Линклар

Шошилинч хабар
26 декабр 2024, Тошкент вақти: 18:23

Vazir bloger Otabek Bakirov ustidan IIVga arz qildi


Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Ozodlik surishtiruvi xulosalari yuzasidan yopiq brifingda. Toshkent, 12-fevral, 2023.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Ozodlik surishtiruvi xulosalari yuzasidan yopiq brifingda. Toshkent, 12-fevral, 2023.

O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan tanilgan iqtisodchi bloger Otabek Bakirov ustidan prokuratura hamda IIVga shikoyat arizasi kiritdi.

Otabek Bakirovning o‘zi ma’lum qilishicha, hukumat mulozimining shikoyatiga uning Sag‘bon nimstansiyaga oid tanqidiy mulohazalari sabab bo‘lgan.

Bloger 2023-yil 5-iyunda chop etgan postida Olmazor va Toshkent tumanlariga elektr energiyasi taqsimlaydigan Sag‘bon nimstansiyasining surunkali ravishda safdan chiqishi hamda takror-takror ta’mirlanishini savol ostiga oladi.

“Bitta podstansiyani necha marta va qanday chastota bilan remont qilish mumkin?” degan masalani ko‘targan Otabek Bakirov Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovni “Kreml va Gazpromdagi og‘alarga oid vazifalardan bo‘shab” mazkur nimstansiyaga kelishga undaydi.
Ma’lum bo‘lishicha, vazir Mirzamahmudov oradan bir yil-u 4 oy o‘tgach, “post mundarijasida haqorat va obro‘sizlantirish holatlari mavjud” degan xulosaga kelgan va huquq idoralariga shikoyat yo‘llagan.

Vazirning murojaati poytaxt IIBB Kiberxavfsizlik bo‘linmasi tomonidan o‘rganilayotgani aytilmoqda.

Bakirov vazirning bu harakatini “energosenzuraga urinish” deb atagan.

“Bu urinishlar qancha ma’muriy resurs yo‘naltirilmasin, samarasiz. Hozircha mavjud imkoniyatlar sharoitida energetikadagi og‘ir ahvol haqida o‘rganish, sabablari to‘g‘risida yozish va mas’ullarga yoqimsiz savol berish mumkin ekan, bu davom etaveradi”, degan bloger.

Energetika vazirligi yoki Mirzamahmudovning o‘zi holat yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

Vazirning iqtisodiy tahlilchi ustidan shikoyat kiritgani mamlakatda energobo‘hron kuchaygan pallaga to‘g‘ri kelmoqda. Jamoat faollari ham bu harakatni “tanqidchilarning ovozini o‘chirishga urinish” deya qoralamoqda.
Otabek Bakirov ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali mamlakatdagi iqtisodiy muammolarni faol yoritadi.

U, xususan, O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligini yoqlab, Rossiyaga energetik qaramlikning salbiy oqibatlaridan ogohlantirib keladi.

Bloger so‘nggi maqolalaridan birida “qiyshiq qarorlar va buzuq o‘lchovlar ustiga qurilgan energetika” mas’ullari hali ko‘p syurprizlar hozirlagani haqida yozgandi.

XS
SM
MD
LG