Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joylarga kiritilgan investitsiyalarning rentabelligi sezilarli darajada pasaydi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlillari ana shundan dalolat beradi.
2024-yil fevral oyida uy-joylarni ijaraga berish va ularning qiymati o‘zgarishidan olingan daromad o‘rtacha 32,4 foizni, oktyabr oyida esa 12,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilning yanvar oyida 7,6 foizgacha pasaygan.
Masalan, Yakkasaroy, Bektemir va Chilonzor tumanlarida 2024-yil fevral oyida uy-joy narxining oshishidan olinishi mumkin bo‘lgan foyda 16,1 foiz, 26,9 foiz va 15,4 foizni tashkil etgan. 2025-yil yanvar oyiga kelib bu ko‘rsatkich keskin pasayib, 3 foiz, 2,8 foiz va 0,3 foizga tushgan.
Ayrim tumanlarda hatto manfiy ko‘rsatkich kuzatilmoqda. Bu esa investorlar uchun ehtimoliy zarar deb baholanmoqda.
MHTI o‘rganishlariga qaraganda, ijara bozoridagi vaziyat ham mulkdorlar uchun u qadar maqbul emas. 2025-yil yanvar oyida Mirobod tumanida ijara bo‘yicha o‘rtacha yillik daromad 10 foiz (o‘tgan yilning fevral oyida 10,4 foiz), Mirzo Ulug‘bek tumanida esa 9,9 foizga (o‘tgan yili 10,6 foiz) to‘g‘ri kelgan.
Ko‘chmas mulkka sarmoya kiritish bank omonatlariga qaraganda kamroq foyda keltirmoqda, deb xulosa qilishgan ekspertlar.
Ozodlik 2024-yilning uchinchi choragi yakunida ham poytaxt uy bozori sarmoyaviy jozibasini yo‘qotayotgani, ko‘p qavatli uy-joy qurilishiga kiritilgan investitsiya daromadliligi tushib borayotgani haqida xabar qilgan edi.