Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:17

Xitoy o‘z fazo stansiyasining ilk modulini orbitaga chiqardi


Payshanba kuni Xitoy o‘zining Tyangun – “Samoviy saroy” kosmik stansiyasining birinchi modulini orbitaga uchirdi. Fazoda doimiy yashash joyini yaratishga bel bog‘lagan Pekin uchun bu katta yutuq bo‘ldi.

Xitoy AQSh, Rossiya va Yevropaning izidan yurib fazoni o‘zlashtirishga milliardlab dollar sarflamoqda.

Muhim asbob-uskunalar va astronavtlarning yashash joyini o‘z ichiga olgan Tyanxe moduli payshanba kuni Xitoyning Xaynan provintsiyasidagi Venchan shahridan Long-March 5B raketasida uchirildi.

Xitoy Prezidenti Si Szinpin fazo stansiyasini “buyuk ilm-fan va texnologiyalar davlatini barpo etishdagi” muhim qadam deb atadi.

Tyangun fazo stansiyasi qolgan modullarni yuborish va ularni to‘plash yo‘lida rejalashtirilgan 11 ta missiya ortidan 2022 yilda to‘liq ishga tushishi kutilmoqda.

Xitoy davlat telekanali raketa parvozining jonli kadrlarini efirga uzatdi. Hodisani tomosha qilish uchun ko‘plab odam kosmodrom yaqinida to‘plandi.

Stansiya qurib bitirilganidan keyin SSSRning 1980 - yillardan 2001 - yilgacha Yer atrofida aylanib yurgan “Mir” stansiyasiga o‘xshash bo‘ladi.

Xitoy kosmik stansiyasi taxminan 15 yil davomida Yerdan 400 – 450 kilometr masofada aylanishi kutilmoqda.

Og‘irligi 90 tonnadan sal ko‘proq bo‘lgan stansiya Xalqaro fazo stansiyasining to‘rtdan bir qismiga teng bo‘ladi.

Xitoy astronavtika jamiyati ma’lumotlariga ko‘ra, stansiyada ilmiy tadqiqotlar uchun yana ikkita modul bo‘ladi. Stansiya quyosh panellari, shuningdek, ultrasovuq atom tajribasi apparati kabi eksperimental uskunalar bilan jihozlanadi.

Asosiy modulda uch nafar fazogir uchun 50 kubometr yashash maydoni bo‘ladi. Modul zamonaviy telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, fazogirlar bemalol internet saytlarini ochib ko‘rishi mumkin.

Xitoy o‘z fazo stansiyasi prototipi bo‘lmish Tyangun-1 laboratoriyasini 2011 - yil sentabr oyida orbitaga chiqargan edi.

Laboratoriya ishini to‘xtatgandan ikki yil o‘tib, ya’ni 2018 - yilda Yer atmosferasiga qayta kirish paytida parchalanib ketdi.

Tyangun-2 laboratoriyasi 2016 - yilda orbitaga chiqarildi.

AQSh, Rossiya, Kanada, Yevropa va Yaponiya hamkorligida yo‘lga qo‘yilgan Xalqaro fazo stantsiyasi faoliyati 2024 - yildan keyin tugatilishi kutilmoqda. Ammo NASA stansiya 2028 - yildan keyin ham o‘z faoliyatini davom ettirishi mumkinligini bildirgan.

2000 - yilda birinchi fazogirlarni qabul qilgan Xalqaro fazo stansiyasi faoliyati to‘xtatilsa, Xitoyning Tyangun stansiyasi Yer orbitasidagi yagona fazo stansiyaga aylanishi mumkin.

Pekin o‘z kosmik stantsiyasini Xalqaro fazo stansiyasi kabi xalqaro hamkorlik uchun ishlatishni rejalashtirmagan. Shunday bo‘lsa-da, Xitoy fazo idoralari xorijiy hamkorlikka ochiq ekanliklarini ma’lum qilishgan.

Yevropa fazo agentligi Xitoyga o‘z fazogirlarini malaka oshirish uchun yuborgan. Ular stansiya ishga tushirilgandan so‘ng, xitoylik hamkasblari safiga qo‘shilishi mumkin.

Xitoy mart oyida Rossiya bilan alohida Oy fazo stansiyasini qurishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan edi.

XS
SM
MD
LG