Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:40

"Vizaran": Qirg‘izistonga kelin bo‘lgan o‘zbek ayollari yangi muammoga duch kelishmoqda


Qirg‘iz-o‘zbek chegarasi. Qirg‘iziston, O‘sh.
Qirg‘iz-o‘zbek chegarasi. Qirg‘iziston, O‘sh.

Qirg‘izistonda “vizaran” bekor qilingach, qirg‘iz fuqarolari bilan turmush qurgan o‘zbekistonlik ayollar yangi qiyinchiliklar bilan to‘qnashishdi.

Ozodlik qirg‘iz xizmatining yozishicha, o‘zbekistonlik kelinlar o‘z oilalari yonida bo‘lishlari uchun kafolat sifatida kartada 50 ming som saqlash talab qilinayotganidan shikoyat qilishmoqda. Biroq Qirg‘iziston TIV iddaosicha, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayollar vizani soddalashtirilgan tartibda olishlari mumkin.

“Hamma pul izlab qoldi”

Jalolobodlik tadbirkor Lutsiya Eraliyeva Ozodlik bilan suhbatda chegara qishloqlarida yashovchi O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmish ayollar yangi muammoga duch kelishgani haqida so‘zlab berdi.

U yashaydigan qishloqda so‘nggi kunlarda deyarli barcha o‘zbekistonlik ayollar qarzga pul qidirib qolishgan. Ma’lum bo‘lishicha, buning sababi chet elliklarning Qirg‘izistonda bo‘lishi qoidalari o‘zgarganida ekan.

“Men o‘zim Qirg‘iziston fuqarosiman, ammo qishlog‘imizda O‘zbekistondan kelin bo‘lib tushganlar juda ko‘p. So‘nggi kunlarga ko‘plab ayollar mendan 50 ming som qarz so‘rashdi. O‘zbekiston fuqarolari bir yil muddatga registratsiya olishi kerak, degan qonun chiqqanmish. Lekin ularning kartalarida 50 ming som bo‘lishi shart ekan. Hukumat bu pullarni olib qo‘ymaydi, ammo kartada tursin deb talab qilyapti.

Qonun borligini tushunamiz, lekin nega bunaqa shart qo‘yilyapti? Ayollar 50 ming som izlab sarson bo‘lishmoqda, ko‘pchilik qarz olyapti, kredit olayotganlar ham bor. Axir kreditni foizlari bilan to‘lash kerak, hujjat yig‘ish lozim. Zarurmidi shu? Qishloqda yashaydiganlar uchun 50 ming ozmuncha pul emas, har kimda ham topilavermaydi. Nega bunday qilishayotganini baribir tushunmadim, chunki qishloqliklarga qiyin qilib qo‘yishdi”, deydi Eraliyeva.

Uning so‘zlarini ismi sir qolishini istagan jalolobodlik boshqa ayol tasdiqladi. Ayol O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib, ko‘p yillardan beri Qirg‘izistonda yashaydi.

“Соғинганда йиғлаб оламиз”. Ўзбекистоннинг Аравонга келин бўлган қизлари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:26:35 0:00

Ozodlik suhbatdoshi u kabi Qirg‘iziston fuqarolariga turmushga chiqqan ko‘plab ayollar joriy yil boshidan shu muammoga duch kelganini aytadi.

“Biz uchun bu yangilik bo‘ldi. Qirg‘iziston fuqarolariga erga tekkan o‘zbekistonlik ayollar bir yillik viza ochishi, buning uchun hujjat yig‘ishi va pulini ko‘rsatishi kerak, deyishdi. Bularning barini elektron shaklda bajarish kerak ekan. Oddiy odamlarga bu oson emas. O‘zbekistondan ikki-uchtalab kelin olgan oilalar bor. Ularga 50 ming emas, 100-150 ming som pul kerak. Bitta oilaga bu og‘irlik qiladi.

Bizga shu paytgacha “O‘zbekiston bilan chegara ochiq, muammo bo‘lmaydi”, deb kelishdi, ammo byurokratik to‘siqlar, ko‘rib turganingizdek, ko‘paymoqda. Bu yerda oilalarimiz bilan yashayotgan ekanmiz, vizaning nima hojati bor, nega qirg‘iz pasportini berish mumkin emas? Hozir hamma yoqda navbat, odamlar hujjat to‘plashyapti, pul izlashyapti. Ilgari ikki oyda bir chiqib kelish kerak bo‘lsa, endi bir yilga uzaytirishdi, lekin viza joriy qilindi. Oddiy xalq uchun ortiqcha daxmaza bu. Hukumatdan bu tartib-taomillarni soddalashtirishni so‘raymiz”, deydi ayol.

“Vizaran” bekor bo‘ldi

O‘tgan yilning oktyabridayoq Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi chet el fuqarolari uchun vizasiz rejimni qo‘llash tartibi o‘zgartirilishini ma’lum qilgan edi.

“Qirg‘iz Respublikasi umuman olganda juda liberal viza tizimini olib bormoqda, ko‘p mamlakatlar bilan vizasiz rejim joriy qilingan. Biroq o‘tgan yilning oktabrigacha chet davlatlarning ayrim fuqarolari ushbu liberal viza rejimini suiiste’mol qilishdi, ya’ni chegaradan chiqish va darhol qaytib kirish bilan mamlakatimizda bo‘lish davrini nollashtirib yurishdi. Yangi qoidalar amalga kiritilgan o‘tgan yilning oktabr oyidan beri juda ko‘psonli chet elliklar Qirg‘iziston davlat organlari ko‘z ostidan g‘oyib bo‘lganini ko‘rdik. Hozirda chet mamlakat fuqarosi Qirg‘izistonga vizasiz tartibda belgilangan muddatga kelishi mumkin, ammo endi chegaradan chiqib darhol qaytib kirish yo‘li bilan mamlakatimizda bo‘lish davrini nullashtira olmaydi. Uzoqroq muddatga qolish uchun u tegishli toifadagi viza yoki ishlash uchun ruxsatnoma rasmiylashtirmog‘i lozim. Oktabrda boshlangan 60 kunlik muddat yanvar oyiga kelib tugadi, shu bois fuqarolar bizga ham murojaat qila boshlashdi”, deya izoh berdi Ozodlikka Qirg‘iziston TIV konsullik departamenti xodimi Azamat Kalisbekov.

Ayni chog‘da TIV vakili Qirg‘iziston fuqarolarining oila a’zolari bo‘lmish shaxslar viza olish uchun o‘z kartalarida 50 ming som saqlashi kerakligi haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Kalisbekovga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmish ayollar viza olish uchun QR fuqarosi bilan nikohdan o‘tgani haqidagi guvohnomani, turmush o‘rtog‘ining ID-kartasini va to‘lov qobiliyatini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etib, shaxsan ariza yozib berishlari kerak.

“Ammo bizda “hisobida 50 ming som puli yoki muayyan ish haqi bo‘lsin” degan talab yo‘q. Qirg‘iziston fuqarosi rasman ishlamagan taqdirda, boshqa yo‘li bor: u o‘z mehmoni, rafiqasi – O‘zbekiston fuqarosining moddiy xarajatlarini kafolatlashi haqida ariza yozib, notariusdan tasdiqlatishi mumkin. Shu hujjat kifoya bizga. Fuqaro pensiya yoki ish haqi olsa ham shu hujjatni bizga ko‘rsatadi, vassalom. Vizaning o‘zi esa 20 dollar turadi. Bu aynan qirg‘iz fuqarolarining oila a’zolari uchun soddalashtirilgan viza, yaqin qarindoshlar kelib-ketishi uchun maxsus ishlab chiqilgan. Mazkur fuqarolar viza bilan Qirg‘iziston hududida bir yilgacha muddatga bo‘lishlari, keyin esa vizani uzaytirishlari yoki 3 yillik vaqtincha yashash ruxsatnomasi olish uchun hujjat topshirishlari mumkin. Xullas, muqobil imkoniyatlar bor”, tushuntiradi TIV xodimi.

“Anketani hatto savodli odam ham to‘ldirishi qiyin”

“Farg‘ona vodiysi chegara bilmas yuristlari” jamoat fondi ko‘p yillardan biri chegara hududlar aholisiga hujjatlar olish, jumladan qo‘shni mamlakatlar fuqarolari uchun viza rasmiylashtirish masalalarida ko‘maklashib keladi.

Fond yuristi Almazbek Kozubayev yanvar oyida yangi qoidalarga tushunmay, fonddan yordam so‘ragan O‘zbekiston fuqarolari soni ortganini ta’kidlaydi. Mutaxassisga ko‘ra, ilgari o‘zbekistonliklar har 60 kunda Qirg‘izistondan chiqishi va darhol qaytishi mumkin bo‘lgan bo‘lsa, endilikda 60 kun o‘tganidan so‘ng 60 kunga mamlakatni tark etishlari kerak va shu muddatdan keyin qaytib kelishlari mumkin.

Ўшда очилган Ўзбек тили ва маданияти маркази нима иш қилади?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:24 0:00

Yuristning aytishicha, bunaqa qoidalar qirg‘izistonliklarga turmushga chiqqan o‘zbekistonlik ayollarga salbiy ta’sir qiladi.

“O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmish ayollar Qirg‘izistonda 60 kun bo‘lganidan so‘ng mamlakatda yana qolishni istasalar qarindosh vizasini olishlari lozim. Viza Qirg‘izistonda bir yil bo‘lish huquqini beradi. Uni olish uchun taklif qiluvchi tomon vizaga talabgorni bir yil ta’minlash majburiyatini oladi. Masalan, yer Qirg‘izistonga taklif qilayotgan xotinini ta’minlay olishini notarial tasdiqlatishi, ya’ni kafil bo‘lishi kerak. Bu kafil daromadi borligini ko‘rsatishi talab qilinadi, ya’ni ishxonadan ma’lumotnoma, patent, yer uchastkasi yoki chorva mollari borligi haqida ma’lumotnoma kabi hujjatlarni taqdim etadi. Bular bo‘lmagan taqdirda esa u bankdagi hisobida puli borligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma keltirishi lozim. Agar odamda hech vaqo bo‘lmasa, u viza ololmaydi va 60 kunga oilasidan uzoqda yashashiga to‘g‘ri keladi. Muammoni hal etish uchun TIV Qirg‘iziston fuqarolariga erga tekkan va Qirg‘izistonda doimiy yashaydigan o‘zbekistonlik ayollarga yengillik beruvchi o‘zgartishlar kiritishi kerak. Kafillikka doir norma qolaversin, lekin u o‘z daromadlarini ko‘rsatsin, degan band ortiqcha. Shunda fuqarolarga birmuncha engil bo‘ladi. Ko‘pchilik daromadini ko‘rsata olmaydi, chunki qishloqlarda juda kam odam rasman ishlaydi”, deydi Kozubayev.

U qo‘shimcha qilishicha, ayrim hollarda o‘zbekistonlik ayollar turmushga chiqqandan so‘ng Qirg‘iziston fuqaroligiga kirishmoqda va shundan so‘ng ularning viza olishlariga hojat qolmayapti. Biroq oldin qirg‘iz pasportini nikoh qayd etilganidan keyinoq olish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yildan boshlab ayollar nikohga kirgandan so‘ng Qirg‘iziston hududida uch yil doimiy yashagandan so‘nggina fuqarolikka qabul qilishni so‘rab ariza berishlari mumkin.

Kozubayev masalaning moliyaviy tomonidan tashqari, viza olish uchun ariza to‘ldirish bilan bog‘liq muammolar ham borligini aytadi.

“Viza olish uchun ariza faqat elektron shaklda beriladi. Buning uchun esa odamlarda kompyuter, internet bo‘lishi kerak. Anketa to‘ldirish savodli odamlarga ham oson emas, qishloqda hamma ham bu ishni mustaqil bajara olmaydi. Anketa noto‘g‘ri to‘ldirilgan bo‘lsa, tabiiyki, viza berilmaydi. Unda keraksiz bandlar ko‘p, masalan, qayrilman maqomiga doir bandni olaylik. Tizim zarur hujjat ilova qilinishini talab qiladi, lekin agar odam qayrilman bo‘lmasa, u nimani ilova qilishi kerak? Holbuki bu to‘ldirish shart bo‘lgan band hisoblanadi.

Shuningdek, viza olish uchun davlat boji (20 dollar) to‘lash ham muammo. Chunki to‘lov masofadan va albatta Visa kartasi orqali amalga oshirilishi kerak. Bizga murojaat qilganlardan hech birida bunaqa karta yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Elektron hamyonlar yoki terminallar orqali to‘lab bo‘lmaydi. Mana shu jihatlar viza olish tartib-taomillarini yanada qiyinlashtiradi. Nikoh guvohnomasi bor ayollar uchun soddalashtirilgan tartib joriy etishsa yaxshi bo‘lardi”, deydi Kozubayev.

Qirg‘iziston chegara qishloqlarida O‘zbekistondan kelin olgan oilalar ko‘p. Ochiq ma’lumotlarda aniq statistika bo‘lmasa-da, qishloqliklar deyarli har ikkinchi oilada o‘zbekistonlik kelinlar borligini aytishadi. Bunday oilalar ikki davlat o‘rtasida chegaralar yopilganida yoki migratsiya qoidalari o‘zgarganida turli muammolarga yo‘liqadilar.

XS
SM
MD
LG