Tojikiston Transport vazirligi va Xitoy Zhejiang Communications Construction Group Co. Ltd shirkatining Tojikistondagi shu’basi Markaziy Osiyoda eng uzun avtomobil ko‘prigi qurilishi to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnomani imzolashdi.
Tojikiston Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati taqriban 60 million dollarni tashkil etadi.
“Ko‘prik zamonaviy yo‘l qurilishi me’yorlarini e’tiborga olgan holda, tajribali mahalliy va xorijlik mutaxassislar ishtirokida qurilishi hamda 4 yil mobaynida foydalanishga topshirilishi lozim”, deyilgan vazirlik xabarnomasida.
Ayni paytda transport vaziri Azim Ibrohim “obyekt qurilishi avvalroq ham yakunlanishi mumkin”ligini qayd etgan.
Loyihaga ko‘ra, uzunligi 920 metr bo‘lgan ko‘prik (kirish yo‘llari bilan uning uzunligi 1,5 kilometrni tashkil etadi) Nurobod tumanidagi Suhrob daryosi ustida barpo etiladi.
Zhejiang Communications Construction Group Co. Ltd shirkatining Tojikistondagi shu’basi vakili Li Minkun shirkat Tojikistonda bir necha yildan buyon faoliyat olib borayotgani hamda yo‘llar va ko‘priklar qurilishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda katta tajribaga egaligini aytgan.
Zhejiang Communications Construction Group Co. Ltd transport infratuzilmasi obyektlari qurilishiga ixtisoslashgan Xitoy davlat korporatsiyasidir. U dunyoning 139 ta mamlakatida o‘z shu’balariga ega bo‘lib, dunyodagi eng uzun ko‘priklarni loyihalashtirish va qurish, turarjoy va tijorat majmualarini barpo qilish, avtoyo‘llar qurish doxil XXR va boshqa mamlakatlarda ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshirgan. Shirkat dunyodagi eng uzun dengiz ko‘prigi bo‘lmish Xanchjou Beyni (36 km) va Antverpen bandargohi (Belgiya) uchun dunyodagi eng katta shlyuz darvozalarini qurgan.