘zdonmahsulot” bu yil kamroq bug‘doy oladi

“O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu yil dehqonlardan davlat buyurtmasi asosida 1 million 800 ming tonnaga yaqin bug‘doy sotib olish rejalanmoqda.

“Bu yil 1 million 783 ming tonna bug‘doy kutilyapti. “O‘zdonmahsulot” bu bug‘doyning bir qismidan un ishlab chiqaradi, bir qismi zahiraga qoladi. Bundan tashqari, 266 ming tonna urug‘lik bug‘doy keladi. Hozir aksiyadorlik jamiyati omborlarida zaxira yetarli. Tarmoqlarda xabarini berdik. Bizdan tashqari xususiy sektor bug‘doy va un olib kiryapti. Lekin, ularda biroz cheklov bor, chunki tashqarida sotishda cheklov qo‘yishgan”, dedi matbuot kotibi G‘ofurjon Qarshiboyev.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, o‘tgan yili 2 million 533 ming tonna bug‘doy jamiyat omborlariga to‘kilgan. Ya’ni bu yil davlat belgilagan past narxda sotib olinadigan bug‘doy hajmi kamaygan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga ko‘ra, bu yil iyun-iyul oylarida 7 million 679 ming tonna hosil olinishi kutilmoqda. O‘tgan yili 6 million 656 million tonna hosil olingan.​

Un ochiq savdoga chiqarildi

1-iyun kuni Respublika tovar-xomashyo birjasida un ilk bor ochiq birja savdosiga qo‘yildi.

Birjaning ma’lum qilishicha, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 44 ta korxona 10 ming tonna 1-navli unni savdoga qo‘ygan va buning 8 ming 300 tonnasi sotilgan.

“O‘tkazilgan birja savdo yakunlariga ko‘ra, 1-navli unning o‘rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 mln 497,8 ming so‘mni tashkil qilgan. Birjada un bo‘yicha shakllangan kotirovka uning boshlang‘ich narxi (4 241,9 ming so‘m)ga nisbatan 6 foizga o‘sgan”, deb ma’lum qildi birja.

Birja savdolarini kuzatgan mutaxassislarga ko‘ra, ochiq savdoda unga berilgan dastlabki 4 ming 241 so‘mlik narx va ishlab chiqarish xaraji hisoblansa, bugun bir dona qolipli nonning tannarxi 2550 so‘mga yetishi mumkin.

"Shundan qiymatning ichida:

  • un 1641 so‘m;
  • 4 so‘mlik tuz;
  • 18 so‘mlik o‘simlik yog‘i;
  • 38 so‘mlik drojj;
  • 37 so‘m - un tashish.

Qolgani nonni pishirish uchun gaz, elektr sarfi ishchilarga to‘lanadigan mehnat haqi (ish haqi), nonni savdo do‘koniga yetkazib berish xarajatlari, soliqlar va korxona foyda normasi”, deb yozdi o‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirov.

Bu iqtisodchi unning erkin savdoga chiqishini 30 yildan beri kechikkan bozor islohoti, deb atadi.


Mamlakat bo‘ylab non qimmatladi

Ozodlik mobil muxbirlarining xabar qilishicha, 2-iyunga kelib, Toshkentda qolipli non - xalq tilida “buxanka” deb ataladigan non 2 ming 800 so‘mdan sotilgan.

Yunusobod tumani dehqon bozoridagi narxni o‘rgangan mobil muxbirga ko‘ra, qolipli non ortidan boshqa turdagi non mahsulotlari narxida ham 50 foizga qadar o‘sish bor.

“Xalq tilida “lepyoshka” deyiladigan tandirda yopilgan nonning eng arzoni 2 ming 400 so‘m bo‘pti. Ikki kun oldin 2 ming so‘m edi. 3 - 3 yarim sing so‘mlik hajmi sal kattaroq yopilgan non 4 ming - 4 yarim ming so‘mgacha. 10 ming so‘mlik patirlar 14 ming so‘mga chiqqan. 1 navli un “Korzinka”, “Xavas”ga o‘xshagan supermarketlarda kilosiga 8 ming 998 so‘m bo‘pti bugun. Eng muhimi, shakar yo‘q. Faqat arzonlashtirilgan rastalarda 16 ming so‘mdan, u ham hamma joyda emas. Endi bu yog‘iga hademay yog‘ narxi oshishini kutish mumkin. Odatan bozorda un va non oshsa, orqasidan shakar va yog‘ ham qimmatlaydi”, deb taxmin qiladi mobil muxbir.

Samarqand viloyatida esa aholi nisbatan ko‘p sotib oladigan uyda yopilgan non 2 yarim ming so‘mdan 3 yarim ming so‘mga oshgani qayd etildi.

Andijonda ham xalq ko‘p sotib oladigan - uyda tandirda yopilgan non 2 yarim ming - 3 ming so‘mdan 5 ming so‘mgacha chiqqani xabar qilinmoqda. 2 minglik nonvoy yopgan “lepyoshka” non narxi 1 ming 800 so‘mdan 2 yarim - 3 ming so‘mga chiqqan.

Hukumat narx tushishiga ishontiryapti

O‘zbekiston hukumati so‘nggi bir necha yildan beri fermerlardan bug‘doyni bozor narxida sotib olishni va’da qilayotgan, ammo ortga surib kelayotgan edi.

Bu amaliyot, Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan bug‘doy yetishtiruvchi va sotuvchi bu ikki asosiy davlatdan tashqi dunyoga eksport keskin cheklangan paytda boshlandi.

2-iyun kuni bu haqda bayonot bergan Moliya vazirligi mulozimi, bozorlarda non va un narxining oshganini ana shu siyosiy vaziyatga bog‘ladi hamda “bozor o‘pkasini bosib olsa” narx tushishini bashorat qildi.

“Narx oshishining asosiy sababi - Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi siyosiy inqiroz tufayli jahon bozora yuzaga kelgan holat hamda import qilinayotgan un narxi qimmatligi bilan bevosita bog‘liq. Ammo O‘zbekistonda yetarli ravishda un zaxirasi mavjud. Yaqin kunlarda bozorga qo‘shimcha 50 ming tonna mahalliy un kiritiladi. Shu orqali narx barqarorlashadi. Un narxining erkinlashishi - raqobat muhitini yuzaga keltiradi. Narxlar oshmaydi, faqatgina Toshkent shahrida qolipli non (buxanka) narxida o‘zgarish bo‘lishini kutyapmiz. Bozorlarda esa, aksincha, narx tushishi prognoz qilinyapti. Qo‘pol qilib aytganda, bozor o‘pkasini bosib olishini kutyapmiz”, dedi Moliya vazirligi departament mudiri To‘lqin Mirzayev.


Dunyodagi rivojlanayotgan 55 davlatdan kamida 36 tasi Ukraina va Rossiyadan eksport qilinadigan bug‘doyga qaram.

Davlat statistika qo‘mitasining 10-maydagi xabariga ko‘ra, 2022-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga qiymati 28,8 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 92,6 ming tonna bug‘doy uni import qilingan. Buning 91 ming 200 tonnasi Qozog‘iston, 1 ming 300 tonnasi AQShdan import qilingan.

Ammo, bug‘doy va un mahsulotlari taqchillashi ortidan qator davlatlar, jumladan O‘zbekistonga un boradigan asosiy davlat bo‘lmish Qozog‘istonda ham bug‘doy va un eksporti keskin cheklandi.

Нон ва буғдой нархи бир кунда қарийб 100 % кўтарилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:45 0:00

XS
SM
MD
LG