Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:34

“Urush rejalarimizni barbod qildi". O‘zbek tadbirkori Ukraina bilan biznesi haqida


 BMT ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan beri tinch aholidan kamida 516 kishi halok bo‘ldi.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainada urush boshlanganidan beri tinch aholidan kamida 516 kishi halok bo‘ldi.

Toshkentlik 45 yoshli tadbirkor Tohir Sobirov besh yildan buyon Ukrainadan O‘zbekistonga isitish radiatorlarini import qilish bilan shug‘ullanib keladi.

Ammo Rossiyaning Ukrainadagi urushi bois Bogen Alpha shirkati rahbari Sobirovning biznesi kasodga yuz tutgan.

Oqibatda o‘nga yaqin doimiy va mavsumiy xodimlari ishsiz qolgan. Davlat g‘aznasiga oyiga minglab dollarlik soliq oqimi to‘xtagan.

O‘zining aytishicha, u bilan hamkorlik qilgan Xarkovdagi isitish radiatorlari ishlab chiqaruvchi korxona Rossiyaning raketa hujumidan vayron bo‘lgan.

“Xarkov viloyatining Chuguyev shahrida po‘lat radiatorlar ishlab chiqaradigan UTerm zavodi bor. Zavod Rossiyaning grad raketalaridan o‘qqa tutilgan. Zavodga qanchalik ziyon yetganini bilmayman. Men bilan ishlaydigan yigitlar urush boshlanganini ilk kunlari postavkani vaqtincha to‘xtatib turamiz, deb xat jo‘natishgandi. Hozir ular umuman aloqaga chiqishmayapti, ularga ham bog‘lanib bo‘lmayapti”, - deydi tadbirkor.

O‘zbekistonlik tadbirkor Tohir Sobirov.
O‘zbekistonlik tadbirkor Tohir Sobirov.

Ozodlik Xarkovdagi U Term zavodi saytida keltirilgan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qildi, lekin hech kim javob bermadi.

24-fevral kuni Current Time nashri Rossiya kuchlari Xarkovning Chuguyev shahrini Grad raketalaridan o‘qqa tutgani, snaryad raketalari aholi joylariga kelib portlagani, shahar bomba hujumi oqibatida vayron bo‘lgani haqida xabar bergan edi.

“Urush biznes rejamizni barbod qildi”

Tohir Sobirov Ukrainadagi urush uzoqqa cho‘ziladigan bo‘lsa, biznesini butkul yopishga yoki boshqa davlatlardan hamkor izlashga majbur bo‘lishini aytadi.

“Afsuski, urush biznes planimizni barbod qildi. Yaxshiyamki, bu isitish mavsumiga to‘g‘ri kelmadi. Shuning uchun fors-major vaziyat bo‘lmadi. Mening ularda, ularning esa menda puli qolib ketmadi. Bir narsani bilamanki, mening muammom ukrainaliklarning ko‘rguliklari, ular hozir boshdan kechirayotgan fojia oldida hech narsa emas. Ular o‘z ozodligi, o‘z vatani uchun kurashadi, deb ishonaman”, - deydi Tohir Sobirov.

O‘zbek tadbirkori Ukrainadan O‘zbekistonga yiliga o‘nlab furada isitish radiatorlarini import qilganini eslaydi.

“Besh yil oldin boshlaganman bu ishni. Isitish sezoni payti oyiga 6-7 furada radiator keltirgan paytlar ham bo‘lgan. Bitta furada 50 ming dollarlik tovar. Shundan 15 foiz QQS solig‘i to‘lab kelganmiz. Ukrainaliklar bilan ishlash oson. Rossiyadagi ishlab chiqaruvchilar mahsulotini qimmat taklif qilishadi. Turkiyadan ham taklif bo‘lgan. Lekin, Ukrainani tanlaganman, ularga oldindan to‘lov qilib, xotirjam ishlasa bo‘ladi. G‘irromlik yo‘q, vaqtida keladi. Chunki, mol, ayniqsa mavsum payti sal kechiksa, katta zarar ko‘rasiz”.

Tohir Sobirov Rossiya va Turkiyadan takliflar bo‘layotgani, lekin Ukrainada vaziyat yaxshilanishini kutishdan boshqa chorasi yo‘qligini aytadi.

“Hozir pauza qilib turamiz. Agar urush to‘xtamasa, biznes orientatsiyani Turkiyaga qaratishga to‘g‘ri keladi. Rossiyada dollar ko‘tarilib, Rossiya rubli qadri pasaygani u yerdagi mahsulotlar narxini ham tushirib yubordi. Rossiyadan postavkani yo‘lga qo‘ysammi, deb o‘ylayotgandim. Lekin, sanksiyalar sabab u yerda ahvol beqaror, hali-beri ahvol yaxshilanmasa kerak. Turkiyani ham o‘ylab turibmiz. Lekin Ukrainadan umidimiz katta. Ishimiz qayta iziga tushib ketishiga ishonyapmiz”, - deydi Tohir Sobirov.

Boshqa tadbirkorlar ham Ukraina kompaniyalari taqdim etib kelgan mahsulotlarning O‘zbekistonga kelishi urush sabab to‘xtab qolganini aytishgan.

O‘zbekistonlik ishbilarmon Zafar Hoshimov 8-mart kuni Facebook sahifasida Ukrainadagi voqealarning O‘zbekiston iqtisodiyotida keltirib chiqaradigan oqibatlari borasida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashar ekan, arzon narxlarda xizmatlarni ukrainlardan boshqa hech kim taqdim etmasligi haqida yozdi.

Ayrim ukrain kompaniyalari esa, harbiy harakatlarga qaramasdan o‘z xizmatlarini onlayn rejimda taqdim etishda davom etishmoqda.

O‘zbekiston va Ukraina savdo aloqalari

Ukrainaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mikola Doroshenko Ozodlik bilan suhbatda so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston va Ukraina orasida o‘zaro tovar aylanmasi ikki baravar oshganini aytdi.

“Men ikki yil oldin O‘zbekistonga elchi etib tayinlanganimda ikki davlat o‘rtasida o‘zaro tovar aylanmasi 345 mln. dollar bo‘lgan, hozir 747 million dollardan ko‘p. Ko‘ryapsiz, raqamlar jiddiy o‘sgan. Hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish ham rejamizda bor. O‘zbekiston tomonidan unga bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov rahbarlik qiladi. Toshkentda biznes hamkorlik forumini ham o‘tkazishni rejalaganmiz. Urushdan keyin buni albatta o‘tkazamiz”, - deydi Doroshenko.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina 2021-yilda tovar ayirboshlash bo‘yicha barcha hamkorlar orasida 50-o‘rinni, MDH davlatlari orasida esa 7-o‘rinni egallagan.

O‘tgan yili O‘zbekistondan Ukrainaga eksport hajmi 231, 6 million dollar, Ukrainadan import esa 472, 4 million dollarni tashkil etgan.

Ukraina O‘zbekistonga dori vositalari, yarim tayyor metall buyumlari va boshqa mahsulotlarni eksport qiladigan dunyodagi to‘qqizinchi yirik savdo hamkor hisoblanadi.

2021-yilda O‘zbekiston korxonalari tomonidan Ukrainaga asosan meva-sabzavot mahsulotlari – 31, 2 ming tonna (15, 2 million dollar), to‘qimachilik mahsulotlari – 51, 6 million dollar, azotli o‘g‘itlar – 70 million kilogramm (49, 2 million dollar), kaliyli o‘g‘itlar – 41, 8 million kilogramm (11, 6 million dollar) eksport qilingan.

O‘z navbatida, Ukraina korxonalari O‘zbekistonga o‘nlab million dollarlik dori-darmon, oziq-ovqat va temir mahsulotlari etkazib bergan.

Ukrainaning “Farmak” farmatsevtika shirkati 2021-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston farmatsevtika bozorida 2.3 foizlik ulush bilan beshinchi o‘rinni egallagan.

Ukrainaning yana bir farmatsevtika kompaniyasi “Lekxim” 2023 - yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va loyihaning birinchi bosqichida 40 million dollargacha sarmoya kiritishni rejalashtirgan edi.

Ukrainadagi urush sabab O‘zbekistonga dori-darmon va sanoat mahsulotlari yetkazib berish va loyihalarni amalga oshirish to‘xtatilishi, ikki davlat orasidagi savdo hajmini 2023-yilga qadar 1 milliard dollarga yetkazish rejasi esa uzoqroq muddatga kechikishi mumkin.

XS
SM
MD
LG