Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:56

Vaksina: 3 mln. doza buyurtmaga hanuz javob yo‘q. Xitoy vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarish rejalanmoqda, muddati noma’lum


Xitoyning Sinopharm kampaniyasi ishlab chiqqan Covid-19 ga qarshi vaksina, 3 - fevral, 2021
Xitoyning Sinopharm kampaniyasi ishlab chiqqan Covid-19 ga qarshi vaksina, 3 - fevral, 2021

O‘zbekistonda Xitoy vaksinasini ishlab chiqarish to‘g‘risida muzokaralar bormoqda, ammo, jarayon qachon boshlanishi haqida hozircha ma’lumot berilmayotir.

Faqatgina 3-bosqich sinovlarida ishtirok etgani uchun Xitoy tomoni O‘zbekistonga “hammuallif” maqomini berdi. Sinovni o‘tkazayotgan Innovatsion rivojlanish vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, natija mayda tayyor bo‘ladi, ammo emlash ertaroq boshlanishi mumkin.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mamlakatda COVID-19ga qarshi emlashni martning birinchi yarmida boshlash rejalangani va birinchi navbatda 4 milliondan ortiq odam emlanishi, bunga qo‘shimcha 3 trillion so‘m ajratilishini bildirgan.

Ammo 23 - fevralga kelib, Ozodlik bog‘langan birorta mas’ul tashkilot, emlash qachon boshlanadi va 4 million doza vaksina qayerdan olib kelinadi, degan savollarga aniq javob berolmadi.

22 - fevral kuni parlamentdagi yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev dunyodagi 8 ta vaksina ishlab chiqaruvchi shirkatga 3 million doza uchun buyurtma berilgani, birortasidan ijobiy javob olinmaganini tan oldi.


Xitoy va O‘zbekiston “hammuallif” vaksina sinovi tugamadi

ZF-UZ-VAC 2001 - Xitoy va O‘zbekiston tomoni hammuallifligida ishlab chiqarilishi aytilgan vaksina 3-bosqich sinovlari hanuz davom etmoqda.

Xitoy tomoni bilan hamkorlikdagi sinovlarga mas’ul Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Azimdan olingan ma’lumotga ko‘ra, 3-bosqich sinovlari natijasi mayda tayyor bo‘lishi kutilmoqda. Ammo, ayni vaksina sinovlari muvaffaqiyatli kechayotgani bois, emlash jarayoni ertaroq boshlanishi mumkin.

22 - fevral kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi rasmiysi bu vaksina koronavirusning Buyuk Britaniya va Janubiy Afrikada qayd etilgan yangi shtammiga qarshi Moderna vaksinasidan 6 marta samaraliroq, deb bayonot berdi.

"O‘zbekistan 24" telekanaliga intervyu bergan Innovatsion rivojlanish vaziri birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulovaga ko‘ra, vaksina 3-bosqich sinovlarida 97 foiz samara ko‘rsatgan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmoqda.

Nazokat Azimdan olingan ma’lumotga ko‘ra, faqat 3-bosqich sinovlaridagi 6 oylik hamkorlik uchun Xitoy tomoni “hammuallif” degan maqomni taqdim qilgan.

“Tadqiqot ishlarida 6 oy ishtirok etganimiz uchun Xitoy tomoni O‘zbekistonni “hammuallif” deb tan oldi. Ayni kunlarda bu vaksinani O‘zbekistonda ishlab chiqarish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Xitoy tomoni talablariga javob beradigan laboratoriyalar, farmatsevtika kompaniyalari bo‘lishi kerak. Hali falon joyda ishlab chiqariladi, degan xulosa berilgani yo‘q”, dedi Nazokat Azim.

Unga ko‘ra, ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi narxi haqida ham hozircha ma’lumot berilmaydi.

Birinchi bo‘lib emlanadiganlar ro‘yxati qayta ko‘riladi

O‘zbekistonda emlash boshlanishi rasman aytilgan muddat – mart oyi kelishiga bir hafta qolganiga qaramay, birinchi galda emlanadiganlar ro‘yxati hanuz bahs bo‘lmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 22 - fevral kungi maxsus yig‘ilishida avval taqdim qilingan ro‘yxat qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

17 - fevral kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov, Sog‘liqni saqlash vazirligining 15 - fevraldagi qarori bilan, birinchi navbatda 2 toifa shaxslar – kasallikni yuqtirib olish xavfi “juda yuqori” va “yuqori” bo‘lganlar emlanishini bildirgan.

Yuqtirib olish xavfi juda yuqori bo‘lganlar:

  • 65 yoshdan katta bo‘lganlar (65-74, 75-84, 85 yosh va undan yuqorilar),
  • tibbiyot xodimlari,
  • surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turadiganlar.

Yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lganlar:

  • Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari,
  • jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari,
  • transport xodimlari (metro, temir yo‘l, aeroport),
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda xizmat qilayotgan xodimlar,
  • chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar, mehnat migrantlari.

Oliy Majlisda o‘tgan yig‘ilishda bu ro‘yxatning naqadar “adolatli” ekani muhokama qilindi va deputatlar unga “keksa va nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, ya’ni “Temir daftar”ga kiritilganlar”ni ham qo‘shishni taklif qildi.

4 milliondan ortiq odam bepul emlanadi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, dastlabki ro‘yxatga bepul emlanishi kutlayotgan 4 112 668 kishi kiritilgan:

  • 65—74 yoshgacha bo‘lgan qariyalar 1 085 797 nafar;
  • 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lgan keksalar 388 686 nafar;
  • 85 yosh va undan yuqori yoshdagi keksalar 139 280 nafar;
  • tibbiyot xodimlari 447 976 nafar;
  • surunkali kasalliklari bor aholi (18−65 yosh) 888 190 nafar;
  • maktab o‘qituvchilari 689 383 nafar;
  • maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari 223 426 nafar;
  • qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari 180 ming nafar.


3 million doza davlat buyurtmasiga hanuz javob yo‘q

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev 22 - fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan parlament eshituvida 8 ta xorijiy shirkatga 3 million doza vaksina uchun buyurtma berilganini ma’lum qildi.

Rasmiy, mamlakat aholisi soniga teng miqdorda – 34 milliondan ortiq dozada “vaksina ishlab chiqaruvchi yo‘q”, bo‘lsa ham uni O‘zbekistonga “yetkazib beruvchi yo‘q” dedi:

”Mana, hozir dunyoda vaksina ishlab chiqarayotgan asosiy 8 ta korxona bo‘lsa, hukumat tomonidan ularning har biriga yo‘llanma berilgan. “Uch million doza vaksina olish niyatimiz bor. Shuni bizga yetkazish muddati va narxini bera olasizlarmi?” degan xatimizga birortasi javob bera olgani yo‘q. 50 foizi “yetkazib bera olmayman” degan fikrni ham aytishi mumkin”.


Yig‘ilishda aytilishicha, dunyoda 13 ta farmatsevtika kompaniyasi hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan koronavirusga qarshi vaksinani yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib borilmoqda. Ammo, aynan qaysi kampaniyalar bilan muzokara borayotgani ham hozircha ochiqlanmayotir.

Vaksina kimdan olinadi va qachon keladi?

23 - fevral kuni Ozodlik bu savol bilan qator mas’ul tashkilotlar, jumladan, Xitoy vaksinasi sinovini o‘tkazayotgan Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga bog‘landi.

Bu tashkilotlardan olingan rasmiy javobga ko‘ra, hozircha Buyuk Britaniya, Hindiston, Xitoy, Rossiyadagi vaksina ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar borilmoqda, muzokaralar natijasi matbuotda e’lon qilinadi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash va vaksina uchun yana 3 trillion so‘m ajratish rejalangan.

Maxsus komissiya qarori bilan O‘zbekistonda Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini ro‘yxatga olish va ishlab chiqarishni boshlashga ruxsat berilgan.

Rossiyada ishlab chiqarila boshlagan “Sputnik V” vaksinasiga 2020 - yil sentabrda 34 million doza uchun buyurtma berilgani va shu bilan O‘zbekiston aholi soniga teng vaksinaga buyurtma bergan davlatlardan biriga aylangani haqida balandparvoz rasmiy bayonotlar berilgan edi.

Ammo, bugunga kelib, rasmiylar bu bayonotlaru Rossiya vaksinasiga berilgan buyurtma masalasini umuman tilga olmayotir. Ozodlik bog‘langan davlat idoralari esa bu savollarni ochiq qoldirmoqda.

XS
SM
MD
LG