Xorazm viloyati Yangiariq tumanida ota o‘z o‘g‘lini ov miltig‘i bilan otib o‘ldirdi. O‘zA xabariga ko‘ra, qotillik joriy yil 19-fevral kuni sodir etilgan.
Tumanning Yangiariq mahallasida yashagan 71 yoshli erkak avval 51 yoshli o‘g‘lini otib o‘ldirgan, keyin esa kelini va nevarasini og‘ir jarohatlagan.
Jinoyat ishi tergov-tezkor guruhi tomonidan fosh etilgani, gumonlanuvchi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingani bildirilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan qotillik jinoyati Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama etilgan.
Hokim ushbu jinoyatning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar dastlabki tergov va sud organlari tomonidan batafsil o‘rganilishi, jinoyatning oldini olishga mas’ul bo‘lgan shaxslar hamda qotillik sodir etilgan mahalla yettiligi faoliyatiga tanqidiy baho berilishini aytgan.
Oila boshlig‘ining farzandlari joniga qasd qilishi bilan bog‘liq jinoyatlar avval ham sodir etilgan.
2024-yil iyun oyida Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi erkak unashtirilgan yigitga turmushga chiqishni rad etgani sabab o‘z qizini o‘ldirgan.
2020-yil iyun oyida Namanganning Yangi Zamin mahallasida yashovchi 44 yoshli er xotini va voyaga yetmagani farzandini bolta bilan chopib o‘ldirgan.
2018-yilda esa andijonlik ota aliment vajidan 3 yoshli qizchasining joniga qasd qilgan edi.