Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:52

Xalq hofizi Sherali Jo‘rayev vafot etdi


Sherali Jo‘rayev (arxiv surati)
Sherali Jo‘rayev (arxiv surati)

O‘zbekiston xalq hofizi Sherali Jo‘rayev 4-sentabr kuni 76 yoshida olamdan o‘tdi. Hofizning vafotiga oid ma’lumotni Ozodlikka O‘zbekiston Madaniyat vazirligidagi manba tasdiqladi.

Avvalroq Sherali Jo‘rayevning xasta ekani aytilgan edi. Ozodlik manbasining bildirishicha, yaqinlari uni dushanba kuni shifoxonadan olib kelishgan. Ayni paytda hofizning janoza muddati e’lon qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti unvoniga ega Sherali Jo‘rayev 1947-yili Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ilgan.

Madaniyat vazirligi qaydicha, u 1971-yili Toshkent teatr va rassomchilik institutini tamomlaganidan so‘ng mehnat faoliyatini 1972-yilda “Shodlik” ashula va raqs ansamblida xonanda sifatida boshlagan.

1979-1986-yillar orasida Andijon viloyati filarmoniyasi xonandasi, 1986-1996-yillarda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi, 1996-2017-yillarda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonandasi, 2017-yildan shu kunga qadar esa “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi sifatida samarali ijod qilib kelgan.

Hofizning ko‘plab qo‘shiqlari hayotligidayoq o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining mumtoz namunasiga aylanib ulgurgan. ‘O‘zbegim”, “Birinchi muhabbatim”, “Avvalgilarga o‘xshamas”, “Onaginam”, “Izlangiz”, “Karvon”, “Sarbon”, “Asta-asta”, “Oshiq bo‘ldim”, “Ko‘rmisham”, “Atirgulim”, “Gulbadan”, “Parijon” va boshqa o‘nlab qo‘shiq shular jumlasidandir.

Qo‘shiqchilikda o‘z maktabiga asos solgani aytiladigan Sherali Jo‘rayevga 1981-yili “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, 1987-yili “O‘zbekiston xalq artisti” unvoni berilgan. 1991-yili Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan hofiz bir qancha orden va medal bilan ham taqdirlangan.

Sherali Jo‘rayev nafaqat bastakor, balki qo‘shiqchi shoir sifatida ham e’tirof etilgan. 1988-yilda uning “Bola dunyoni tebratar” kitobi chop etilgan. 1989-yilda “Sherali va Oybarchin” filmi ssenariysiga mualliflik san’atkor unda bosh rolni ham ijro etgan.

O‘zbekistonga qo‘shni mamlakatlarda ham yaxshi tanilgan va sevilgan Sherali Jo‘rayevga 2018-yilda rasmiy Dushanbe “Tojikiston xalq artisti” unvonini bergan.

Sherali Jo‘rayev 1990-94-yillar mobaynida O‘zbekiston Oliy kengashi (parlament) deputati bo‘lgan. Islom Karimov prezidentligi davri bo‘lmish 1995-2016-yillarda unga nisbatan norasmiy taqiq joriy etilgan.

2016-yil sentabrida – Karimov vafotidan keyin taqiq olib tashlanganiga oid xabar ortidan 2017-yil yanvarida hofiz yana katta sahnaga qaytgan edi.

2017-yil avgustida Sherali Jo‘rayev yangi tashkil etilgan "Vatandoshlar" jamoat fondi raisi etib tayinlangan. Vazifasi dunyoning turli joylarida istiqomat qiladigan o‘zbeklarni birlashtirish ekani aytilgan bu tashkilotga el sevgan hofizning rahbar etib tayinlanishiga o‘sha paytda ramziy ma’no yuklangan edi.

XS
SM
MD
LG