Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 19:20

"Uylar qanday qurilgan?!" Zilzilaning Turkiya uchun iqtisodiy va siyosiy oqibatlari


Xatay viloyatidagi Iskandarun tumani. Turkiya, 7-fevral, 2023
Xatay viloyatidagi Iskandarun tumani. Turkiya, 7-fevral, 2023

Turkiya va Suriyada ro‘y bergan kuchli yer silkinishi dahshatli vayronagarchilikka olib keldi. 8-yanvar kuni ertalab olingan ma’lumotga ko‘ra, Turkiyaning o‘zida 7100 kishidan ziyod qurbon bo‘ldi – Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti qurbonlar soni sakkiz karra ortishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Yaradorlar soni esa hozirda salkam 41 kishini tashkil qiladi.

Tabiiy ofat keng ko‘lamli gumanitar ofatni keltirib chiqardi. Ikkala mamlakatda ham qutqaruvchilar xarobalar ostidan tirik qolganlarni qidirishmoqda. Turkiyaning “Anadolu” agentligi xabariga ko‘ra, mamlakatda 5600 dan ortiq bino tamoman vayron bo‘lgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakatda bir haftalik motam e’lon qildi.

Qahramonmarash shahrida butun boshli turar-joy dahasi kunpayakun bo‘ldi. Diyorbakirda ham vayronagarchilik ko‘lami juda katta. Bundan tashqari, Gaziantepda Xett podsholigi davridan qolgan qo‘hna tarixiy qal’a yakson bo‘ldi.

Erdo‘g‘onga ko‘ra, 45 dan ziyod davlat Turkiyaga yordam va’da qilgan. Oq uy AQSh har biri 79 kishidan iborat ikkita qutqaruvchilar guruhi jo‘natilganini bildirdi. 7-fevralga o‘tar kechasi Rossiyadan 100 dan ortiq qutqaruvchi Turkiyaga yetib bordi.

Ozodlik radiosi rus xizmati tabiiy ofat va uning Turkiya uchun oqibatlari haqida siyosatshunos va sharqshunos Mixail Shereshevskiy bilan suhbatlashdi.

Ko‘p narsa hukumat o‘zini qanday tutishiga bog‘liq. Bugun Turkiyada kuchli liderga talab mavjud – avvalo xalqaro omillar, tashqi siyosiy masalalar shuni taqozo etmoqda. Binobarin, ko‘p narsa hukumatning o‘z qo‘lida. Agar hukumat odamlarga o‘z vaqtida va yetarlicha yordam bera olsa, Erdo‘g‘on va hukmron guruh, ya’ni Adolat va taraqqiyot partiyasi hatto ushbu vaziyatdan qo‘shimcha ochko ishlab olishi mumkin. Quloqqa g‘alati eshitiladi, lekin, nachora, haqiqat shu. Chunki vaziyat og‘ir, odamlar hukumat madadiga muhtoj, ularga oziq-ovqat, suv, tibbiy yordam, boshpana kerak. Barcha jabrdiydalarning umidvor nigohlari turk davlatiga qaratilgan.

Rajab Erdo‘g‘on buni tushunadi, deb o‘ylayman. Katta ehtimol bilan, u jabr ko‘rgan hududlarga katta yordam jo‘natadi va o‘z faoliyatini OAVlarda iloji boricha kengroq yorittiradi. Aks holda, Eronning Xoy shahrida bo‘lgani kabi, aholi hukumatga qarshi namoyishlarni boshlab yuborishi hech gap emas.

Turk muxolifatiga kelsak, u ham jabrdiydalarni qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi. Boz ustiga, mamlakatning eng yirik shaharlarida munitsipal ma’muriyat muxolifatchilar qo‘lida va ular kattagina mablag‘larni boshqaradilar. Ammo ish bu bilan tugamaydi. Zilzila mavzusi Turkiyada juda ham siyosiylashtirilishi turgan gap.

– Qanday qilib?

Bir yapon seysmologining turk TVsidagi chiqishini ko‘rdingizmi? Yaponiya seysmik jihatdan eng xatarli hududda joylashgan, u yerda tez-tez kuchli silkinishlar bo‘lib turadi. Xullas, o‘sha ekspert “bizda uylar hatto 9 ballik zilzilada ham qulamaydi”, dedi. To‘g‘ri, Yaponiya iqtisodiy va ilmiy-texnik jihatdan taraqqiy etgan mamlakat, maxsus texnologiyalarga ega. Lekin Turkiya ham allaqanday "banan respublikasi" emas, balki rivojlangan zamonaviy davlat hisoblanadi. Binobarin, ertami yo kech aybdorlarni qidira boshlaydilar. Muxolifat hukumatga noqulay savollar berish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Erdo‘g‘on davrida, – u esa 20 yildan beri iqtidorda, – Turkiyada keng ko‘lamli turar-joy qurish siyosati olib borildi. Hukumat bunga katta e’tibor beradi, chunki bu Erdo‘g‘on mamlakatga taklif qilgan ijtimoiy paketning muhim qismi va uning xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlagan omillardan biridir. Davlatning qurilish buyurtmalarini bajaradigan nufuzli yirik xususiy shirkatlar bor – ko‘pchiligi iqtidordagi partiya va uning rahbarlariga “begona” emas. Vaqti-vaqti bilan u yoki bu mulozim quruvchi tadbirkorlar bilan korrupsion aloqalarda ayblanadi. Ammo mana bu voqealardan so‘ng muxolifat hukumatni qattiq itobga olishi tayin. “Qanday qurgansizlarki, uylar to‘kilib tushsa? Nega bu qadar ko‘p odam o‘ldi? Nima uchun maxsus texnologiyalardan foydalanmadingiz?” degan savollar albatta aytiladi.

Axir bu mintaqadagi birinchi zilzila emas-da. 1999-yilgi yer silkinishidan so‘ng Turkiya qurilish me’yorlarini kuchaytirgandi. Biroq muxolifat tarafdorlari qurilish protokollariga rioya qilinmaganini yoki talablar keskin yumshatilganini, eng katta qurilish shartnomalari Erdo‘g‘onning badavlat do‘stlariga hadya qilinganini, ular esa daromad ketidan quvib xavfsizlik qoidalariga panja orasidan qaraganini aytishmoqda. Turkiyada mashhur jurnalist va bloger Asli Aydintasbas ham taxminan shu mazmunda fikr bildirdi. “Turkiyaning yer silkinishiga doir qonunlari anchayin talabchan, biroq so‘nggi o‘n yilda ular to‘la-to‘kis qo‘llanilmagan”, deb yozdi u “Tvitter”da. U, shuningdek, “hali ko‘p narsa muhokama qilinadi, lekin bugun emas, bugun barchamiz butun kuchimizni odamlarni qutqarishga safarbar qilishimiz lozim”, deya qo‘shimcha qilgan.

Туркия президенти 3 ойлик фавқулодда ҳолат эълон қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:21 0:00

– 14-mayga ko‘chirilgan saylovlar nima bo‘lyapti o‘zi?

Oxirgi olti oyda Turkiyada jamiyat kayfiyati bilan bog‘liq anchagina jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Erdo‘g‘on va iqtidordagi partiyaga zarar keltiradigan bir necha omil mavjud.

Eng katta omil – tiyiqsiz inflyatsiya. U ba’zi oylarda 85 foizga chiqqan edi, yil oxiridagina bir oz pasaydi. Bu batamom Erdo‘g‘on siyosati “sharofati”, chunki Turkiya prezidenti past foiz stavkalari inflyatsiyani pasaytirishga olib keladi, degan yanglish nazariyani qattiq tutib olgan. Holbuki, aksar iqtisodchilar buning tamom aksini uqtirishadi. Erdo‘g‘on Turkiya Markaziy banki rahbariyatini bir necha marta almashtirdi, monetar siyosatiga burnini suqib, stavkalar kamaytirilishiga erishdi. Bu narx-navo jadal oshishiga sabab bo‘lib, ayniqsa aholining kambag‘al qatlamiga qattiq zarba berdi, zero inflyatsiya yuki hamisha kambag‘allar gardaniga tushadi. Pul qancha qadrsizlansa, daromadining salmoqli qismini yeb-ichish va kommunal xizmatlarga sarflovchi odamlar shuncha ko‘p qiynalishadi. Turkiya shaharlarida arzon nonga uzun navbatlar paydo bo‘lgani bejiz emas. Turklarning taqriban yarmi, jumladan armiya ofitserlari ham minimal ish haqi oladilar.

Darvoqe, boshida iyunga belgilangan saylov 14-mayga ko‘chirilishi ham qisman shu omil bilan bog‘liq. Erdo‘g‘on eng kam oylik ish haqini 50 foizdan ziyodga oshirish va arzon kreditlar berish hisobiga davlat xarajatlarini ko‘paytirmoqda. Bu qisqa vaqtga vaziyatni yumshatadi, Erdo‘g‘on esa paytdan foydalanib saylovni o‘tkazib olmoqchi.

Ikkinchidan, Katta Yaqin Sharq va musulmon Osiyosidan kelgan migrantlar ham ulkan muammoga aylangan. Migrantlar mavzusidan so‘z ochilganda negadir avvalo Yevropani ega olishadi. Holbuki, ushbu muammo Yaqin Sharqning o‘zida og‘irroq qaytaga. Turkiyaga qo‘shni Eronda afg‘onistonlik bir necha million qochqin – shia-hazariylar yashamoqda. Ular mutlaqo huquqsiz odamlar, ya’ni fuqarolik va mehnat huquqlaridan butunlay mahrum. Turkiyaning o‘zida ham chamasi 3,7 million nafar suriyalik va yana bir necha yuz ming afg‘onistonlik, iroqlik va boshqa yurtlik qochqinlar bor. Turkiya fuqarolarining aksariyati ularni mutlaqo xushlamaydi, 60-80 foiz aholi ular tezroq mamlakatni tark etishini istaydi, goh-gohida jiddiy to‘qnashuvlar yuz bermoqda. Tub aholi migrantlarni birinchi galda ish o‘rinlarini tortib olayotgani uchun yoqtirmaydi.

Boz ustiga, migrantlar, xususan, suriyaliklar xalqaro aloqalarini ishga solib Turkiyada o‘n minglab korxona ochishgan. Bu raqobatni oshirib, mahalliy tadbirkorlarning g‘ashiga tegmoqda. Ayni manzarada – migratsiyaga qarshi shiorlar bilan chiqayotgan va Erdo‘g‘onni tanqid qiluvchi muxolifatdagi Yaxshi partiya (Iyi Parti) tarafdorlari ortayotir. Qolaversa, mamlakatdagi eng yirik muxolif kuch bo‘lmish Respublika xalq partiyasi (RXP) ham iqtidorga kelgan taqdirda suriyalik va boshqa migrantlarni vatanlariga jo‘natib yuborishga va’da bermoqda.

Erdo‘g‘onga qarshi ishlaydigan boshqa omil ham bor. Uning partiyasi asosan konservativ qatlamga – qishloqliklar va kichik shaharlar aholisiga suyanadi. Biroq tobora ko‘proq odamlar megapolislarga ko‘chib bormoqda, katta shaharda esa, ma’lumki, dunyoqarash o‘zgaradi. 2019-yilgi saylovda muxolifat qator yirik shaharlar, jumladan 16 million aholiga ega Istanbul va poytaxt Anqarada g‘olib chiqqani tasodif emas. Aytgancha, RXPdan saylangan mazkur ikki shahar merlari – Akram Imomo‘g‘li va Mansur Yavash yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovda Erdo‘g‘onni ortda qoldirishgan edi.

Yuz berayotgan voqealarning yoshlar muammosiga, to‘g‘rirog‘i avlodlar muammosiga doxil joyi ham bor. Qo‘shni Eronda bo‘lgani kabi, Turkiyada ham yoshlar – internet voyaga yetkazgan qatlam – hukumatdan rozi emas. Ko‘plab turk yoshlari Erdo‘g‘onning konservativ diniy qoidalari va qadriyatlarini tushunishmaydi. Katta avlod Erdo‘g‘onning ijtimoiy siyosati – keng ko‘lamli uy-joylar qurilishi, sifatli yo‘llar, maktablar va zamonaviy jihozlangan kasalxonalar uchun undan minnatdor bo‘lsa, yoshlar “bu zotan hukumatning vazifasi va bizning haqqimiz”, deb hisoblashadi. Jadal modernizatsiya va internet keksa avlodning konservativ qarashlarini hazm qila olmaydigan yangi avlodni voyaga yetkazdi. Megapolislarda bunaqa kayfiyatdagi odamlar soni kun sayin ko‘paymoqda.

XS
SM
MD
LG