Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:37

Xitoy modeli: Pekin o‘z siyosiy tizimini boshqa davlatlarga eksport qilmoqda - hisobot


Xitoy hukumatining 1000 dan ortiq o‘rganilmagan hujjatlari tahliliga asoslangan yangi hisobotga ko‘ra, Pekin o‘zining avtoritar siyosiy modelini maxsus ta’lim va almashinuv dasturlari orqali Global Janub, Sharqiy Yevropa hamda Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilmoqda.

Pekin o‘zining avtoritar tizimini chet elga faol eksport qilayotgani borasida bahslar o‘nlab yillardan beri davom etmoqda, biroq ilgari o‘rganilmagan hukumat hujjatlari asosida tayyorlangan yangi hisobot Xitoy o‘z modelini boshqa davlatlarga tarqatishga qanday urinayotganini ko‘rsatadi.

Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazi tomonidan 13-iyun kuni chop etilgan yangi hisobot Xitoy Savdo vazirligi 2021 va 2022-yillarda onlayn nashr etgan 1691 ta faylga asoslangan. Ushbu hujjatlarda Sharqiy Yevropa, shuningdek, Global Janub deb ataladigan davlatlar – Lotin Amerikasi, Afrika va Osiyo davlatlarida Xitoy iqtisodiy va siyosiy modelini targ‘ib qilish uchun xorijiy rasmiylar bilan o‘qitish va almashinuvdan iborat 795 ta davlat dasturi bayon qilingan.

“Bu ekspertlar orasida tobora keng tarqalgan fikrni tasdiqlovchi haqiqiy dalil”, deydi hisobot muallifi va «Atlantika kengashi»ning Global Xitoy markazi xodimi Niva Yau «Ozodlik» radiosiga bergan izohida. "Endi biz Xitoyning o‘z so‘zlariga tayanib, uning nima qilmoqchi ekanligini ko‘rsatishimiz mumkin."

Xitoy rasmiylari Pekin o‘zining avtoritar boshqaruv tizimini eksport qilmayotganini bir necha bor ta’kidlagan, biroq hisobotdagi hukumat hujjatlari to‘plami Xitoy o‘z modeli fazilatlarini butun dunyo bo‘ylab amaldorlarga sotishga urinayotgani haqida ko‘plab dalillarga yana qo‘shimcha bo‘ldi.

Xitoy modeli

Xitoy Kommunistik partiyasi (XKP) 70 yildan ortiq vaqt davomida mamlakatda eksklyuziv hokimiyatga ega. U so‘nggi o‘n yilliklarda bir partiyaviy avtoritar siyosiy boshqaruv va davlat kapitalizmiga asoslangan modeldan foydalangan holda iqtisodiy o‘sishga erishdi.

Tahlilchilar fikricha, dunyoning boshqa joylarida o‘z tizimini targ‘ib qilish orqali Pekin global institutlarni qayta tashkillashtib, G‘arbning Xitoyga qarshi iqtisodiy sanksiyalari, uning hududiy da’volari yoki inson huquqlari ahvolini tanqid qilish bilan yakkalab qo‘yishga urinishiga qarshi turishga yordam beradigan do‘st avtoritar siyosiy blokni yaratmoqchi.

Hisobotdagi ko‘plab hujjatlarda savdo bilan bog‘liq sohalardagi ta’lim dasturlari bayon etilgan, masalan, portni boshqarish bo‘yicha yo‘riqnomalar, Xitoyning AQSHda qurilgan Global Navigatsiya Sun’iy yo‘ldosh tizimiga qarshi yo‘lga qo‘ygan BeiDou dasturini amalga oshirish, blokcheyn va boshqa sohalar.

Biroq, tahlil qilish uchun to‘plangan fayllar odatda Savdo vazirligi vakolatiga kirmaydigan boshqa sohalarga tegishli. Ba’zi hujjatlar mahalliy tahlil markazlari Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» loyihasini amalga oshirishga qanday yordam berishi, etnik ozchiliklarni qanday qilib integratsiyalash, OAVning yangi shakllarni boshqarish kabi dasturlar orqali Xitoy hukumati siyosatini ilgari surishiga qaratilgan almashinuv dasturlarini bayon qilgan. Shuningdek, xorijiy prezidentlar maslahatchilari uchun Xitoy boshqaruvi amaliyoti bo‘yicha treninglar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan.

Dasturlarning o‘zi ikki tomonlama kelishuvlar yoki Xitoy yetakchiligidagi ko‘p tomonlama mintaqaviy tashkilotlar orqali yaratilgan bo‘lib, ular muayyan geografik mintaqalar va bir tilda so‘zlashuvchi davlatlar guruhlariga mo‘ljallangan.

Хитой ва “камбағалликка қарши кураш“. “Катта оға” тажрибаси ва Ўзбекистон
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:58 0:00

Masalan, ko‘plab hujjatlarda “rus tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarning” mahalliy hokimiyat rahbarlari, universitet rektorlari va siyosiy maslahatchilar uchun o‘quv kurslari tasvirlangan bo‘lsa, boshqa dasturlar Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar – Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston rasmiylari uchun maxsus mo‘ljallangan.

Yauning aytishicha, bu dasturlar Xitoyning so‘nggi o‘ttiz yillikda erishgan jadal iqtisodiy taraqqiyoti avtoritar yondashuvning bevosita natijasi ekanligini Global Janubdagi mamlakatlarga yetkazish uchun mo‘ljallangan.

“Ushbu hujjatlar Xitoy nafaqat o‘zining iqtisodiy muvaffaqiyatini ta’minlagan amaliy nou-xauni eksport qilayotganini, balki bu muvaffaqiyat to‘g‘ridan to‘g‘ri [Xitoy Kommunistik] partiyasining boshqaruv usullari tufayli ekani haqidagi g‘oyani tarqatayotganini ko‘rsatadi”, deydi ekspert.

"Razvedka ma’lumotlari to‘plash" va boshqalar

Yau hujjatlashtirgan fayllarda milliy OAVni tartibga solish, internetdagi ma’lumotlar oqimini nazorat qilish kabi masalalarga nodemokratik yondashuvlar dangal ma’qullangan.

Yau hisobotidagi yana bir jihat shundaki, ko‘plab dasturlar, ayniqsa hukumat amaldorlariga qaratilganlari, "har bir ishtirokchidan u va boshqa xorijiy davlatlar o‘rtasidagi ilgarigi almashinuvlar va o‘zaro aloqalar haqida batafsil ma’lumot berishni" talab qilish orqali "razvedka ma’lumotlari to‘planadi".

Yauning ta’kidlashicha, ushbu dastur talablari bir nechta maqsadlarga xizmat qiladi, xususan, xorijiy hukumat amaldorlari to‘g‘risida ma’lumot bilan ta’minlaydi. Biroq, deya qo‘shimcha qiladi Yau, bu har bir mansabdorning almashinuvda ilgari surilayotgan qarashlar va siyosatlarga ochiqligini o‘lchash usuli bo‘lishi ham mumkin.

"Bu [Xitoy tomoniga] o‘sha shaxs Xitoy va uning davlati o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun vositachi bo‘la oladimi yoki yo‘qligini hal qilish imkonini berishi mumkin", deydi tahlilchi.

Xorijiy hukumatlar bilan ishlash va ularni tayyorlash bo‘yicha Xitoy dasturlari o‘nlab yillar davomida XKP Markaziy Qo‘mitasi qoshidagi agentlik bo‘lgan Xalqaro aloqalar bo‘limi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, uning asosiy vazifasi partiyalararo diplomatiyadir.

Biroq, ushbu bo‘limga an’anaviy ravishda bir partiyaviy boshqaruv yoki shunga o‘xshash kommunistik tuzilmalarga ega davlatlar bilan aloqa qilish vazifasi yuklangan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda u siyosiy partiyalar yo‘nalishidan qat’i nazar, dasturlar va almashinuvlarni o‘tkazishni kengaytirdi va yaqinda shu kabi mamlakatlarning, jumladan, Qozog‘iston va Serbiyaning yuqori lavozimli amaldorlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, Xitoy hukumatining boshqa bo‘limlari ham xuddi shunday almashuvlarni o‘tkaza boshlagan. Yau tadqiqotiga ko‘ra, Xitoyning Savdo vazirligidan tashqari kamida 10 ta vazirlik va idoralari so‘nggi uch yilda xorijiy davlat amaldorlari uchun ta’lim dasturlarini o‘tkazgan.

Yauning aytishicha, yangi ko‘rib chiqilgan hujjatlar va boshqa dalillarni hisobga olsak, Pekin o‘z siyosiy modelini xorijga eksport qilishga urinayotgani aniq. Uning aytishicha, bu sa’y-harakatlarning butun dunyo bo‘ylab ta’siri qandayligi aniq emas.

"Ushbu hujjatlarda biz Pekin erishmoqchi bo‘lgan maqsadlarni ko‘rishimiz mumkin", deydi Yau. "Ta’sir haqida gapirishga hali erta bo‘lishi mumkin, ammo bu dasturlar 2010-yillarning oxiridan beri sezilarli darajada kengayib, butun dunyo bo‘ylab minglab rasmiylarni qamrab oldi."

XS
SM
MD
LG