Линклар

Шошилинч хабар
15 январ 2025, Тошкент вақти: 21:19

"Xitoyning harakatlari shubha uyg‘otmoqda." Metapnevmovirus pandemiyasi sodir bo‘lishi mumkinmi?


Xachjou, Xitoy, 2025-yil, yanvar.
Xachjou, Xitoy, 2025-yil, yanvar.

Xitoyda dekabr oyi oxiri - yanvar oyi boshida nafas yo‘llari infeksiyalari bilan kasallanish keskin ko‘paydi, shifoxonalar to‘lib ketdi, deb xabar berdi The Independent gazetasi. Xitoy kasalliklar nazorati va profilaktikasi boshqarmasi gripp va rinovirusdan tashqari, odam metapnevmovirusi tarqalayotganini ma’lum qildi. Eng ko‘p bemorlar Xitoyning shimoliy viloyatlarida aniqlangan. Shu bilan birga, Rossiya ommaviy axborot vositalari metapnevmovirus tarqalishi fonida rossiyalik sayyohlar Hindiston va Xitoy kurortlarida kasallanish ko‘payishidan shikoyat qilayotgani haqida xabar bermoqda.

Tayvanning Money UDN nashri yozishicha, metapnevmovirusdan o‘lim darajasi 43 foizgacha yetishi mumkin. U ayniqsa yosh bolalar, immuniteti zaif kishilar va keksalar uchun xavfli. O‘ziga xos davolash usullari va vaksinalar mavjud emas, kasallik oddiy O‘RVI kabi kechadi va pnevmoniya bilan asoratlanishi mumkin.

"Inson metapnevmovirusi (IMPV) fanga uzoq vaqtdan beri ma’lum, u 2001-yilda tavsiflangan, ammo muzlatilgan qon namunalaridagi antitanalar tahliliga ko‘ra, u o‘nlab yillar oldin ham odamlar orasida aylanib yurgan, – dedi Sibir.Realii nashriga AQSHning Massachusets shtatida yashovchi molekular biolog Olga Matveyeva. – Ya’ni bu virus insoniyatga tanish."

COVID-19 билан кечган йил: Ўзбекистон коронавирусни енгдими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:39 0:00

Shuni ta’kidlash kerakki, odam metapnevmovirusi aholining ayrim guruhlari uchun ma’lum xavf tug‘diradi. Bularga astma kabi surunkali o‘pka kasalliklari bor odamlar, immuniteti zaif kishilar (masalan, kimyoterapiya olayotgan, organ ko‘chirib o‘tkazilgan yoki OIV bilan kasallangan bemorlar), immuniteti yosh tufayli pasaygan keksalar, shuningdek, immun tizimi hali yetarli rivojlanmagan besh yoshdan kichik bolalar kiradi. Ularda metapnevmovirus bronxiolit va pnevmoniya kabi jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin, aksariyat sog‘lom odamlarda esa infeksiya yengil nafas yo‘llari alomatlari bilan kechadi. Biroq, umuman olganda, odam metapnevmovirusining xavfi gripp yoki respirator-sinsitial virusga nisbatan ancha past deb baholangan. Shunga qaramay, "og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichar" deganlaridek – koronavirus pandemiyasidan so‘ng virusli infeksiya tarqalishi bilan bog‘liq xavotir osongina vahimaga aylanishi mumkin. Bu vaziyatga xitoyliklar go‘yo olovga moy quyayotgandek ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xitoydan tashqarida ushbu mamlakatdan kelgan ko‘plab muhojirlar bor bo‘lib, ular mavjud tuzumga tanqidiy munosabatda, bunga asoslari ham bor. Bu odamlar ijtimoiy tarmoqlarda shifoxonalarning qabulxonalari, ayniqsa bolalar qabulxonalari, hatto krematoriylarning gavjumligini ko‘rsatuvchi suratlarni faol tarqatmoqda. Albatta, bunday suratlar xavotir uyg‘otadi. Chunki virusning o‘zgarib, yanada yuqumli va xavfli bo‘lib qolganiga ozgina bo‘lsa-da, ehtimol mavjud. Bunday bo‘lishi mumkin, garchi ehtimoli juda kam. Qo‘rquvlarga yana Xitoy hokimiyatining ko‘pincha "shaffof emasligi" haqidagi hikoya ham qo‘shilmoqda, deydi Olga Matveyeva.

2016-yilgacha odam metapnevmovirusi paramiksoviruslar (Paramixoviridae) oilasining Pneumovirinae kenja oilasiga kiritilgan, 2016-yil oxirida esa pnevmoviruslar alohida Pneumoviridae oilasiga ajratildi. 2016-yilda Xalqaro Viruslar Taksonomiyasi Qo‘mitasi (XVTQ) qarori bilan odam metapnevmovirusi Pneumoviridae oilasining Metapneumovirus turkumiga kiritildi. Bu turkumga, shuningdek, kurka metapnevmovirusi (Avian metapneumovirus, aMPV) ham kiradi.

- Bu virus birinchi marta aniqlangan 2001-yildan beri u sabab bo‘lgan birorta epidemiya holati bo‘lmaganmi? Yoki shunday holatlar bo‘lgan-u, koronavirus davrigacha ularga hozirgidek jiddiy qaralmagan bo‘lishi mumkinmi? Bundan tashqari kurka metapnevmovirusi ham shu turkumga kiradi. Bundan tashqari, bu oilaga odamning respirator-sinsitial virusi ham kiradi.

- Mavsumiy tarqalishlar bo‘lgan, ammo virus katta xavf tug‘dirmagan. Shuning uchun unga hozirga qadar vaksina ishlab chiqarilmagan. Ushbu virusning patogenlik darajasi bo‘yicha xavfi past bo‘lgan boshqa gripp virusi yoki RSV virusi bilan qiyoslanishi mumkin.

«Patogenlik» – kasallikning og‘irligi va asoratlarni keltirib chiqarish qobiliyati va "yuqumlilik" ikki omil bo‘lib, ular bir-biridan mutlaqo alohida bo‘lishi yoki birgalikda namoyon bo‘lishi mumkin. Eng yomon ssenariyda, bu virus evolyutsiyalashib, uning ham patogenligi, ham yuqumliligi ortgan bo‘lishi mumkin. Lekin biz buni aniq bilmaymiz. Agar u o‘tmishda jiddiy xavf tug‘dirgan bo‘lsa, unga qarshi vaksina ishlab chiqish yoki samarali antivirus dori topish uchun katta kuch sarflangan bo‘lardi.

Bu virusning salbiy xususiyati shundaki, u uzoq davom etmaydigan immunitetni hosil qiladi. Biroq, unga qarshi immunitet mavjud va aytishlaricha, 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar bu virus keltirib chiqaradigan infeksiyalarni boshdan kechirgach, keyinchalik u sabab bo‘lgan kasallikni yengilroq o‘tkazadi.

Metapnevmovirus belgilari boshqa nafas yo‘llari infeksiyalarinikiga o‘xshaydi: u yuqori va quyi nafas yo‘llariga ta’sir qilib, yo‘tal, isitma, aksirish kabi alomatlarni keltirib chiqaradi. Umuman olganda, oddiy belgilar. Ammo Xitoyda nima bo‘layotganini aniq bilmaymiz. Balki patogenlik kuchaygandir yoki yanada o‘ziga xos belgilar paydo bo‘lgandir.

Jahon ilmiy hamjamiyati va JSST Xitoydan norozi bo‘lib, sizlar bizga hamma narsani aytib bermayapsizlar, deb ta’kidlashmoqda. Xitoy esa, yo‘q-yo‘q, biz sizlarga hamma narsani aytib beryapmiz, deb javob bermoqda. Biroq, odamlar COVID-19 pandemiyasini boshdan kechirgani sababli, Xitoyning xatti-harakatlari shubha uyg‘otmoqda.

– Tayvandagi bir nashr virusdan o‘lim darajasi 43 foizga yetishi mumkinligini yozgan...

– Buning ehtimoli juda past. Xitoy yopiq bo‘lgani uchun men buni mutlaqo rad etolmayman, lekin 99,9 foiz ishonch bilan ayta olamanki, bu shunchaki mish-mish. Klikbeyt degan tushuncha bor.

Kuzatishlaringizga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda bu mavzuda gap-so‘zlar bormi? Qandaydir tashvish sezilmoqdami?

– Nufuzli ommaviy axborot vositalari taxminan biz hozir muhokama qilayotgan mazmundagi maqolalar e’lon qilishdi. Ya’ni, xavotirlanish uchun ma’lum asoslar bor, chunki biz Xitoy hukumati bizga hamma narsani va o‘z vaqtida xabar bermayotgan bo‘lishi mumkin deb o‘ylaymiz. Ba’zi suratlar kasalxonalarning to‘lib ketganini ko‘rsatmoqda, ammo shu bilan birga, bu virus yaxshi o‘rganilgan va yilning sovuq faslida odatiy mavsumiy kasallanishlarni keltirib chiqaradi. Vahimaga tushish uchun asoslar ko‘proq emas.

– Yangi yil arafasida OAV Donald Tramp Qo‘shma Shtatlarni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqarish haqida yozdi. Agar yangi pandemiya yuz bersa, bu vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

– Albatta, bu ta’sir qiladi, lekin fikrimcha, Amerika avvalgidek vaksinalar ishlab chiqarishni va ularni butun dunyoga sotishni yoki hatto ba’zi mamlakatlarga bepul berishni davom ettiradi. Umid qilamanki, bu amaliyot saqlanib qoladi, chunki bir tomondan, Tramp - tadbirkor, va bu ham biznesning bir qismi hisoblanadi. Axir, aynan Tramp davrida koronavirusga qarshi samarali vaksinalar ishlab chiqilgan edi. Bundan tashqari, uning prezidentligi davrida davlat organlari tomonidan vaksinalar ma’qullangan va emlash boshlangan. Tramp yirik farmatsevtika kompaniyalarining fikrlariga juda e’tibor beradi. Boshqa tomondan, u ko‘pincha ilm-fanni tan olmaydigan, konspirolog va aksil-vaksinachi deb ataladigan kichik Kennedini Amerika sog‘liqni saqlash tizimi rahbari etib tayinlashni xohlaydi. Uning tasdiqlanish imkoniyati bor, ilmiy xodimlar va sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari esa bundan dahshatga tushmoqda.

- Koronavirus bo‘yicha hayajonlar pasaygandan beri ancha vaqt o‘tdi. Biroq metapnevmovirus tarqalishi haqidagi xabar paydo bo‘lishi bilanoq, Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida bu yana bir fitna, farmatsevtika kompaniyalari biznesi va vaksinalar zahar ekanligi haqida ko‘plab izohlar paydo bo‘ldi. Pandemiyadan bir necha yil o‘tgach, ilmiy hamjamiyatda emlash natijalari haqidagi fikr qanday? Amerikaliklar bu haqda qanday o‘ylashadi?

– Bizda ham vaksinaga qarshi harakat juda kuchli. "Facebook", "Twitter" va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda vaksinaga qarshilar juda baland ovozda gapiradi va Kennedining sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlanishi mumkinligidan g‘oyat xursand. Ammo ilmiy dunyo qat’iy, unda emlash millionlab odamlarni qutqargani haqida yagona fikr mavjud. Hatto mening kichik tadqiqotim xulosasi ham bu fikrni tasdiqladi, chunki biz hamkasblarim bilan Yevropa mamlakatlari, jumladan, Rossiya va AQSH bo‘yicha statistikani tahlil qildik. Biz mamlakat odamlarni qanchalik tez emlaganini, aytaylik, 2021-yil oktyabrgacha aholining qancha qismini emlashga erishganini va bu mamlakatdagi ortiqcha o‘lim bilan qanday bog‘liqligini o‘rgandik. Natijada juda kuchli bog‘liqlik aniqlandi: emlash qanchalik tez va ko‘p bo‘lsa, o‘lim shunchalik kam bo‘ldi, farq esa deyarli o‘n baravarga yetishi mumkin edi. Rossiya nisbatan kam va sekin emlangan mamlakatlar qatoriga kiradi va pandemiya davrida mamlakatda ortiqcha o‘lim deyarli bir foizni tashkil etdi. Bu juda yuqori ko‘rsatkich. Aholini juda tez emlay olgan ba’zi G‘arb mamlakatlarida, masalan, Norvegiya va Daniyada bu ko‘rsatkich atigi 0,1 foiz, ya’ni 10 baravar kam.

Gap ba’zi mamlakatlar boyroq, boshqalari kambag‘alroq ekanligida emas. Biz YIMni tahlil qildik va bu ko‘rsatkich ortiqcha o‘lim bilan bog‘liq ekanini, ammo emlash tezligiga qaraganda kuchliroq emasligini aniqladik. Keyin biz AQSH shtatlari bo‘yicha xuddi shunday ishni amalga oshirdik va natija xuddi shunday edi.

Umuman olganda, agar AQSH G‘arbiy Yevropaning ba’zi davlatlari kabi tezda emlanganda, 300 000 kishining hayoti saqlab qolingan bo‘lardi, deb hisobladik. Bu ortiqcha o‘limlar soni AQSH Vetnam urushida yo‘qotgan sondan ko‘proqdir.

Rossiyada biz yana bir tadqiqot o‘tkazdik. Moskva sog‘liqni saqlash boshqarmasi 2021-yilning iyun-iyuliga qadar qancha odam emlangani haqidagi barcha ma’lumotlarni bizga yashirincha taqdim etdi – bu Rossiyadagi eng kuchli delta epidemiyasi edi. Biz 300 ming moskvalikning ma’lumotlarini tahlil qila oldik: odamlar qaysi vaksina bilan emlangani va emlanmaganlar orasida qancha odam vafot etgani. "Sputnik" o‘limdan juda yaxshi himoya qilganini aniqladik. Agar odamlar "Sputnik" bilan emlangan bo‘lsa, o‘rtacha 5 baravar kamroq o‘lgan, "EpiVakKorona" esa – bu soxta vaksina – buning aksi bo‘lgan. Aftidan, odamlar u bilan emlanib, o‘zlarini himoyalangan deb o‘ylashgan va shuning uchun ko‘proq yurishgan, ko‘proq zararlanishgan va ko‘proq vafot etgan.

– Koronavirusga qarshi vaksinalarning keyingi nojo‘ya ta’siri bo‘yicha yangi tadqiqotlar bormi?

– Maqolalar bor: mualliflar vaksinadan va koviddan, xususan, tromboz, infarktdan nimalar sodir bo‘lishi mumkinligini taqqoslashgan. Vaksinalardan uzoq muddatli nojo‘ya ta’sirlar deyarli ko‘rinmaydi. Ammo kovid ta’siri juda katta. Ya’ni, odam kovid bilan kasallangan - bir necha oydan keyin u infarkt yoki insultga uchraydi. Biroq odamlar endi bularni bir-biri bilan bog‘lamaydi. Tadqiqotchilar xulosalarini umumlashtirsak, birinchi to‘lqinlar kovidi (omikron shtammigacha) insult va infarkt ehtimolini kasallikdan keyin uch yil ichida ikki baravar oshiradi.

Amerikada yaxshi ma’lumotlar bazasi juda ko‘p, u yerda odam shifokorga murojaat qilgan bo‘lsa, kasallik kabi biror hodisadan keyin uzoq vaqt davomida nima sodir bo‘lganini kuzatish mumkin. Albatta, vaksina jiddiy asoratlarga olib kelishi mumkinligi isbotlangan, lekin bu asoratlar kovidning o‘zidan kelib chiqadigan asoratlarga qaraganda ancha kam. Shuning uchun biz emlash juda ko‘p odamlar hayotini saqlab qolganini aniq bilamiz va buni yodda tutishimiz kerak.

Tibbiyot fanlari doktori, virusolog Mixail Favorovning fikricha, metapnevmovirus Covid-19 kabi pandemiyani keltirib chiqara olmaydi.

COVID 19: Пандемиянинг иқтисодий таъсири, бепул вакцина, вирус қачон йўқолиши ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:55 0:00

Gripp, paragripp, adenovirus singari 2001-yilda gollandiyalik olimlar metapnevmovirus deb nomlangan virusni ajratib olishdi. U tabiatan respirator-sinsitial virusga yaqin turadi. Ular turli bemorlardan olingan nafas yo‘llari ajralmalarini ma’lum usullar bilan o‘rganib, gripp, boshqa viruslar va yana qandaydir nuklein kislota, ya’ni RNK borligini aniqladilar. Keyin ular bu RNKni passajlash orqali ko‘paytirib, unga mos praymerlarni PZR usuli bilan shu nomdagi virusni topishdi.

Biroq, virus unchalik og‘ir bo‘lmagani sababli, u ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarmaydi, shu bois bu kashfiyot qo‘shimcha tadqiqotlarsiz qolib ketgan edi. Ammo butun dunyo jamoatchiligini qattiq sarosimaga solgan kovid paydo bo‘ldi. Kovid pandemiyasi oqibatida 20 milliondan ortiq kishi vafot etdi. Shu davrda nafas yo‘llari kasalliklarida viruslarni aniqlash bo‘yicha bir qator usullar ishlab chiqildi. Kovid tugagach, bu usullarni qanday qo‘llash mumkinligini o‘rgana boshladik. Xitoyda kovidni tashxislash keng yo‘lga qo‘yilgan edi. Shunga muvofiq, ularda boshqa diagnostik vositalarni ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjud.

Ilgari metapnevmovirusni aniqlash usuli yo‘q edi. Uni 24 yil o‘rtalarida ishlab chiqib, bozorga chiqarganda, juda ko‘p ijobiy natijali bemorlar aniqlandi. Ammo virus mavsumi davomida qancha bemor bo‘lishi haqida hech kimda ma’lumot yo‘q edi. Natijada olingan ma’lumotlar bizda yangi epidemiya boshlanayotgani haqida shov-shuvli taassurot uyg‘otdi. Aslida, fikrimcha, bu epidemiya emas, balki birinchi marta aniqlangan virus bo‘lib, u hozirgacha ma’lum bo‘lgan barcha o‘tkir respirator kasalliklar, viruslarning yarmidan kamrog‘ini tashkil etadi.

Tabiiyki, hozirgi davrda obyektiv haqiqat haqida ma’lumotga ega bo‘lish juda mushkul. Shu bois internetda shifoxonalar to‘lib ketgani, men u yerga xolamni olib borganimda, uni qabul qilmaganlari va shunga o‘xshash xabarlar paydo bo‘ldi. Ammo, tabiiyki, ushbu virus ko‘p miqdorda aniqlangan Xitoy hududlari hukumatlari bunday emasligini ta’kidlashmoqda. Biroq ular kovid davrida ham shunday deyishgan edi. Shuning uchun u yerdagi epidemiyaning miqyosi haqidagi masala ochiq qolmoqda.

Biz mavsumning eng qizg‘in pallasida bo‘lganimiz sababli, agar buni avgust oyi bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, tabiiyki, bu yerda kasallik 10 baravar ko‘payganga o‘xshaydi. Bu virus mutatsiyaga uchrab, pandemiyaga sabab bo‘lishi mumkinmi? Yo‘q. Chunki virus eski. Kovid bilan sodir bo‘lgan barcha hodisalar virusning turlararo o‘tish davrida yangi viruslar bilan sodir bo‘ladi, bu holatda sichqonlardan. Odamlarga o‘tish xitoylik olimlarning faol ishtiroki bilan yuz berdi. Ularning aralashuvisiz, menimcha, hech qanday kovid bo‘lmas edi. Virus bilan ko‘plab tajribalar o‘tkazildi va qo‘llanilgan biohimoya buzildi. Natijada, institutdan bir yarim kilometr uzoqlikdagi bozorga o‘zlari yoki xotinlari borgan xodimlar ham kasallikka chalingan. Shunday qilib, virusni tarqatishning birinchi qadami qo‘yildi.

Hozirgi holatda virus yangi emas. U qachon va kimdan odamlarga o‘tganini bilmaymiz. Chunki barcha viruslar qachonlardir hayvonlar virusi bo‘lgan. U 2001-yilda, 25 yil oldin kashf etilgan, kovid bilan sodir bo‘lgan barcha o‘zgarishlar, hayvondan odamga o‘tish paytida yuz beradigan ommaviy mutatsiyalarni virus allaqachon boshidan o‘tkazgan. U 25 yildan beri aylanmoqda. Virusdan himoyalanmagan barcha odamlar, aytaylik, kovid paytidagidek alohida ta’sirchan bo‘lganlar guruhi, allaqachon vafot etgan," deydi Mixail Favorov.

Shu bilan birga, dunyo ommaviy axborot vositalari yozayotgan Xitoy shimolidagi epidemiya haqida hamma ham xabardor emas.

"Men Xitoyning aynan shimolida, Xeylunszyan viloyatida yashayman va o‘qiyman, – deydi Matvey. – Ham rus, ham Xitoy OAVlarini o‘qiyman, shuningdek, Xitoy TikTok'ini kuzataman. Metapnevmovirus tarqalishi haqidagi xabarlarni faqat Rossiyaning Telegram yangiliklar kanallarida ko‘rganman. Xitoy TikTok'i va ommaviy axborot vositalarida bu haqda hech narsa aytilmagan. Agar to‘satdan kasalliklarning mahalliy tarqalishi sodir bo‘lsa, o‘qituvchilar bu haqda xorijiy talabalar bilan suhbatda yozib, qanday choralar ko‘rish kerakligini aytishadi. Mening universitetim bu haqda hech qanday xabar bermadi, shuning uchun men xitoylik dugonamdan virus tarqalishi haqida biror narsa eshitgan-eshitmaganini so‘rashga qaror qildim. U eshitmaganini aytdi va hatto bu qanday virus ekanligini internetdan qidirdi. Ha, u haqiqatan ham mahalliy epidemiyalar borligi va bu virus bolalar, keksalar, immuniteti zaif odamlar uchun xavfli bo‘lishi mumkinligi haqidagi maqolalarni topdi. Xuddi grippga o‘xshaydi. Nashrlarda jamoat joylarida niqob taqish tavsiya etiladi. Agar bu epidemiologik xususiyatga ega bo‘lganda, hamma buni darhol bilib olgan bo‘lardi. Ya’ni, Covid-19 boshlanishida bo‘lgani kabi, muammoni yashirmasdilar. Shaxsiy kuzatuvlarimga ko‘ra, men hozir kasal bo‘lgan atigi ikkita odamni bilaman, lekin bu og‘ir kasallik emas. Hech qanday cheklov yo‘q, karantin ham".

Rossiyaning "Rospotrebnadzor" idorasi Xitoyda metapnevmovirus bilan kasallanganlar soni ko‘payishi munosabati bilan epidemiologik vaziyatni kuzatib bormoqda, deb xabar qildi idora matbuot xizmati. "O‘tkir respirator yuqumli kasalliklar mamlakat ichida faol tarqalmoqda, 14 va undan kichik yoshdagi bolalar orasida metapnevmovirus bilan kasallanish darajasi ortib bormoqda," deyiladi press-relizda.

XS
SM
MD
LG