Rossiya rezidenti sanalgan Wildberries marketpleysi O‘zbekiston soliq qonunchiligining ayrim talablariga rioya qilmagani aniqlandi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekistonda WB Int Export MCHJ shaklida faoliyat yuritib kelayotgan Wildberries faoliyati soliq taftishidan o‘tkazilgan. Audit yakunida shirkat 2022-2024-yillar uchun byudjetga qo‘shimcha hisoblangan 51,2 milliard so‘m (shundan, 42,8 milliard so‘mi QQS) soliq to‘lagan.
Soliq qo‘mitasi “barcha soliq to‘lovchilarga yagona va obyektiv yondashuvni qo‘llab-quvvatlab, soliq majburiyatlarini bajarish uchun teng sharoitlarni yaratish” tamoyiliga amal qilishini eslatgan.
2004-yilda tashkil etilgan Wildberries xalqaro onlayn riteyleri elektron platformalar orqali kiyim-kechak, elektronika va uy-ro‘zg‘or buyumlari sotish bilan shug‘ullanadi. Yigirmaga yaqin mamlakatda ishlaydigan shirkat 2022-yilda O‘zbekistonga bozoriga ham kirib kelgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi hodisalar O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi onlayn savdo platformalari faoliyatini tartibga solishga “jiddiy kirishgani”dan dalolat beradi.
Ozodlik avval xabar berganidek, O‘zbekistonda joriy yil 20-martdan boshlab Xitoyning Temu platformasidan foydalanish cheklanmoqda.
Soliq qo‘mitasi matbuot xizmatiga ko‘ra, Temu platformasi O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotgani aniqlangan.